Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2019, Тошкент вақти: 02:57

Xorazmda noma’lum yirtqich bir haftada 20ta qo‘yni bo‘g‘izladi


Xorazm viloyatining Shovot tumani Beruniy qishlog‘i “Usta Hunarmand” mahallasi vakillariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida noma’lum yirtqich hayvon yigirmaga yaqin qo‘yni bo‘g‘izlab ketgan.

Xorazm viloyatining Shovot tumani Beruniy qishlog‘i “Usta Hunarmand” mahallasi vakillariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida noma’lum yirtqich hayvon yigirmaga yaqin qo‘yni bo‘g‘izlab ketgan. Turkmaniston chegarasiga yaqin ushbu hududda shu paytgacha choravaga yirtqichlar hujumi kuzatilmagan edi. Aholi chorvasiga noma’lum yirtqich hujum qilayotganidan o‘z uylaridan tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qolishganini aytishadi.

Beruniy qishlog‘ida yashovchi Quvondiq Rahimovning Ozodlikka aytishicha, aholi tuman hokimligi va militsiyaga yirtqichlarga qarshi chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan, lekin deyarli hech narsa qilinmayapti.

- Shikoyatimizga hech kim quloq solmaydi. Yaqinda ovchilarimiz chorvamizga hujum qilgan hayvonni otib keldi. Bo‘ri desa bo‘ri emas, it desa it emas. Tishlari qayrilgan bir yirtqich. Shular hujum qilib, qo‘y va mollarni bo‘g‘izlab ketyapti ekan. Militsiyaga, hokimiyatga ham aytdik, lekin natija yo‘q, - deydi Quvondiq aka.

Beruniy qishlog‘i fuqarolar yig‘ini faollaridan biri chorvaga noma’lum yirtqich hujum qilayotganini tasdiqladi.

- Qanaqa hayvon ekanini bilmaymiz. Turkmanistonga yaqin yerlardagi qamishzorlarda och itlar ko‘paygan, deb eshitdik. Shular bo‘lishi mumkin. Lekin, bizni hududda bo‘ri yo‘q. Och itlar bo‘lishi mumkin. Hujum bo‘lgan joylarda kuzatuv tashkil etildi, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalla faoli.

Beruniy qishlog‘ida noma’lum hayvon hujumidan ko‘rilgan talofotlar ko‘lami borasida hozircha aniq raqamlar yo‘q.

Shovot tumani hokimligidan bu bahda izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbekistonning boshqa hududlarida bo‘rilarning chorvaga hujumi bundan oldin ham kuzatilgan.

Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumani "Turkiston" ovulida o‘tgan yil bahorda mol va qo‘ylarni bo‘g‘izlab yurgan bo‘ri ushlagan ovchiga tuman hokimi qo‘y sovg‘a qilgan edi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining tog‘li Qangli qishlog‘ida esa o‘tgan yili bir hafta ichida bo‘rilar o‘ttizga yaqin qo‘yni bo‘g‘izlab ketgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG