Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2019, Тошкент вақти: 15:26

"GM Uzbekistan" yonib ketgan Cobaltda texnik nuqson bo‘lganini inkor qildi


Muqaddas Ismoilovaning o‘g‘li Shahzod yonib ketgan mashina oldida. 2019 yil¸ 8 fevral.

“O‘zavtosanoat” matbuot xizmati chirchiqlik xaridorning «GM Uzbekistan» chiqargan ikkinchi pozitsiyali Cobalt avtomobilining ishlab chiqaruvchi aybi bilan yonib ketgani haqidagi iddaosini rad etdi.

Ozodlikka kelgan rasmiy bayonotda¸ zavod mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida “avtomobil yonib ketishiga sabab bo‘luvchi biror nuqsonlar yoki nosozliklar aniqlanmagani” yozilgan.

Ozodlikning SizdanTelegram portaliga murojaat qilgan mashina egasi Respublika sud ekspertizasi markazi mashinaning ichki simlari texnik nosozligi oqibatida yonib ketgan bo‘lishi haqida xulosa berganini aytib¸ «GM Uzbekistan»dan yangi mashina berishni talab qilgan edi.

8 fevral kuni Ozodlik gaplashgan da’vogarlar¸ “O‘zavtosanoat”ning chop etilgan suratlarning “mutlaqo boshqa avtomobil” degan bayonotini “mutlaqo yolg‘on” deb baholashdi va yangi surat hamda videolarni taqdim qildi.

«GM Uzbekistan» iste’molchi talabini bajarishni rad qildi

7 fevral kuni SizdanTelegram portalida Chirchiqdan kelgan murojaat e’lon qilinishi ortidan 8 fevral kuni «GM Uzbekistan» mulkdori “O‘zavtosanoat” matbuot xizmatidan rasmiy raddiya keldi.

Bu raddiyada chirchiqlik Muqaddas Ismoilovaning o‘ziga tegishli «Cobalt» rusumidagi avtomobil o‘zidan-o‘zi yonib ketgani sababli «GM Uzbekistan»dan uni almashtirib berish talabining bajarilmaganiga izoh berilgan.

Ismoilova M. o‘z arizasiga X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining yong‘in-texnik xulosasini ilova qiladi, unda yonib ketishning ehtimoliy sababi avtomobil ichki simlarining texnik nosozligi bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Arizaga javoban, «GM Uzbekistan» AJ tomonidan zavod mutaxassislari voqea joyiga yuborildilar va mazkur avtotransport vositasining tegishlicha texnik ko‘zdan kechirilishi o‘tkazildi. O‘rganish davomida zavod mutaxassislari tomonidan asosiy e’tibor Markaz ekspertizasida keltirilgan yonib ketishning ehtimoliy sababiga qaratildi. O‘rganishlar davomida avtomobil yonib ketishiga sabab bo‘luvchi biror nuqsonlar yoki nosozliklar aniqlanmadi”¸ deyiladi «GM Uzbekistan»ning Ozodlikka yuborilgan javobida.

Rasmiy bayonotda ishlab chiqaruvchi "yong‘inning tafsilotlarini chuqur o‘rganilishi Cobalt avtomobilining yonib ketganligi ishlab chiqarish braki bilan bog‘liq emasligini va bunda ishlab chiqaruvchi korxona aybi mavjud emasligini ko‘rsatadi"¸ degan xulosa bergan.

Yangi Cobalt yonib ketdi – iste’molchi hikoyasi

Toshkent viloyat Chirchiq shahrining Adolat mahallasida yashovchi 45 yashar Adamboy Qurbonboev 2017 yilning 26 dekabr kuni Qibray avtosalonidan ikkinchi pozitsiyali Cobalt avtomobili sotib oladi.

84 million o‘zbek so‘miga tushgan bu mashinani rafiqasi Muqaddas Ismoilova nomiga rasmiylashtirgan Qurbonboev¸ yangi mashinani bir haftacha haydaganidan so‘ng¸ Rossiyaga ishga ketadi.

Uning hamshira rafiqasi¸ 18 yashar o‘g‘li va 15 yashar qizi mashina haydashni bilmasligi sabab¸ Ozodlik suhbatlashgan oila a’zolariga ko‘ra¸ ikki qavatli dom oldida bo‘z yoping‘ich bilan yopib qo‘yilgan yangi Cobalt 2018 yil iyuliga qadar joyidan qimirlamaydi.

2018 yil iyulida Adamboy bir oycha uyiga kelib¸ mashinani haydaydi va avgust oyida yana Rossiyaga ishga jo‘nab ketadi.

“Dadam ketganidan keyin¸ akkumulyator o‘tirib qolmasligi uchun yoqib turdik¸ lekin mashina haydalmadi”¸ deydi Qurbonboevning talaba o‘g‘li Shahzod.

2018 yil 23 sentabr tungi soat ikkilarda deyarli haydalmagan yangi mashina turgan joyida yonib ketadi.

Muqaddas Ismoilova va oilasining ta’kidicha¸ mashinaga hech kim qasddan o‘t qo‘ymagan – u o‘z-o‘zidan yonib ketgan.

O‘sha tunda qo‘shnilar va o‘t o‘chiruvchilar yordamida o‘chirilgan mashina¸ shundan beri joyidan qimirlamagan.

Ismoilova¸ mashina yonishi sababini aniqlab berishni so‘rab sud ekspertiza markazi mutaxassislariga murojaat qilgan.

- Ular mashina zavodda yo‘l qo‘yilgan texnik kamchilik oqibatida yonib ketgan bo‘lishi mumkin¸ degan xulosa berdi. Lekin uzil-kesil shu sababdan yonib ketdi¸deb yozib bermas ekan. «GM Uzbekistan» bu xulosani tan olmadi¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan Ismoilova.

Mashina yonib ketganidan uch haftacha o‘tib – 2018 yilning 15 noyabrida «GM Uzbekistan»dan o‘z-o‘zidan yonib kul bo‘lgan mashina o‘rniga boshqasini berishni so‘rab murojaat qilgan Ismoilov¸ so‘rovi qondirilmagach¸ prezident portaligacha shikoyat qilib borgan.

Uning shikoyatlariga javoban har gal¸ «GM Uzbekistan» tomonidan hozirlangan raddiya tutqazilgan¸ xolos.

Raddiyaga raddiya

«GM Uzbekistan» tomonidan 8 fevral kuni Ozodlikka yuborilgan rasmiy raddiya mazmunining shu paytga qadar qilingan shikoyatlar bilan ayni ekanini bildirgan Muqaddas Ismoilova unga yangi qo‘shilgan iddaoni "mutlaq yolg‘on" deb atadi.

Bu SizdanTelegramda 7 fevral kuni qo‘yilgan surat.
Bu SizdanTelegramda 7 fevral kuni qo‘yilgan surat.

«GM Uzbekistan»​ raddiyasida:

"Tushunmovchiliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qayd etish o‘rinliki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “yonib ketgan Cobalt rusumidagi avtomobil” suratida mutlaqo boshqa avtomobil aks etgan"¸ deyiladi.

Bunisi yonib ketgan mashinaning 8 fevral kuni Ozodlik mobil muxbiri tomonidan olingan surati va ularning ikkalasining bitta ekanini ko‘rish qiyin emas.
Bunisi yonib ketgan mashinaning 8 fevral kuni Ozodlik mobil muxbiri tomonidan olingan surati va ularning ikkalasining bitta ekanini ko‘rish qiyin emas.

Bu iddaoni rad etgan Ismoilova¸ Ozodlik ijtimoiy tarmoqlarida tarqagan suratning aynan yonib ketgan o‘z mashinasi surati ekanini alohida ta’kidladi va buni tasdiqlash uchun 8 fevral kuni Ozodlikka yonib ketgan mashinaning ayni shu kundagi holatin aks etgan surat va videolarni taqdim etdi.

«GM Uzbekistan» avtomobillari bo‘yicha shikoyatlar

Ozodlikka hozirga qadar «GM Uzbekistan» avtomobillari¸ xususan¸ «Cobalt»ning o‘z-o‘zidan yonib ketishiga oid boshqa holatlar ma’lum emas.

Ayni paytda¸ ijtimoiy tarmoqlar orqali Ozodlikka bu zavod mashinalarining sifati yaxshi emasligi haqidagi shikoyatlar kelgani ko‘riladi.

Xususan¸ 2018 yil noyabrida sirdaryolik iste’molchi Ozodlik Telegram kanaliga yangi olgan Gentra rusumidagi avtomobilida “brak va defekt ko‘pligi”¸ yangi mashinasining “starter, kompyuteri, zaslonkasi ishlamayotgani”dan shikoyat qilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda «GM Uzbekistan» zavodining shaxsi sir qolishini so‘ragan mutaxassisi¸ avtomobillar sifatining 2018 yilga kelib¸ ayniqsa¸ yomonlashganini e’tirof qildi.

Juda ko‘p narsa umuman standartga javob bermaydi. GM Korea bilan bitim bor. Uning mazmuni shuki, biz faqat va faqat Koreya ruxsat bergan joylardan xom ashyo va kd detallarni olishga ruxsat bergan. Lekin GM Uzbekistan va uning qoshidagi SP korxonalar mahalliy bozordan juda ko‘p sifatsiz, xavfli xom ashyoni olgan. 2018 yil chiqqan Neksiya R3 - eng xavfli mashina. Avariyaga qarshi qo‘yiladigan detallari 100% sifatsiz, yumshoq materiallardan qo‘yilgan. Bizda avariyada faqat yo‘l harakati qoidasiga ko‘ra kim aybdorligi o‘rganiladi, bunga avariya paytida mashinaning qaysi qismi ko‘p jarohatlanganini o‘rganadigan mustaqil tashkilot ochish kerak. Ana o‘shanda ko‘rasiz¸ GM Uzbekistan mashinalarining texnik ahvoli va xavfsizlik darajasi qanaqaligini”¸ deydi bu ma’lumotni jamoatchilikka oshkor qilish uchun ishdan haydalishidan cho‘chib shaxsi sir tutilishini so‘ragan GM Uzbekistan zavodi mutaxassislaridan biri.

XS
SM
MD
LG