Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:19

Putin matbuot kotibining qizi Yevropa parlamentida ishlayapti


Yelizaveta Peskova yillardan beri Parijda yashaydi.
Yelizaveta Peskova yillardan beri Parijda yashaydi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin matbuot kotibining qizi Bryusseldagi Yevropa parlamentida (YeP) amaliyot o‘tamoqda va u Yevropa Ittifoqiga (YeI) tegishli turli hujjatlar bilan hech bir to‘siqsiz tanishish imkoniyatiga ega.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qizi 21 yashar Yelizaveta Peskova YePning fransiyalik a’zosi Emerik Shoprad qo‘lida amaliyot o‘tamoqda. Ushbu yevrodeputat Rossiya 2014 yili Ukrainaning Qrim yarim orolini bosib olishini ochiq qo‘llab-quvvatlagan edi.

Peskovaning ismi Shopradning YeP saytidagi veb-sahifasida ham qayd etilgan.

“Peskova xonim – Rossiya Federatsiyasidagi yuqori lavozimli kishining qizi, lekin u amaliyot o‘tovchi talaba sifatida boshqa yoshlarga nisbatan alohida huquqqa ega emas”, deb yozdi Shoprad elektron pochta orqali Ozodlikka yuborgan izohida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Peskova ayni paytda Rossiyada na davlat va na xususiy idorada ishlaydi.

“Binobarin, mening parlament a’zosi sifatida faoliyat yuritishimda manfaatlar ziddiyati yo‘q”, deb yozdi Shoprad.

Shoprad YePning tashqi ishlar qo‘mitasi hamda xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha kichik qo‘mita, qolaversa, Yevropa Ittifoqi-Rossiya parlamentlararo delegatsiyasi a’zosidir.

U 2014 yil martida Rossiya Ukrainaga tegishli Qrim yarim orolini bosib olgandan so‘ng Moskva o‘sha yerda uyushtirgan referendumda chet ellik kuzatuvchi sifatida qatnashgan edi.

Shoprad o‘shanda referendumni “o‘rinli” deb atagan edi, lekin bu Yevropa Ittifoqining bu tadbirga munosabatiga ziddir. Qolaversa, 100 ortiq mamlakat yoqlab ovoz bergan BMT Bosh Assambleyasi qarorida referendum haqiqiy emas deb topilgan va Ukrainaning hududiy birligi qo‘llab-quvvatlangan edi.

YePning bir qancha a’zolari Rossiya yuqori lavozimli amaldorining qarindoshi o‘zlari bilan yonma-yon ishlayotganidan taajjub bildirdi.

Peskova amaliyot o‘tovchi sifatida YePning ham Bryussel, ham Strasburgdagi binolariga hech bir to‘siqsiz kirishi hamda qo‘mitalar va parlamentning boshqa majlislarida qatnashishi mumkin. Ammo Shoprad Peskova yopiq majlislarda yoki YeI-Rossiya parlamentlararo qo‘mitasi tadbirlarida qatnasha olmasligini va maxfiy hujjatlardan foydalana olmasligini aytmoqda.

Nazorat unchalik qattiq emasligi va tekshiruvlar kam bo‘lgani sabab amaliyot o‘tovchilarning siyosiy guruhlar yig‘inlarida qatnashish imkoniyati mavjud. Peskova YeP intraneti va Shopradning partiyasi intranetiga bemalol kira oladi.

YePda amaliyot o‘tayotgan kishilarga YeP a’zosiga ajratilgan byudjetdan mablag‘ ajratiladi. Bu aslida – yevropalik soliq to‘lovchilarning puli. Peskovaning maosh olish-olmasligi aniq emas.

Amaliyot o‘tovchiga qancha maosh to‘lanishini YeP deputati hal qiladi. Uning yordamchilari uchun har oyda 25 ming yevro ajratiladi. Bir amaliyot o‘tovchiga ko‘pi bilan 1600 yevro maosh to‘lash mumkin, lekin YeP deputatlari amaliyot o‘tovchilarni maosh to‘lamay ham yollashi mumkin.

YeP a’zosi amaliyot o‘tovchini ro‘yxatga olish uchun mas’ul. Vaqtinchalik akkreditatsiya olish uchun maxsus forma to‘ldirilib, parlamentning akkreditatsiya beruvchi ofisiga topshiriladi. Doimiy akkreditatsiya olish uchun esa uch hafta talab etiladi. Shoprad Peskovaning amaliyot o‘tashi bilan bog‘liq barcha tartib-qoidalarga rioya etilganini va u bilan tuzilgan shartnomani parlament ma’qullaganini bildirdi.

Shoprad 2015 yilga qadar Fransiyaning o‘ng qanot “Milliy front” partiyasi a’zosi bo‘lgan, unga taniqli siyosatchi Marin le Pen rahbarlik qiladi. Ammo le Pen xonim aksilsemititizmda ayblangandan so‘ng Shoprad partiyadan chiqib, YePning mustaqil deputatiga aylandi. U keyinchalik parlamentdagi “Ozodlik va bevosita demokratiya Yevropasi” deb ataluvchi o‘ng qanot guruhi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi.

YePning germaniyalik a’zosi Knut Flekenshteyn Peskovaga o‘xshash siyosiy aloqalari bor kishilar Yevropa parlamentiga ishga olinayotgani haqidagi ma’lumot oshkor qilinishi kerak deb hisoblaydi.

Fransiyada yashab¸ shu yerda huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olayotgan Peskova Rossiya siyosiy elitasining G‘arbiy Yevropada o‘qiyotgan yoki yashayotgan ko‘plab farzandlaridan biridir. Kreml tanqidchilari ularni ikkiyuzlamachilikda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG