Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 19:27

Olimlar muzda saqlangan mamont hujayralarini qisman tiriltirishga muvaffaq bo‘ldi


Yaponiyada bir guruh olim 28 ming yildan beri muzloq ichida saqlangan mamontdan olingan hujayralarni sichqon hujayralari yoniga qo‘yib, ularni harakatlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo yaqin orada tirik mamont ko‘rishga umid qilmasa ham bo‘ladi.

Tajriba davomida 2011 yilda Sibirdagi abadiy muzloqda topilgan mamont hujayralari yadrolaridan foydalanilgan.

Xususan, mamont hujayralari yadrolari sichqon tuxum hujayralari ichiga kiritilgan. Ularning beshtasida hujayra bo‘linishidan oldin sodir bo‘ladigan biologik reaksiya kuzatilgan. Ammo ularning birortasida mamontni qayta yaratish uchun kerak bo‘ladigan to‘liq hujayra bo‘linish jarayoni kuzatilmagan.

Tajribada qatnashgan Kinday universiteti xodimi Key Miyamoto AFP agentligiga bergan intervyusida:

- Tajribamiz shuncha yil o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, hujayra faoliyati hanuz sodir bo‘lishi mumkinligini, uni qisman qayta yo‘lga qo‘yish mumkinligini ko‘rsatadi, - dedi.

- Bugunga qadar izlanishlar topilmalardagi DNKlarni analiz qilishga hamda ular hanuz faoliyat ko‘rsata olishi yoki yo‘qligini aniqlashga bag‘ishlanib kelayotgan edi, - deya qo‘shimcha qildi u.

Tajriba natijalari haqida o‘tgan dushanba kuni Scientific Reports jurnalida maqola chop etildi.

Miyamoto o‘tkazilgan tajriba yo‘q bo‘lib ketgan organizmlarni qayta tiriltirishga umid bag‘ishlamasligi haqida ogohlantirdi.

- Biz hujayralarga katta zarar yetganini aniqladik. Hujayra bo‘linishini kuzatishga muvaffaq bo‘lolganimiz yo‘q. Mamontni qayta tiriltirishimizga hali ancha bor, degan bo‘lardim, - dedi olim.

Kinday universiteti boshqa yapon hamda rus universitetlari bilan hamkorlikda mamontni o‘rganib chiqish hamda balki uni klonlashtirish ustida ishlamoqda. Olimlar, shuningdek, qadimiy jonivorni hayotga qaytarishning boshqa yo‘llari haqida ham bosh qotirmoqda.

- Bizga yangi texnologiyalar kerak. Turli uslublarni sinab ko‘rmoqchimiz, - deya so‘zni yakunladi Miyamoto.

XS
SM
MD
LG