Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:01

OzodDayjest: O‘zbekistonda “surrogat ona” amaliyotini joriy etish taklifi jiddiy bahs uyg‘otdi


Illyustrativ surat.

Vazir Umurzoqov va hokim Ortiqxo‘jaevning gapi bir joydan chiqmadi. O‘zbekiston qonunchiligiga “surrogat ona” tushunchasini kiritish taklif etilmoqda. Mas’ul amaldor pensiya yoshi o‘zgarishi muqarrar ekanini aytdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Investitsiya vaziri O‘zbekistonga xorij sarmoyadorlari kelmayotgani sabablarini aytdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar qarshisida hisobot bergan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov mamlakatga xorij sarmoyasini jalb etishga to‘siq bo‘layotgan jiddiy muammolar mavjudligini tan oldi (“Jamiyat”, 8 fevral). Qayd etilishicha, respublikadagi har bitta tumanda investorlarni jalb qilish, ularga joy ajratish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Joylardagi ichki sarmoyaga mas’ul mansabdorlar hozirga qadar faqat statistika bilan shug‘ullanib kelmoqda. Investitsiya bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari esa qanday ishlashni bilmaydi. Ayrim viloyatlarda erkin iqtisodiy zonalarning aniq hisob-kitobsiz joylashtirilishi, ayrim faoliyat turlari uchun sun’iy imtiyozlar berilishi sog‘lom raqobat muhitining buzilishiga olib kelmoqda. Ayrim erkin iqtisodiy zonalarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va infratuzilma ob’ektlarini qurish oxiriga yetkazilmayotgani, tijorat banklarining tashabbus ko‘rsatmayotgani ham sarmoyadorlarni jalb etishga to‘sqinlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev xorij sarmoyadorlari qurilish sohasiga pul tikmayotganiga asosiy sabab sifatida ommaviy axborot vositalarida tanqidiy materiallarning ko‘p berilayotganini ko‘rsatgan edi. Tadbirkor-hokim ko‘proq sarmoya jalb etish uchun jurnalistlarni mavjud voqelikni ijobiy rakursda ko‘rsatish – “ijobiy PR” bilan shug‘ullanishga undagan edi.

Deputat sun’iy urug‘lantirishga oid qonun yo‘qligi sabab yiliga 10 million dollar chetga chiqib ketayotganidan yozg‘irdi

O‘zbekiston qonunchiligiga “surrogat ona” tushunchasini kiritish taklif etilmoqda. Parlamentda muhokama etilayotgan “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ana shu jihat ko‘zda tutilgan (“Darakchi”, 14 fevral). Qayd etilishicha, qonunda EKO, ya’ni sun’iy ekstrakorporal urug‘lantirish amaliyotiga ruxsat berish belgilangan. “Surrogat ona” xizmatiga qonunan ruxsat berish taklifi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasida jiddiy munozaralar uyg‘otgan. Deputat Nodir Muxtorovga ko‘ra, “surrogat ona” amaliyoti joriy etilishi nikohsiz farzand dunyoga kelishiga qonuniy asos yaratadi. Deputat Aliya Yusupova esa mazkur xizmat odam savdosining yashirin shakli ekanini ta’kidlagan. Gazetaning eslatishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi sun’iy urug‘lantirishni o‘ta zarur hollarda, er va xotin orasidagina amalga oshirishga izn bergan. Musulmonlar idorasi fatvosiga ko‘ra, urug‘lantirish jarayoniga uchinchi shaxs, ya’ni “surrogat ona”ning jalb etilishi taqiqlanadi.

Deputat Rahim Hakimov esa qonunchilikka “surrogat ona” tushunchasi kiritilishi kerakligini aytgan. Unga ko‘ra, mazkur qonun majburiy emas, ya’ni diniy e’tiqodi izn bermaganlar “surrogat ona” xizmatidan foydalanmasligi mumkin. R. Hakimovning aytishicha, sun’iy urug‘lantirishga oid qonun yo‘qligi sabab o‘zbekistonlik oilalar bepushtlikdan davolanish uchun xorijga borishga majbur bo‘lmoqda va mamlakatdan yiliga 10 million dollar chetga chiqib ketmoqda.

Pensiya jamg‘armasining daromadi xarajatini qoplamay qolishi taxmin qilindi

O‘zbekiston vatandoshlarining ish staji kamayib, pensiya olish davri hozirgidek uzayib boraversa, ma’lum yillardan keyin pensiya jamg‘armasining daromadlari xarajatlarini qoplamay qoladi, deydi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi direktori Yorqin Tursunov (“Oila davrasida”, 14 fevral). Jamg‘arma rahbariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda pensiya yoshini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshirmay, uni ish stajiga bog‘lash taklif etilmoqda. Deylik, erkak kishi 35 yil ishlagan bo‘lsa – 59 yoshda, 30 yil ishlagan bo‘lsa – 60 yoshda, 25 yil ishlagan bo‘lsa – 61 yoshda, 20 yil ishlagan bo‘lsa – 62 yoshda, 15 yil ishlagan bo‘lsa – 63 yoshda, 10 yil ishlagan bo‘lsa – 64 yoshda va umuman staji bo‘lmasa – 65 yoshda pensiyaga chiqishi taklif etilmoqda. Qayd etilishicha, bu shunchaki loyiha bo‘lib, u keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Ammo, jamg‘arma rahbariga ko‘ra, har qanday holatda ham amaldagi 55 (ayollar uchun) va 60 (erkaklar uchun) pensiya yoshi o‘zgarishi muqarrar.

XS
SM
MD
LG