Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2019, Тошкент вақти: 02:56

Sirdaryo viloyatida so‘nggi bir oyda 5 o‘smir o‘z joniga qasd qildi


Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos tumanlari va Shirin shahrida so‘nggi 1 oy ichida 4 o‘smir va 23 yashar qiz o‘z joniga qasd qildi.

Bu voqealarni tasdiqlagan ichki ishlar bo‘limlari mulozimlariga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilganlardan bir nafarininggina hayoti saqlab qolingan, qolgan to‘rt nafari o‘lgan.

Ozodlikka bir-biridan mustaqil manbalarning bergan xabarlariga ko‘ra, so‘nggi bir oy mobaynida Sirdaryo viloyati tuman va shaharlarida yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan.

(Ozodlikka o‘z joniga qasd qilgan yoshlarning ism-familiyasi ma’lum)

Xovos tumanining Qoraqum qishlog‘i mahalla faollaridan birining aytishicha, 13 mart kuni 2007 yilda tug‘ilgan, 5-sinf o‘quvchisi o‘zini osib o‘ldirgan:

“Bu bola maktabdan kelib, molxonaga kirib o‘zini osgan. Onasi ko‘rib qolib hushidan ketgan. Opalari kelib dordan kesib olgan, press ipdan dor qilgan ekan. Bola tirik bo‘lgan, uni ko‘tarib, QVPga olib borishsa hech kim yo‘q, keyin Shirin shahriga olib borayotganda yo‘lda joni uzilibdi. O‘zi sportsmen bola bo‘lgan ekan. Hech kim sababini bilolmayapti. Hozir prokuratura bu ish bilan shug‘ullanyapti”.

Bu xabarni Xovos tuman IIB mulozimi tasdiqladi.

Bu voqeadan ikki kun o‘tib, 15 mart kuni Boyovut tumanining Iskandar qishlog‘ida 18 yashar qiz va Jo‘langar qishlog‘ida 15 yashar bola ham o‘z uylarida osilgan holda topilgan.

Joriy yilning 3 fevral kuni Boyovut tumanining Sarmish qishlog‘ida 23 yashar qiz ham o‘zini osgan.

Boyovut tuman ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining aytishicha, bu o‘limlarning hammasi sirli bo‘lib qolmoqda:

“Eng taajjubli joyi shundaki, yoshlar o‘z joniga qasd qilish sabablarini anglatuvchi biror xat ham qoldirmagan. Haqiqatan ham, bu yil osdi-osdi xabarlar ko‘payib ketdi. Yana bir taajjubli joyi, bu qishloqlar turli tumanlarga qarashli bo‘lgani bilan, bir-biriga yaqin, bir hududda joylashgan”.

Ozodlikka 22 mart kuni ana shu hududga yaqin bo‘lgan Shirin shahrida ham 5-sinfda o‘qiyotgan qiz o‘z joniga qasd qilgani haqida shirinliklardan biri xabar qildi.

“Bolalar bahorgi kanikulga chiqdi. Ana shu chiqishdan oldin maktabda 18 mart kuni “chaepitie” degan urflari bor ekan. Ana shu tadbirga har bir o‘quvchi nimadir pishirib olib borishi kerak ekan. 12 yashar bu qizcha hech narsa olib borolmaganmi yoki ota-onasining qo‘li kaltalik qilganmi, maktabda unga biror narsa deyishganmi, ishqilib, maktabdan chiqib o‘zini kanalga tashlagan. Yaxshiyam, kunduz kuni bo‘lgani uchun uni qutqarib olishdi, tirik qoldi”.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlar, ayniqsa maktab o‘quvchilarining o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani kuzatiladi.

Ozodlik so‘nggi oylarda o‘z joniga qasd qilgan o‘nlab maktab-kollej o‘quvchilari haqida xabar berdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham Samarqand viloyatida qilgan chiqishida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani haqida gapirgan va bunday holatlarni oldini olishga chaqirgan edi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 19 fevraldagi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari joriy etilgan edi.

XS
SM
MD
LG