Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:55

Rossiyada ishlayotgan muhojir: Vatanimdagi militsionerlar tinchlik bermayapti


Illyustrativ surat

Rossiyada mehnat qilayotgan 33 yashar Oybek Yusupov Surxondaryo ichki ishlar va xavfsizlik xizmati xodimlari bosimiga uchrayotganini iddao qildi.

Yusupovning aytishicha, xavfsizlik xodimlari uni “namoz o‘qishga da’vat qilganlikda” va “Suriyaga jihodga odam yollaganlikda” ayblamoqda.

Surxondaryo viloyat IIB Terrorchilika qarshi boshqarmasi mulozimi, Ozodlik so‘roviga javoban, Oybek Yusupov qidiruvda emasligi, shunchaki, uning ustidan tushgan ariza bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish zarurati borligini bildirdi.

Surxondaryoning Angor tumanilik Oybek Yusupov oxirgi paytlarda o‘zi yashab kelgan tuman va qo‘shni Qumqo‘rg‘onning Ichki ishlar bo‘limlari terrorchilikka qarshi bo‘linmalari xodimlari bosimi ostida qolganini aytib berdi.

Moskva viloyatida mehnat qilib kelayotgan 33 yashar bu shaxs Ozodlik tahririyatiga murojaat qilib, o‘ziga qo‘iylayotgan ayblovlarning asossiz ekanini qonunan isbotlaganiga qaramasdan maxsus xizmatlar nazoratida qolayotganini bildirdi.

Namozxon yigit muammolari 2010 yilda Rossiyadan qaytib borganida boshlanganini aytadi:

- 2010 yilda Magadandan qaytib borganimda, Milliy xavfsizlik xodimlari savol-javobga chaqirtirgan. “Sen Oybekmisan? Namoz o‘qiysanmi?”, deb ikki kundan keyin yana chaqirtirdi. Pasportimni tekshiramiz deb, olib qo‘ydi. Keyin yana chaqirtirib, ikkita qog‘oz ko‘rsatishdi. Bittasida bizning posbon, ikkinchisi bir ayol ariza bergan ekan meni ustimdan. “Sen diniy kitob tarqatar ekansan!”, dedi. Dalillarni so‘rasam, “To‘g‘risi, seni orqangdan odam qo‘yib tekshirdik – sen unaqa emas ekansan. prezident Islom Karimovga “kechirim xati” yozib berasan”, deb qo‘rqitgandan keyin, men yozib berganman, dedi Oybek.

Uning aytishicha, prezidentdan “kechirim” so‘raganidan keyin unga pasporti qaytarib berilgan, ammo bir yil nazorat ostida yurgan.

Keyinchalik Moskvaga ishlagani kelgan Oybek Yusupov boshqa hamqishloqlari bilan S. ismli qumqurg‘onlik ayol ijaraga bergan kvartirada yashashgan. O‘ O‘zbekistonga qaytib borganida shu ayolning uning ustidan yozgan arizasi borligini militsiyaga chaqirtirib unga aytishgan:

- Bu ayol Milliy xavfsizlikkami, Ichki ishlargami aloqasi bor ekan. Hamma bundan qo‘rqardi. Menga 3 oydan keyin ariza beribdi: men bularni dinga da’vat qilgan ekanman, Suriyaga jalb qilgan ekanman. Buni menga Angor tumanining Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi Umid A. o‘qib bergan. Men qidiruvda ekanimni tekshirib ko‘rsam, qidiruvda emas ekanman.

Oybek hozirgi kunda ichki ishlar xodimlari unga kelishini talab qilib, bosimni kuchaytirganini aytib, dedi:

- Ichki ishlardan “Kelib ketmasang bo‘lmaydi!”, deyapti. Menga esa chaqiruv qog‘ozi kelmasa men ishimni yo‘qotishni xohlamayman, bormayman, dedim. Ular og‘zaki O‘zbekistonga kelib ketishimni istayapti. Men esa meni tinch qo‘yishlarini xohlayman. Menga qilgan tuhmati ustidan portalga va Bosh prokuraturaga yozdim – “Asossiz ayblovlar!”, degan qog‘oz keldi menga, tuhmat ekani isbotlangan.

Surxondaryo viloyat prokuraturasidan Oybekka kelgan javob xati
Surxondaryo viloyat prokuraturasidan Oybekka kelgan javob xati

​Suhbatdosh militsiya xodimlarining tarqatgan turli gap-so‘zlari tufayli mahallada uning yaqinlariga ham bosim bo‘layotgani, uning uyiga hatto “Bolangizni bu ishlardan qaytarish kerak!” deb mahalla oqsoqollari delegatsiyasi kelib ketganini esladi.

Hozirda Moskvada elektriklik qilayotgan Oybek O‘zbekiston xavfsizlik xizmati va hukumati rahbariyatidan uning ishiga aralashish va nohaqliklarni bartaraf qilishga ko‘maklashishni so‘radi.

Ozodlik surxondaryolik Oybek Yusupov ishini olib borayotgan xavfsizlik xizmati xodimlari bilan ham bog‘lanib, vaziyatni ichkaridan o‘rganib ko‘rishga urindi.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan Terrorizmga qarshi kurash xodimi Oybekning qidiruvda emasligini tasdiqlab, uning ishi ustidan tushgan shikoyat arizalariga bog‘liq, dedi:

- Bu bolaga nisbatan hech qanday qoralovchi ma’lumotlar yo‘q – o‘ziga ham aytdim. “O‘zing kelib hal qil”, dedim. Rossiyada yashaganida bir ayol buning ustidan yozgan, o‘zi u ayol ustidan yozgan. Unga kelayotgan tahdidlar esa bo‘lishi mumkin emas gaplar. Nimadan qo‘rqadi – biz yozib ham berganmiz rasmiy xat.

Ma’lum bo‘lishicha, bundan bir necha yil muqaddam, oldingi prezident davrida bo‘lgan bosimlar paytida Oybek Yusupov ishi bilan Fransiyada qochqinlikda yashab kelayotgan huquq faoli Mo‘’tabar Tojiboeva ham shug‘ullangan.

Yangi prezident davrida siyosiy vaziyat ancha yumshaganini e’tirof qilgan huquq faoli, shunga qaramasdan respublikaning ayrim xavfsizlik xizmati xodimlari eskicha ishlashni davom etayotganini Ozodlik bilan suhbatda gapirdi:

- Oybekning taqdiri O‘zbekistonda o‘zini himoya qilgani va erkin fikrini ayta olgani uchun bosimga uchrab, ma’muriy jazolarga tortiladigan yuzlar-minglarning biri! Oybekning oilasiga bosimlar qilingan, onasi ahvoli og‘irlashib qolgan, yaqinlariga bosim qilingan. Oybekka telefon qilib, “Sen Suriyaga terrorchi olib borgansan!”, desa, ikkinchisi qo‘ng‘iroq qilib “Sen odam savdosi bilan shug‘ullanar ekansan!”, deyapti. Vaholanki, uning aybi yo‘q! Bu harakatlar prezident buyruqlarining sabotaji, mahalliy hokimiyatdagi korruptsiya ildiz otib ketganidan, o‘zgartirishlar istamaslikdan darakdir, dedi huquq faoli Mo’tabar Tojiboeva.

М.Тожибоева: Махсус хизматлар президент қарорларини саботаж қилмоқда!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:37 0:00
Бевосита линк

Bundan bir hafta oldin, 19 dekabr kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubda jurnalistlar savollariga javob bergan O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev diniy ekstremistlikda gumonlanganlar qayd etiladigan “qora ro‘yxat” bekor qilingani to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 8 dekabr kuni Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida diniy ekstremistik guruhlarga aloqador ko‘rilgan 20 mingdan ziyod o‘zbek vatandoshi nazoratdan chiqarilganini ma’lum qilgandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG