Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2019, Тошкент вақти: 02:48

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziriga korrupsiyaga oid yangi ayblovlar qo‘yildi


Qirg‘izistoninng sobiq bosh vaziriga boshqa bir jinoyat ishi bo‘yicha ham qo‘shimcha ayblov e’lon qilindi. U 2018 yili Bishkekdagi elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq korrupsiyada ayblanib, qamoqqa olingan edi.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidan (MXDQ) 10 yanvarda xabar qilinishicha, Sapar Isaqov Bishkek shahridagi Qirg‘iziston davlat muzeyini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jiddiy moliyaviy zararga sabab bo‘lgan korrupsiyada ayblanmoqda.

MXDQ e’lon qilgan ayblovga ko‘ra, Isaqov 2016 yili rekonstruksiya loyihasiga aralashgan, oqibatda ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanayotgan Turkiya kompaniyasi Qirg‘iziston hukumati bilan bitimini bekor qilgan edi.

Bitimning bekor etilishi Qirg‘iziston byudjetidan qo‘shimcha xarajatlar qilinishiga sabab bo‘lgan.

MXDQ joriy hafta boshida Bishkek elektr stansiyasidagi korrupsiya ishi bo‘yicha tergov nihoyasiga yetganini ma’lum qildi.

Bu ish Isaqov Bishkek issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiyalash loyihasini amalga oshirgan 2013 yilga borib taqaladi.

O‘sha paytda u sobiq prezident Almazbek Atambaev ma’muriyati rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Isaqovga elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun o‘tkazilgan tenderda Xitoy kompaniyasi yonini olish uchun xizmat vazifasidan foydalanganlik aybi qo‘yilmoqda. O‘shanda Xitoyning TBEA kompaniyasi shartnomani qo‘lga kiritgan edi.

Isaqovga qarshi jinoyat ishi 2018 yil yanvarida Bishkek elektr stansiyasidagi texnogen avariyadan so‘ng ochilgan, o‘sha paytda minglab mahalliy uylar bir necha kun issiqliksiz qolgan edi.

41 yashar Isaqov Atambaevning yaqin safdoshlaridan biri hisoblanadi.

Prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan Atambaev o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgandan so‘ng Isaqov va boshqa bir qancha sobiq amaldorlarga qarshi bosimlar kuchayib ketdi.

Atambaev Qirg‘izistonda 2017 yil oktabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlagan, so‘nggi oylarda uni tanqid qilib kelayotgan edi.

Atambaevning yaqin ittifoqchilaridan biri, sobiq bosh vazir Janto‘ro‘ Satibaldiev ham 2018 yilda korrupsiya ayblovi bilan qamoqqa olindi.

Dekabr oxirida sobiq bojxona xizmati rahbari Ozarbayjondan Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilindi. Unga Atambaevning 201-2015 yillardagi prezidentligi davrida lavozimini suiiste’mol qilganlik aybi qo‘yilmoqda.

Oktabrda Atambaevning sobiq maslahatchisi Ikromjon Ilmiyanov Rossiyada hibsga olindi va Qirg‘iziston hokimiyat idoralari uni Bishkekka olib keldi. U ham korrupsiyada ayblanmoqda.

Ayni choqda Qirg‘iziston parlamenti a’zolari va boshqa siyosatchilar Atambaev prezidentligi davrida qabul qilingan qarorlarni qayta ko‘rib chiqishga chorlamoqda.

Oliy sud oktabr oyida mamlakatning sobiq prezidentiga berilgan immunitet Konstitutsiyaga zid ekani xususida qaror chiqargan edi.

27 noyabrda parlament qo‘mitasi sobiq prezidentlarga berilgan immunitetni bekor qilish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorladi.

XS
SM
MD
LG