Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2020, Тошкент вақти: 14:32

Senat hisobotlarida Rossiyaning 2016 yilgi AQSh sayloviga aralashgani aytildi


Rossiyaning "Internet tadqiqotlari agentligi" ("Trollar fabrikasi") Sankt-Peterburgdagi mana shu binoda joylashgani aytiladi.

AQSh Senati uchun tayyorlangan ikkita hisobotda Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari 2016 yilgi prezident saylovi kampaniyasi vaqtida AQSh saylovchilari fikriga ta’sir ko‘rsatish maqsadida keng qamrovli kampaniyani qanday o‘tkazgani bayon qilinadi.

17 dekabr kuni chop qilingan hisobotlardan birini Senatning Razvedka masalalari qo‘mitasi tayyorladi. U Kongressning prezident Donald Tramp g‘olib chiqqan saylovga Rossiya qanday qilib ta’sir o‘tkazishga uringanini tergov qilayotgan yetakchi qo‘mitalardan biri hisoblanadi.

Hisobotga tayyorgarlik vaqtida Tvitter bilan Feysbukdagi millionlab postlar, Yutubdagi videolar va Instagramdagi fotosuratlar va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa kontentlar tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuning uchun hisobotlar rossiyalik faollar noto‘g‘ri axborot tarqatish uchun yuksak texnologiya vositalaridan qanday foydalangani tahliliga bag‘ishlangan eng to‘liq hujjat hisoblanadi.

AQShning Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi 2017 yil yanvarida Moskva demokratlar nomzodi Hillari Klintonni emas, uning raqibi Trampni qo‘llab-quvvatlagan hamda saylovchilar kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatish uchun kompyuter hakerligi, shuningdek, targ‘ibot va ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan, degan xulosaga kelgan edi.

Hisobotlardan birida ruslarning "Internet tadqiqotlar agentligi" degan nom bilan Sankt-Peterburg shahrida faoliyat ko‘rsatgan kompaniyasi haqida batafsil ma’lumot keltiriladi. Ushbu kompaniya noto‘g‘ri axborot tarqatish, shubha uyg‘otish, Trampni ko‘proq qo‘llab-quvvatlash va Klintonni yomonotliq qilish uchun Feysbuk, Gugl va Tvitter singari ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan va buning uchun qalbaki kishi nomlaridan ish ko‘rgan.

Rossiyaning “trollar fabrikasi” degan nom bilan dovruq qozongan "Internet tadqiqotlar agentligi"ni Kremlga yaqin biznesmen Yevgeniy Prigojin mablag‘ bilan ta’minlab turgani qayta-qayta aytilmoqda.

Maxsus prokuror Robert Myuller fevralda u bilan yana 12 kishiga bank qallobligi, fitna va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash singari ayblar qo‘ygan edi.

Ikkinchi hisobotni Kolumbiya universiteti qoshidagi xavfsizlik masalalarini tadqiq qiluvchi “New Knowledge” kompaniyasi va “Canfield Research” tashkiloti tadqiqotchilari tayyorladi. Ular Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari demokratlarga moyil bo‘lgan afro-amerikaliklar yoki kamsonli etnik guruhlarga mansub kishilarni qanday nishonga olganini, ular orasida AQShning saylov tizimiga nisbatan shubha uyg‘otishga va saylovga borish vaqti singari narsalar haqida noto‘g‘ri axborot tarqatishga uringanini o‘rganib chiqdi.

"Internet tadqiqotlar agentligi" “qoratanlilar jamoasiga mo‘ljallangan keng qamrovli” yolg‘on xabarlar tarqatishda nafaqat Instagram, Feysbuk va Tvitter, qolaversa, boshqa ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalangan.

Oq Uy buyurtmasiga ko‘ra tayyorlanayotgan va 21 dekabr kuni e’lon qilinishi kutilayotgan boshqa hisobotda noyabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘rtaliq saylovga chet elliklar aralashgani yoki aralashmagani haqida ma’lumot berilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG