Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:30

Mehnat vazirligi: Discover Invest qonunni buzmagan. Ishchilar: haliyam quldek ishlayapmiz!


Discover Invest ishchilari sharoitini maxsus o‘rgangan Mehnat vazirligi ularning risoladagiday ekanini bildirdi
Discover Invest ishchilari sharoitini maxsus o‘rgangan Mehnat vazirligi ularning risoladagiday ekanini bildirdi

28 yanvar kuni Ozodlikda e’lon qilingan “Toshkent hokimiga qarashli kompaniya ishchilari o‘zlarining quldek ishlatilayotganini aytmoqda” sarlavhali maqola ortidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi “ushbu vaziyat yuzasidan zudlik bilan tekshiruv” o‘tkazgan.

Vazirlik e’lon qilgan bayonotda aytilishicha¸ 4 kishilik maxsus guruh 1 fevral kuni Tashkent City hududidagi 5 va 8-lotlarda qurilish ishlari olib borayotgan Discover Invest MChJ xodimlari mehnat sharoiti bilan tanishgan va tekshiruv davomida mehnat qonunchiligining buzilish holatlarini aniqlamagan.

Ozodlik maqolasida gapirgan ishchilar o‘zlarining Tashkent City hududida ishlashini aytmagan¸ ular Discover Investning ikki ob’ekti – Yunusobod tumanidagi eski avtopark binosida buzilish ishlari va Shahriston ko‘chasida yo‘l yoqasiga bruschatka terayotganlarini tilga olib¸ Agrar universitetining sobiq yotoqxonasida yotib-turishlarini bildirgan edi.

Vazirlik bayonotida Ozodlikda tilga olingan bu ob’ektlarda tekshiruv o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganiga oid ma’lumot yo‘q.

5 fevral kuni Ozodlik ayni ishchilar bilan qayta bog‘landi - ular o‘zlari yashab-ishlayotgan sharoitning o‘zgarishsiz qolayotganinini ta’kidladi.

Maxsus guruh: Discover Invest Tashkent Cityda mehnat qonunlarini buzmagan

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi e’lon qilgan rasmiy bayonotda yozilishicha¸ vazirlikning 2019 yil 31 yanvardagi Buyrug‘iga binoan tuzilgan 4 kishidan iborat ishchi guruh Tashkent Cityning bosh pudratchisi – Discover Invest MChJ mehnat qonunchiligiga zid ravishda ishchilar mehnat huquqini poymol etayotgani haqidagi shikoyatlarni o‘rgangan.

Bu o‘rganish esa¸ Toshkentdagi qator ob’ektlarda ish olib borayotgan Discover Investning Ozodlik maqolasidagi shikoyatlarga bevosita aloqasi bo‘lmagan bitta ob’ekti - Tashkent City hududidagi 5 va 8-lotlarda o‘tkazilgan.

Vazirlik bayonotida yozilishicha¸ o‘rganish natijasida quyidagilar ma’lum bo‘lgan:

“Birinchidan, mehnat huquq inspektorlari tomonidan tekshirilganda “Tashkent city” hududida faqat ikkita ob’ektda (5 va 8-lotlar) qurilish ishlarini olib borayotgan Discover Invest MChJ xodimlari – ishchilari o‘rtasida, maqolada keltirilganidek, ish tashlash, dam olishsiz mehnat qilish, oylik ish haqlaridan ushlab qolish singari mehnat qonunchiligiga zid holatlar aniqlanmagan. 2017 yil 3 yanvarda ish beruvchi va mehnat jamoasi kengashi vakili o‘rtasida tasdiqlangan ichki mehnat tartib qoidalari bo‘yicha 6 kunlik ish haftasida ishlovchi xodimlar uchun 7 soatlik ish kuni, ya’ni soat 9:00 dan 17:00 ga qadar (shanba kuni 9:00 dan 15:00 ga qadar) mehnat qilish belgilab qo‘yilgan (3.5-bandida) va shu tartibda ish olib borilmoqda. Masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida, ushbu ob’ekt direktori M.Sagdullaev, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi muhandisi Z.Qozoqov, ish boshqaruvchi (prorab) M.Sattarov, payvandchi B.Sodiqov va ishchi Z.Shavqievlar bilan suhbat o‘tkazilib, ulardan tushuntirish xatlari olindi.

Ikkinchidan, Discover Invest MChJning “Tashkent city” hududida mehnat qilayotgan 1400 dan ortiq ishchilari bilan tegishli tartibda mehnat shartnomasi tuzilgan, ish haqlari belgilangan muddatda to‘langan, tekshiruv davomida majburiy mehnat holatlari va ish haqidan qonunchilik talablariga zid ravishda ushlab qolish holatlari aniqlanmadi.

Uchinchidan, qurilish ob’ektlarida mehnatni muhofaza qilish choralari ko‘rilgan, xodimlar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan ta’minlangan, sanitariya va gigiena talablariga javob beradigan yotoq joylar va oshxona mavjud, korxona hisobidan nonushta, tushlik va kechki ovqat tashkil etilgan. Ishchilar soni ko‘p bo‘lgani sabab, navbat bo‘yicha ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgan, unga ko‘ra nonushta 8:00 dan 9:00 gacha, tushlik 12:00 dan 14:00 gacha va kechki ovqat 17:00 dan 18:00 gacha beriladi.

Qolaversa, Discover Invest MChJda mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilgan. Laboratoriyaning shahodatlash guvohnomasi hamda mehnat shart-sharoitlari bo‘yicha ekspert xulosalari mavjud.

(rasmiy bayonotdan iqtibos tugadi)

Ayrim kamchiliklar ham aniqlandi...

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ishchi guruhi o‘z xulosasida¸ tekshiruv davomida aniqlangan “ayrim kamchilik”larni ham tilga olgan.

“Discover Invest MChJda ish beruvchi va mehnat jamoasi kengashi vakili o‘rtasida 2017 yil 3 yanvarda ichki mehnat tartib-qoidalari tasdiqlangan bo‘lsa-da, ushbu ichki mehnat tartib qoidalari bilan xodimlar to‘liq tanishtirilmagan.

Shuningdek, Discover Invest MChJ tomonidan olib borilayotgan qurilishda ayrim binolarning yuqori qavatlaridagi ba’zi joylarda himoya to‘siqlari o‘rnatilmagan, binoning qavatlarida kommunikatsiya o‘tkazish uchun mo‘ljallangan 4 ta holatda tirqish (proyom)larga himoya to‘siqlari qo‘yilmagan. Bundan tashqari, poydevor uchun qazilgan o‘ra (kotlovan) atrofiga himoya to‘siqlari to‘liq o‘rnatilmagan, natijada ayrim ish joylarida xavfli mehnat sharoiti vujudga kelgan”¸ deyiladi vazirlik rasmiy baënotida.

Ishchi guruh tomonidan “aniqlangan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi va uch kun ichida bajarilishi nazoratga olindi”¸ deb yakunlanadi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi e’lon qilgan bayonot.

Men ne deyman¸ qo‘bizim ne deydi

28 yanvar kuni Ozodlik e’lon qilgan maqolada Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashli Akfa Group holdingi tarkibiga kirishi aytilgan Discover Invest Tashkent Cityning bosh pudratchisi ekani tilga olingan.

Ozodlikka shikoyat qilgan ishchilar o‘zlarining Tashkent City hududida ishlayotganini aytmagan¸ balki sobiq Qishloq xo‘jalik instituti sobiq yotoqxonasida yashab¸ har kuni shu yerdan Discover Invest shirkati Toshkentda qurayotgan ob’ektlarda ishlash uchun olib ketilayotganlar ekani bildirgan edi.

Bu suratni yuborgan ishchilarga ko‘ra¸ Discover Invest ularni Yunusobod hududidagi eski avtoparkda buzish ishlarida 12 soatlab ishlatmoqda.
Bu suratni yuborgan ishchilarga ko‘ra¸ Discover Invest ularni Yunusobod hududidagi eski avtoparkda buzish ishlarida 12 soatlab ishlatmoqda.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ o‘zlarini “Qashqadaryo¸ Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridan kelib¸ Discover Invest kompaniyasi qurayotgan ob’ektlarda ishlayotgan oddiy quruvchilar deb tanishtirgan” va o‘zlari ishlayotgan ob’ektlar orasida Shahriston ko‘chasi va Yunusobod tumanidagi eski avtopark hududini tilga olgan edi.

Ozodlik 4-5 fevral kunlari qayta bog‘langan Discover Invest ishchilari vakillaridan ayrimlari¸ o‘zlari ishlayotgan ob’ektda vaziyat o‘zgarishsiz qolayotganini aytgan bo‘lsa¸ boshqasi “kelgan tekshiruvchilarga brigardirlar mehnat sharoitlarining yaxshi ekani haqida” gapirib berganini ma’lum qildilar.

Bir-ikkitasi kelib nomiga sharoitlarni so‘rab ketdi. Bitta ishchi 8 dan 8 gacha ishlayapmiz desa¸ keyingisi paxta qo‘yib firmani maqtab ketdi. Maqtagich brigadir yordamchisi edi. Ular hamma ishchilarni yig‘ib so‘rashi kerak edi¸ lekin bunday bo‘lmadi. Hozir ham 8 dan 8 gacha ishlayapmiz. Bitta o‘zgarish - oxirgi oylikdan 200 ming so‘mdan olib qolishga qo‘rqishdi¸ bo‘lgani shu”¸ dedi Yunusobod tumani hududidagi eski avtoparkda buzish ishlarini olib borayotganini aytgan Discover Invest ishchisi Ozodlik bilan takror suhbatda.

Ayni shirkatning Toshkentning Xonobod mahallasi hududida joylashgan yana bir ob’ektida ishlayotgan boshqa ishchilar vakili 5 fevral kuni Ozodlikka o‘z mehnat sharoitlarining maqolada tasvirlangandan ko‘ra ham og‘irroq ahvolda qolayotganini bildirdi.

Hozir biz bergan adres – Xonobod 25¸ asfalt zavodga keling¸ ko‘rasiz haqiqiy vaziyatni. Shikoyat qilganlar qolib¸ bular Tashkent Cityni borib tekshirgan. Rahbariyat ishchilarga qullardan ham battar muomala qilmoqda. Yashash sharoiti - bitta vagonda 22 ta odam yashamoqda¸ tualet¸ cho‘milish joyi yo‘q¸ ovqatlanish joyi sanitariya-gigienaga umuman javob bermaydi. Bu yerda mehnat qilayotgan insonlarning aksariyati viloyatdan kelgan ishchilar¸ inson o‘rnida ko‘rmayapti ularni - aybi viloyatlik bo‘lganimi? Rossiyaga borib qul bo‘lishdi¸ qozoqqa borib qul bo‘lishdi¸ endi ko‘ksimizga shamol tegdi deb xursand bo‘lsak¸ Rossiya va Qozog‘istondan ham battar muomala qilmoqda¸” dedi 5 fevral kuni o‘zini Discover Invest ishchisi deb tanishtirganlardan yana biri.

Ozodlik Discover Invest ishchilari vaziyatini imkon qadar yaqindan kuzatishda davom etadi. Siz ham shu shirkatga qarashli ob’ektlarda ishlayotgan bo‘lsangiz¸ o‘z mehnat sharoitingiz haqidagi ma’lumotlar¸ xususan¸ bu sharoit aks etgan surat va videolarni Ozodlikka yuborishni unutmang.

Buning eng qisqa va oson yo‘li esa¸ Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlar¸ xususan¸ Telegram va WhatsAppdagi raqamimiz: +420 724 971 539 yoki @ozodnews bilan bog‘lanishdir.

Ozodlik shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG