O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi muallifi bo‘lgan qaror loyihasi “qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinishi”ni ko‘zda tutadi.
Soliq qarzi bor o‘zbekistonliklar¸ bu loyiha tasdiqlangan taqdirda¸ o‘z plastik kartasidan 368 ming so‘mga qadar (2018 yilda eng kam oylik ish haqi 184 300 so‘m qilib belgilangan – tahr.) pul yechib olinganini kartasiga bog‘langan telefoniga yuborilgan SMS xabaridangina bilib oladi.
Bu qarorga qo‘l qo‘yishi kerak bo‘lgan ikkinchi davlat idorasi – Markaziy bank 19 dekabr kuni e’lon qilgan rasmiy bayonotida¸ loyihaning bank siri haqidagi xalqaro qonunchilik¸ qolaversa¸ O‘zbekiston Fuqarolik kodeksi normalariga zid ekanini bildirdi va unga qarshi chiqdi.
“Loyihani tayyorlashda Markaziy bank pozitsiyasi inobatga olinmadi”
17 dekabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror muallifi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lgani holda¸ uning tepasiga Markaziy bank boshqaruvi nomi ham yozib qo‘yilgan.
Ozodlik gaplashgan Markaziy bank mulozimiga ko‘ra¸ bu hujjatni tayyorlash jarayonida bank pozitsiyasi mutlaq inobatga olinmagan.
“Bizga mana shu loyihani yozdik¸ ko‘rib chiqinglar¸ deyishdi. Biz unga mohiyatan qarshi chiqdik. Biror davlatda odamlarning bank hisobidagi puliga sud qarorisiz tegib bo‘lmasligini aytdik. Bu e’tirozni inobatga olishmadi. Biz qarshilik bildirgan hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga o‘zgarishsiz qo‘yildi. Shundan so‘ng bank o‘z e’tirozini jamoatchilikka ochiq bir shaklda bildirishga majbur bo‘ldik”¸ dedi ichki jarayonlarni ochiqlashga vakolati yo‘qligidan shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan bank mulozimi.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ 19 dekabr kuni jamoatchilikka e’lon qilingan Markaziy bank rasmiy bayonotida¸ bu qarshilik “diplomatik uslub”da ifoda etilgan.
“Bugungi kunda, jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini ularning bank kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi bo‘yicha qonuniy va shaffof mexanizm mavjud emasligi sababli, Markaziy bank qayd etilgan hujjat loyihasini qonun hujjatlariga, xususan Fuqarolik kodeksi normalariga muvofiqligini ta’minlash lozim deb hisoblaydi.
Qanday ezgu maqsad ko‘zlangan bo‘lishidan qat’i nazar, idoraviy manfaatlar boshqa tarmoqlar yoki butun mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta’sir yetkazmasligi zarur. Markaziy bank, o‘z navbatida, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga bank siri va bank tizimiga bo‘lgan to‘laqonli ishonchni saqlab qolish zarurligiga alohida e’tibor qaratadi”¸ deyiladi rasmiy bayonotda.
Jamoatchilik fikri salbiy
2 yanvarga qadar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yiladigan regulation.gov.uz saytida jamoatchilik fikr bildirishi uchun taqdim etilgan hujjat loyihasi ostida 20 dekabrga qadar qoldirilgan fikrlar asosan¸ salbiy.
Fikr bildirganlardan biri:
“Bu harakatlar plastik kartalarga bo‘lgan talabni keskin kamaytiradi va naqdlashtirish jarayonini ko‘paytiradi. O‘zbekistonda naqdsiz savdoni (masalan¸ onlayn savdoni) rivojlantirish to‘g‘risida ko‘p qarorlar qabul qilinmoqda¸ chunki bu iqtisodiyotda o‘sish uchun katta ishlatilmagan potensial hisoblanadi. Mazkur qaror esa¸ o‘sha mumkin bo‘lgan iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi. Nahotki shuni ko‘ra biladigan biror bir mansabdor shaxs bo‘lmasa”¸ deb yozdi.
2018 yilning 15 fevral kuni qabul qilingan "Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmonida yangi tashkil etilgan Majburiy ijro byurosiga energoresurslar bo‘yicha qarzi bor iste’molchilarning bank hisobidan eng kam oylik ish haqining 2 baravarigacha miqdordagi pulni hisob egalari va sud qarorisiz yechib olish huquqi berilgan edi.
Tanqidchilar¸ Bosh prokuratura tomonidan hozirlangan bu farmonning ham xalqaro¸ ham mahalliy qonunchilikka zid ekanini ta’kidlab keladi.