Линклар

Шошилинч хабар
20 декабр 2025, Тошкент вақти: 04:37

O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov ustidan sud jarayoni boshlandi


Rashitjon Qodirov (o‘ngdan birinchi).
Rashitjon Qodirov (o‘ngdan birinchi).

2019 yilning 7 yanvarь kuni O‘zbekistondagi eng shov-shuvli jinoyat ishi figuranti – O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil manbalar bildirdi.

Jarayon boshlanganini O‘zbekiston Oliy sudi mulozimi tasdiqladi, biroq sudning yopiq tarzda o‘tkazilishi munosabati bilan matbuotga bu haqda ma’lumot berilmasligini bildirdi.

Yopiq sud jarayoni

Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov ishiga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha, sud jarayoni Toshkent shahar Yunusobod tuman sudida o‘tmoqda.

"Sud jarayoniga Jinoyat ishlari bo‘yichaToshkent shahar sudining o‘rinbosari Akbar Turobov raislik qilmoqda.Yopiq rejimda o‘taëtgani uchun tafsilotlarni hatto sudlanuvchilar yaqinlariga ham aytishmayapti. Bugungi jarayonga qancha ayblanuvchining olib kelinganini aniq bilmayman¸ ammo 15 tacha atrofida deb taxmin qilaman. Sud boshlanishidan oldin u yerga "Tez yordam" kelganidan¸ Mirag‘lam Mirzaevning ham olib kelinganini tushunish mumkin"¸ dedi jarayonni bilvosita kuzatayotgan Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

(Mirag‘lam Mirzaev¸ Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari¸ amalda butun prokuratura tizimini boshqargan shaxslardan biri. 2018 yilning sentabrida Ozodlik joriy yil fevralidan beri tergov izolyatorida hibsda saqlanayotgan «Antibiotik» laqabli Mirag‘lam Mirzaevning "og‘ir kasalligi" bois IIV kasalxonasiga o‘tkazilganini xabar qilgan edi.)

Hibs va ayblov

Ozodlik Rashidjon Qodirovning tovlamachilik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish kabi jinoyatlarda ayblanib 22 fevral kuni Toshkentda hibsga olingani haqida o‘z manbalariga tayanib birinchi bo‘lib xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2018 yilning 24 fevral kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra¸ Rashitjon Qodirov ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Islom Karimov davrining 15 yillik bosh prokurori 67 yashar Rashitjon Qodirov Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin hibsga olingan eng yuqori lavozimli sobiq rahbardir.

O‘z chiqishlarida sobiq bosh prokurorni bir necha bor og‘ir jinoyatlarda ayblab tilga olgan Mirziyoev¸ uni xususan¸ prokuratura tizimida korrupsiyani avjga chiqarganlikda ayblagan va Qodirovni televidenie orqali o‘z aybiga iqror qilish istiqboli haqida gapirgan edi.

Hozircha Qodirov ishi bo‘yicha sudga taqdim etilgan ayblov xulosasida unga aynan qanday ayblar qo‘yilgani Ozodlikka ma’lum emas.

Sobiq rahbarining hibsga olinganini 2018 yilning 24 fevral kuni rasman tasdiqlagan Bosh prokuratura “Qodirov ishi” ishi doirasida asosan sobiq prokuratura mulozimlaridan iborat jami 24 shaxsning qamoqqa olinganini ham bildirgan edi.

O‘tgan oy boshida Ozodlik Qodirov ishiga aloqador mulozimlarga tayanib¸ Rashitjon Qodirov va uning ishi doirasida hibsga olingan jami 24 kishi ustidan tergov jarayoni dekabr boshlarida yakuniga yetgani va ayblanuvchilar advokatlariga ayblov xulosasi bilan tanishib chiqish uchun 25 dekabrga qadar muhlat berilganini xabar qilgan edi.

Bosh prokuratura va Oliy sud javobi

Sudga taqdim etilgan ayblov xulosasida sobiq Bosh prokurorga qanday ayblar qo‘yilayotganiga oid Ozodlik savollariga 7 yanvar kuni Bosh prokuratura rasmiysi Qodirovning jinoyat ishi yuzasidan hech bir ma’lumot oshkor kilinmasligini bildirdi:

Ish yopiq tarzda tergov qilingan, hozirda mazkur jinoyat ishi sud yurisdiksiyasida. Jamoatchilikka qay tarzda ma’lumot berish masalasini sud hal qiladi - sud protsessini ochiqlash yoki yopiq ko‘rish ham sud izmida”¸- dedi Bosh prokuratura mulozimi.

O‘zbekiston Oliy sudining ismini ochiqlashni istamagan mulozimi¸ Rashitjon Qodirov ishining sud tomonidan ko‘rib chiqilayotganini tasdiqladi¸ ammo jarayonga oid boshqa tafsilotlarning jamoatchilikka oshkor qilinmasligini ta’kidladi.

Qodirov ishi sud idoralariga kelib tushgan¸ lekin sud jarayoni yopiq deb e’lon qilingan. Jarayon yopiq tarzda o‘tkaziladi”¸ dedi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiysi.

Hozircha Qodirov ustidan boshlangan sud jarayoniga oid boshqa tafsilotlar Ozodlikka ma’lum emas. Jarayonga oid yangi xabarlar muttasil to‘ldirib boriladi.

Siz bu jarayon tafsilotlaridan xabardor bo‘lsangiz¸ unga oid ma’lumotlarni Ozodlikning ​Telegram va WhatsApp tarmog‘idagi +420 724 971 539 raqamiga yoki ozodlikmail@gmail.com elektron pochtasiga yozib yuborishingiz mumkin. Shaxsingiz sir qolishi kafolatlanadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG