Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:18

OzodDayjest: Pop hokimi noqonuniy yo‘l bilan fermerning yerini tortib oldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Namanganda hokim hujjatlarni soxtalashtirib fermerning yerini tortib oldi. Ta’lim sifatini oshirish uchun maktablarga erkak o‘qituvchilarni qaytarish taklif qilindi. Qoraqalpog‘istonda poraxo‘r militsiya xodimi qo‘lga olindi.

_____________________________________________________________

Tuman hokimi soxtakorlik bilan fermerning yerini olib qo‘ydi

Namangan viloyat Pop tumani hokimi hujjatlarni soxtalashtirib, fermerning yerini tortib oldi (“Huquq”, 27 dekabr). “Bunyodjon – Mahsudjon” fermer xo‘jaligi rahbari N.Boltaboev 2015 yil dekabridan buyon fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Ammo kutilmaganda Pop tumani hokimining 2018 yil 21 fevralidagi 341-sonli buyrug‘i bilan uning yer maydoni hokimlik yer zaxirasiga o‘tkazilgan. Qarorda asos sifatida fermerning ixtiyoriy ravishda yozgan arizasi ko‘rsatilgan. Fermer ushbu holat yuzasidagi shikoyat qilgach, vaziyat o‘rganilgan va hokimlik hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlangan. Namangan viloyat IIB ekspertiza-kriminalistika byurosi xulosasiga ko‘ra, hokim qaroriga ilova qilingan ariza fermer N. Boltaboev tomonidan yozilmagan. Pop tumani hokimining bu boradagi qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan. Hujjatlarni soxtalashtirgan mansabdorga qanday chora ko‘rilgani ochiqlanmagan.

Erkak o‘qituvchilar maktablarni tark etganining asosiy sababi – maosh kamligi

O‘zbekiston maktablarida keyingi yillarda erkak o‘qituvchilar soni keskin kamayib ketdi (“Oila davrasida”, 27 dekabr). Erkak o‘qituvchilarning ta’lim tizimini tark etishiga esa birinchi navbatda ro‘zg‘or tebratish uchun yetarli maosh ololmagani sabab bo‘lgan. Erkak pedagoglarning kamayib ketishi maktablarda ta’lim sifati va tartib-intizomga salbiy ta’sir qilmoqda. Samarqand shahridagi 10-maktab direktori Gulmira Yunusovaga ko‘ra, ta’lim maskanlarida erkak muallimlarning ko‘payishi o‘quvchilarning odob-axloqi va xulqiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada erkak o‘qituvchilari ko‘p bo‘lgan maktablarda bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichi yuqori ekani ta’kidlangani holda, bu borada rasmiy statistika keltirilmagan. Qayd etilishicha, ayni paytda tizimga erkak pedagoglarni qaytarish choralari ko‘rilmoqda. So‘nggi 4 oyda 13 mingga yaqin erkak o‘qituvchi maktablarga qaytgan.

Ellikqal’ada IIB katta tezkor vakili pora bilan ushlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani IIB xodimining korrupsiya jinoyatiga chek qo‘yildi, deb xabar beradi “Huquq” nashri. Qayd etilishicha, pora bilan ushlangan IIB xodimi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish guruhi katta tezkor vakili lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Ismi oshkor etilmagan katta tezkor vakil Koreyaga borib kelgan vatandoshni huzuriga chaqirib, tovlamachilik qilgan. Uni terrorizmga aloqadorligi uchun javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgan va 900 dollar bersa, javobgarlikka tortmasligini aytgan. Jarbdiyda vatandosh esa IIB xodimining tamagirligi borasida huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilgan. Qayd etilishicha, katta tezkor vakil 900 dollarni qurtday sanab, cho‘ntagiga joylayotganda ushlangan.

XS
SM
MD
LG