Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:50

Mulozima Nargiza Rahimova tahdidlar ortidan xavfsizlik xizmatlari himoyasiga olindi


O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Nargiza Rahimova
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Nargiza Rahimova

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Nargiza Rahimova (qizlik familiyasi Saidova) xavfsizlik sabablariga ko‘ra majburiy ta’tilga chiqarilgan va u yashab turgan uy 24 soatlik xavfsizlik xizmatlari himoyasiga olingan. Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston huquq tartibot idorasidagi manbalar hamda Nargiza Rahimovaning hamkasblari ma’lum qildi.

4 farzandning onasi 35 yashar Nargiza Rahimova Ozodlikning Feysbuk sahifasida qo‘shxotinlikka qarshi qilgan ehtiyotsiz sharhi ortidan internetdagi trollar va “muhofazakor” diniy segment tomonidan virtual sazoyi qilindi.

8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida avj olgan internet jazavasiga Nargiza Rahimovaning tarmoqda ko‘pxotinlikni yoqlab chiqqan Hayot Baxtiyoro‘g‘li ismli Feysbuk yuzeriga bergan javobi sabab bo‘ldi.

“Payg‘ambarimiz Xadicha onamiz tirikliklarida ustiga xotin olmaganlar” deya o‘z pozitsiyasini bildirgan mulozima gapida davom etib, “Bilmadim, balkim o‘sha paytda so‘takroq bo‘lgandirlar, balki Xadicha onamiz shallaqi ayol bo‘lgandirlar, bunisini siz yaxshiroq bilasiz”¸ deya o‘z virtual opponentiga kesatiq qilgan.

Ushbu sharh keltirib chiqargan virtual to‘qnashuvda Nargiza Rahimova himoyasiga chiqqanlar, u o‘z gapi bilan “Xadicha onamiz ustiga xotin olmaslik payg‘ambarimizning ongli qarori bo‘lganini va boshqa omillar bo‘lmaganini uqtirishga harakat qilganini aytishdi.

Rahimovaning asossiz ayblanayotganini ta’kidlagan yuzerlar¸ ehtiyotsizlik bilan qurilgan “so‘tak va shallaqi so‘zlari” shunchaki kontekstdan yulib olingan¸ deya ta’kidladi.

Biroq bu kabi argumentlarning minglab adovatli sharhlar, videochiqishlar va bayonotlar bilan ko‘mib tashlangani kuzatildi.

Yuzlab sharhlarda, Nargiza Rahimovaga radikal terror guruhlari an’analariga ko‘ra, o‘lim bilan tahdid qilindi.

Misol, Abduvali Ganiev ismli Feysbuk yuzeri O‘zbekiston davlat mulozimini “so‘yib tashlash” va “tilidan osish” bilan tahdid qilgan bo‘lsa, Xusainboy Yuldoshboev ismli yuzer uning “qo‘li, oyog‘i va tilini kesish, ko‘zini o‘yib tashlash” ni taklif qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat Nargiza Rahimova¸ balki uning oila a’zolari - bolalari hamda eriga qarshi tahdidlar ham paydo bo‘ldi.

Matbuotga gapirish vakolati bo‘lmagani uchun ismi sir qolishini istagan O‘zbekiston huquq-tartibot idorasidagi yuqori martabali mulozimning Ozodlikka aytishicha, ayni paytda tahdidli sharhlar mualliflarini aniqlash jarayoni boshlangan.

9 mart kuni o‘zini Islomga oid “Axborot-tahliliy portal” deb taqdim etuvchi internet nashri Nargiza Rahimovaning videomurojaatini e’lon qildi.

«Qisqacha aytadigan bo‘lsam, tushunmovchilik bo‘lgan. Asosiy niyatim, men bir xudoning bandasi sifatida turli talqinlarga sabab bo‘lgan, keskin tortishuvlarga sabab bo‘layotgan o‘sha fikrlarim uchun barcha musulmonlardan samimiy uzr so‘ramoqchiman», dedi Nargiza Rahimova videomurojaatida.

Bosimlar ostida Rahimova honim o‘zining ijtimoiy tamoqlaridagi barcha akkauntlarini o‘chirib tashladi.

Fergana. Ru nashriga ma’lum bo‘lishicha, prezident Mirziyoevning virtual qabulxonasiga Rahimovani jazoga tortish, uni ishdan bo‘shatish bo‘yicha yuzlab murojaatlar kelgan.

Tvitter (Twitter) ijtimoiy tarmog‘iga ko‘chgan yuzlab sharhlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, bir xilda yozilgan Rahimovani jazolash chaqiriqlari, u haqdagi haqoratomuz gaplar va unga nisbat berilgan feyk skrinshotlar botlar va trollar tomonidan tarqatilgan.

Turli ismlarga ochilgan Tvitter akkauntlardan tarqatilgan bir xil postlar
Turli ismlarga ochilgan Tvitter akkauntlardan tarqatilgan bir xil postlar

Hozircha Rahimova atrofidagi bahsu munozaralar borasida faqatgina O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilvosita rasmiy munosabat bildirdi.

O‘z bayonotida qo‘mita Nargiza Rahimova nomini tilgan olmagan, biroq qonunchilikka ishora qilib unga qarshi ritorikani davom ettirgan.

“Bugunga kelib bir insonning qarashlari jamiyatning boshqa a’zolariga va hattoki, butun jamiyatga ta’sir etmay qolmayapti….fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi” deya eslatadi Din ishlari qo‘mitasi.

Halqaro Amnistiya tashkiloti tomonidan e’lon qilingan “2018 yil Ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlik” deb atalgan hisobot bugungi kunda Nargiza Rahimova O‘zbekistonda duch kelgan vaziyat boshqa turli madaniy va diniy muhitlarga ham hos bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotga ko‘ra, ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlik global muammo sanaladi va aksar holatlarda erkaklar fikriga zid bayonot qilgan mansabdor ayollar tahdid va adovatli munosabatga duchor bo‘lmoqda. “Oqibatda ayollar o‘z ovozlaridan dunyoni o‘zgartirish uchun foydalanish o‘rniga sukut saqlash tomon siqib chiqilmoqda”, deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG