Линклар

Шошилинч хабар
25 август 2019, Тошкент вақти: 19:01

O‘qituvchi 13 yashar xasta qizni sinfdoshlari oldida xo‘rladi


Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida yashovchi Gulchehra Ubaydullaeva 13 yashar nabirasini maktabda o‘qituvchi ayollardan biri xo‘rlaganini da’vo qildi.

Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchi qizning hikoya qilishicha, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi mashg‘ulotga qatnashmagani uchun boshqa o‘quvchilar ko‘z o‘ngida uning ko‘ylagini yirtib yuborgan.

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi xodimi boshqarmaga ham bunday xavotirli holatlar haqida ma’lumotlar kelib turishini tan oldi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘qituvchi 6-sinfda o‘qiydigan qizga darsga qatnashmagani uchun tanbeh berganini tan oldi, ammo unga kuch qo‘llagani yoki ko‘ylagini yirtib yuborgani haqidagi shikoyatlarni keskin rad qildi.

O‘quvchining hikoyasi

Nurafshon shahridagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinfida o‘qiydigan qizning (ismi ochiqlanmayotir - tahr.) aytishicha, hayz kunlarida jismoniy tarbiya darsiga qatnasha olmagani uchun o‘qituvchisi tomonidan xo‘rlangan.

- Bir oy ichida 2 yoki 3 marta (hayz) keladi. O‘tgan haftada ham kelgan edi, men ustozimdan ruxsat so‘radim - ruxsat berdi. Lekin, bu hafta yana keldi, darsga qatnasha olmadim... Ustoz meni darsni o‘rtasida yoniga chaqirdi, yonida sinfdoshlarim turgan edi. Ularni oldida baqirib urishdi: "Har safar kelaveradimi?! Sen meni aldayapsan", deb baqirdi va belimdan qattiq chimchilab oldi, men yig‘lab yubordim. Keyin ko‘ylagimni 2-3 martalab, qattiq siltab tortdi - kuylagimning qorin tarafdagi tugmalari uzilib, yirtilib ketdi, - deydi o‘quvchi qiz.

O‘sha kuni bu qizning yonida bo‘lgan sinfdoshlaridan biri ham shikoyatni tasdiqladi:

"O‘qituvchimiz sifdoshimga baqirdi, urushdi. Keyin qorniga turtib, oq koftasini qattiq siltab tortganini o‘zim ko‘rdim. Sinfdoshim yig‘lab xonadan chiqib ketdi", dedi hodisaning ismini oshkor qilmayotganimiz guvohi - 6 sinf o‘quvchisi bo‘lgan yana bir qiz.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 14 mart kuni sodir bo‘lgan, ammo xo‘rlangan qiz xasta buvisini ehtiyot qilib, avvaliga bu haqda oilasiga bildirmagan va oradan 3 kun o‘tibgina, oila xabar topgan.

Buvining shikoyati

O‘quvchining buvisi - Gulchehra Ubaydullaeva esa, Ozodlik bilan suhbatda, nabirasining shu kunda xasta ekani, muntazam davolanayotganini aytdi.

Ubaydullaeva, nabirasining shu ahvolda sinfdoshlari ko‘z o‘ngida xo‘rlanganidan qattiq norozi ekanini bildirdi.

- O‘zi qizim juda yuvvosh, dardini ichiga yutib yuradigan qiz. Mening qand kasalim bor, qon bosimim baland - shuning uchun ko‘p narsani bizga aytmaydi. Bu voqeani ham aytmagan. 4-5 kun o‘tib, koftasini yirtilganini ko‘rib, bilib qoldim. O‘qituvchining qiz bolani o‘g‘il bolalar oldida bunaqa siltab, baqirib, xo‘rlashga nima haqqi bor?! - deb da’vo qildi o‘quvchi qizning buvisi muxbir bilan 20 mart kungi suhbatda.

Qizning buvisi o‘qituvchiga chora ko‘rishni talab qilib, maktabga borgani, ammo qoniqarli javob ololmaganini aytdi.

Quyida Gulchehra Ubaydullaeva bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:12 0:00
Бевосита линк

Bu ayol nabirasining sog‘ligiga oid mavjud tibbiy ma’lumotnomalar nusxasini Ozodlikka taqdim qildi:​

O‘qituvchining inkori

Ozodlik bu voqea ortidan 20 mart kuni 1-maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Li Janna Aykazovnaga bog‘landi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘qituvchi 6-sinfda o‘qiydigan qizga darsga qatnashmagani uchun tanbeh berganini tan oldi, ammo unga kuch qo‘llagani yoki ko‘ylagini yirtib yuborgani haqidagi shikoyatlarni keskin rad qildi.

"Men bu qizga har doim yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ishoning menga. Men u qizga umuman tegmadim. Men uni faqat urushib berdim, xolos. U oshirib yuborayapti", dedi o‘qituvchi.

Direktorning va’dasi

Ayni maktab direktori Natalya Li ham Ozodlik bilan 20 mart kungi mikrofonsiz suhbatda hodisadan bir necha kun o‘tib xabar topgani, ammo o‘qituvchi buvi va nabiraning shikoyatini rad etayotganini aytdi.

"Agar shunday holat sodir bo‘lgani aniqlansa, men o‘qituvchiga xayfsan beraman. Aslida bu o‘qituvchimiz juda yaxshi, tajribali, hurmati baland o‘qituvchi. Men 22 mart kuni ularni yuzlashtirish uchun chaqiraman, voqeaga guvoh bo‘lgan sinfni ham chaqiraman. Ungacha o‘rinsiz vahima solmaylik, keling avval aniqlashtiraylik", dedi direktor.

Ammo, 24 martga kelib Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, direktor na o‘quvchi, na buvi va na voqeaga guvoh bo‘lgan sinfdoshlarni chaqirgan.

24 mart kuni bog‘langan muxbirdan direktor yana bir kun kutishni taklif qildi. Ammo, 25 mart kuni direktorga bog‘lanish urinishlari besamar ketdi.

Baqiroq, urong‘ich o‘qituvchilarga chora

Keyingi paytlarda mahalliy matbuot va Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarda o‘quvchiga kuch qo‘llagan, ularni kamsitgan yoki kaltaklagan o‘qituvchilar ko‘p tilga olinmoqda.

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining ismini oshkor qilmagan xodimi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, boshqarmaga ham bunday xavotirli holatlar haqida ma’lumotlar kelib turishini tan oldi.

Ammo xodimga ko‘ra, "bunday shikoyatlar ko‘p bo‘lmaydi", bo‘lgan taqdirda o‘qituvchiga "xayfsan beriladi yoki ishdan bo‘shatishgacha boriladi". Ammo, bunday chora ko‘rilishidan oldin Xalq ta’limi boshqarmasi maxsus komissiyasi vaziyatni o‘rganishi va xulosa berishi lozim.

Agar o‘qituvchiga nisbatan ish ochilsa, unda qonunchilik doirasida yanada og‘ir chora - o‘qituvchilikdan ma’lum yoki doimiy muddatga chetlatish chorasi qo‘llanishi hamda JKda ko‘zda tutilgan tartibda jazo berilishi mumkin.

Maktablarda zo‘ravonlikka qarshi chora

Bir oy muqaddam Xalq ta’limi vazirligi maktablarda zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilgan loyihani amalga sinala boshlaganini bildirgandi.

Vazirlik rasmiy saytida aytilishicha, “Maktablarda zo‘ravonlikni oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi”, deb nomlangan loyiha shu yilning fevralida boshlangan va iyulga qadar davom etadi.

Unda asosiy e’tibor o‘quv dargohida ijobiy psixologiyani shakllantirish, xususan, o‘quvchilar o‘rtasida bullingning oldini olishga qaratilishi, shu bilan birga, loyihaning "o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarini oldini olishda yordam berishi" aytilgan.

Aytilishicha, bu loyiha 2019-2020 yillarda amalga oshiriladi va zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilgan o‘quv materillari O‘zbekiston sharoiti va qonunchiligiga moslashtiriladi. Loyihada yevropalik mutaxassislar ham ishtirok etishi aytilgan.​

Kaltaklangan, xo‘rlangan o‘quvchilar

Ozodlik so‘nggi 1 oy ichida o‘qituvchisi tomonidan kaltaklangan, sinfdoshlari oldida kamsitilgan yoki xo‘rlangan o‘quvchilar haqida 10 ga yaqin voqeani o‘rgandi.

Ayrim hollarda o‘qituvchilarning zo‘ravonligi ortidan o‘quvchilarning o‘z joniga qasd qilish yoki qasd qilishga urinish hollari ham uchramoqda.

Jumladan, 18 mart kuni Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida yashovchi ayol 11-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li "o‘qituvchisi tomonidan kaltaklangach", o‘z joniga qasd qilishga uringanini da’vo qildi. Ozodlikning aniqlashicha, natijada, Sho‘rchi tuman prokuraturaci ochilgan ma’muriy ishni sudga oshirgan, tuman xalq ta’limi bo‘limi esa ishi ko‘rilayotgan o‘qituvchiga hayfsan e’lon qilgan.

Shu yilning 6 martida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi umumta’lim maktabida o‘zini tomdan tashlab o‘ldirmoqchi bo‘lgan o‘quvchining onasi maktab rahbariyatini bolasini suitsid xolatiga keltirganlikda ayblab, Ozodlikka shikoyat qildi. Shikoyat ortidan maktab direktori muovini lavozimidan bo‘shatilgani, ikki o‘qituvchiga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi.​

4 mart kuni esa Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi sport maktab internati sport murabbiysi o‘quvchini urib komaga tushirgani ortidan 2 yilu sakkiz oyga ozodlikni cheklash bilan jazolandi.

Shu kuning o‘zida Ichki ishlar vazirligi Samarqand viloyati Paxtachi tumanida dars paytida o‘quvchini urgan harbiy ta’lim o‘qituvchisi ushlangani, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

18 fevral kuni esa Surxondaryo viloyati Denov tumani 74-umumta’lim maktabining geografiya o‘qituvchisi dars paytida 5-sinf o‘quvchisining qo‘lini tayoq bilan urib sindirgani Ozodlikka ma’lum bo‘lgandi. Hodisa ortidan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi.

O‘qituvchilarning o‘quvchilarga nisbatan kuch qo‘llagani yoki xo‘rlaganiga oid rasmiy raqamlar esa Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG