Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:46

Investor Toshkent hokimini o‘zini qurilish bozoridan siqib chiqarayotganlikda ayblamoqda


Muhammadbobur Xo‘jaev¸ o‘zining davlat vakolatidan shaxsiy manfaatlari uchun foydalanayotgan hokimiyat rahbarlari nishoniga aylanganini aytmoqda.
Muhammadbobur Xo‘jaev¸ o‘zining davlat vakolatidan shaxsiy manfaatlari uchun foydalanayotgan hokimiyat rahbarlari nishoniga aylanganini aytmoqda.

28 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida toshkentlik investor Muhammadbobur Xo‘jaev qurdirgan yana ikkita uy taqdiri ko‘rib chiqiladi – tuman hokimligi 600 odam yashayotgan ikkita uch qavatli uyni noqonuniy qurilgan degan iddao bilan buzishni so‘ramoqda.

Xo‘jaevning mazkur tumanda qurdirgan 3 qavatli uylaridan biri 2018 yilning 4 noyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov va shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning og‘zaki buyrug‘i bilan buzib tashlangan edi.

Бош вазир тадбиркорни бир кунда 560 минг долларидан айирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:39 0:00

Xo‘jaevning Ozodlikka aytishicha¸ bu noqonuniy hatti-harakat haqida matbuotga gapirib¸ DXXga arz qilgani ortidan uning Toshkent shahrida qurdirgan yana besh ob’ekti shahar hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan buzishga berilgan.

28 mart kungi sudgacha bo‘lgan jarayonning ma’muriy bosim ostida kechganini ta’kidlagan developer¸ Toshkentdagi qurilish bozorini monopoliyasiga aylantirgan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevni arzon uy qurayotgani uchun o‘zini bu bozordan siqib chiqarayotganlikda aybladi.

Ozodlik gaplashgan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi bu iddaoni rad qilishga urindi¸ Ortiqxo‘jaev matbuot xizmati esa¸ ish sudda ko‘rilayotgani bois¸ bu haqda izoh berilmasligini bildirdi.

Sudsiz buzishdan sud qarori bilan buzishga o‘tildi

28 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi tuman hokimligi da’vo arizasini ko‘rib chiqadi.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi Rishton ko‘chasida qurilgan 76- va 97- uylarni “o‘zboshimchalik bilan qurilganlik”da ayblab¸ suddan ularni buzish haqida ajrim chiqarishni so‘ragan.

Bu uylarni qurdirgan xususiy investor Muhammadbobur Xo‘jaev esa¸ uylarning aynan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi va poytaxtdagi qurilish uchun mas’ul davlat tizimlari ruxsati bilan qurilganini aytadi.

- Bu uylarga 600 odam ko‘chib kirgan¸ hozir ularni ko‘chaga haydab¸ uylarni buzishmoqchi. Bu uylar shaharsozlik qoidalariga mos ravishda qurilgan. Yer¸ loyihalashtirish va qurilish bilan bog‘liq hamma hujjatlarim bor¸ hammasi qonuniy¸ hammasiga davlat idoralari qo‘l qo‘ygan¸ tasdiqlagan. Lekin hech kim bunga qaramayapti. Maqsad¸ bu uylarni buzish! Hokimiyat¸ prokuratura va sud ana shu maqsad uchun til biriktirib birga ishlayapti¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Muhammadbobur Xo‘jaev.

Bu ishni ikki oydan beri o‘rganayotgan Gumanitar huquqiy markazi rahbari Shuhrat G‘aniev¸ Muhammadbobur Xo‘jaev qurdirgan 3 qavatli uyning o‘tgan yil noyabrida buzib tashlanishi bilan boshlangan qonunsizlikning to‘xtovsiz davom etayotganini aytadi.

- Shaxsan bosh vazir Aripov va Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaevning mashina ichidan ko‘rsatib¸ mana shu uy yo‘qotilsin¸ degan og‘zaki farmonini bajarishda pulini berib¸ bu uyga kirib yashayotgan odamlarni sudsiz tashqariga chiqarayapti bular. Bu bir. Ikkinchisi¸ sud va ungacha bo‘lgan protsesslarda Muhammadbobur va uning quruvchilariga ham prokuratura¸ ham sud tizimi tomonidan bevosita tazyiq ko‘rsatilayapti va bu bizni xavotirga solayapti¸ deydi huquqshunos G‘aniev.

Xo‘jaev qurdirgan imoratlar nega buzdirilmoqda? Hokim javobi

Ozodlik bu savol bilan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashevga murojaat qildi.

- Bizga noqonuniy yoki o‘zini tartib-qoidasi bilan qurilmagan uylarni buzish haqida GlavAPU(Toshkent arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi nazarda tutilmoqda – tahr.) yoki qurilish bo‘limi tekshirib¸ xulosa beradi. Bizning tumanda faqat Xo‘jaev qurdirgan oltita uy emas¸ balki juda ko‘p boshqa uylar ham buzishga berilgan. Ular ichida xususiy xonadonlar ham¸ ko‘p qavatli uylar ham bor¸ dedi Irgashev.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi Xo‘jaevning¸ “hamma hujjatlarim hokimlik va boshqa davlat idoralari tomonidan qonuniy rasmiylashtirilgan¸ o‘zlari qurishga ruxsat berib¸ endi o‘zlari noqonuniy qurildi¸ deb iddao qilayapti”¸ degan e’tiroziga ham javob berdi:

- Hozirgi tartib-qoidaga ko‘ra¸ qurilishlarni hokimiyat rasmiylashtirmaydi¸ bu Yagona darcha orqali o‘tiladi. Bu sporniy masala bo‘lgani uchun¸ faqat sud orqali hal qilinadigan bo‘layapti¸ dedi Ozodlik hokim Shavkatbek Irgashev.

Investor iddaosi

Muhammadbobur Xo‘jaev¸ uch qavatli yangi uyining 2018 yil noyabrida sud qarorisiz buzilishidan boshlanib¸ o‘zi qurdirgan barcha ob’ektlarning hokimiyat tomonidan buzishga berilganini maxsus kampaniyaning bir qismi deb bilishini aytadi.

- Toshkentda eng arzon va sifatli uy-joyni men qurdirayapman. Discover Invest, Murad Buildings uch xonali uyning faqat devorini 150 ming dollarga taklif qilayotgan bo‘lsa¸ men uch xonali uyni¸ remonti bilan¸ ko‘chib yashashga tappa-tayyor qilib¸ 30 ming dollarga sotayapman. Bu kvartiralarga xaridor juda ko‘p. Men nomlarini aytgan Toshkentdagi eng yirik developerlik shirkatlari¸ bilishimcha¸ shahar hokimi Jahongir Ortiqxjaevga qarashli¸ yoki u bilan sheriklikda ishlaydi. Bular uy-joy bozorini monopoliya qilib¸ menga o‘xshagan raqobatchilarni siqib chiqarishayapti. Bor gap shu¸ deydi Muhammadbobur Xo‘jaev.

Ozodlik Jahongir Ortiqxo‘jaev sha’niga bildirilgan bu ayblovga munosabat so‘rab¸ Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

"Ish sudda¸ hozir ma’lumot bersak¸ sudga bosim o‘tkazayotgan yoki xalaqit qilayotgan bo‘lamiz"¸ degan yozma javob keldi matbuot xizmatidan.

Sud

28 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida boshlangan jarayon¸ O‘zbekiston adliya tizimining isloh bo‘lgan-bo‘lmaganini ko‘rsatadi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda huquqshunos Shuhrat G‘aniev:

- Sudlar haliyam tepadan¸ bu ishda¸ hokim Ortiqxo‘jaev bergan og‘zaki buyruqqa muhr bosib¸ yuzlab oilani ko‘chaga haydash¸ sarmoyadorni sindirish haqida qaror chiqarsa¸ bu juda xavotirli voqea bo‘ladi. Men ertaga Bryusselda O‘zbekistondagi inson haqlari haqida YeI rasmiylariga gapirib beraman. Shubhasiz¸ o‘zbekistonlik investorning taqdiri xorijdagi potensial investorlarga ham qiziq va men bu mahkamani¸ albatta¸ bu suhbatlarda ko‘taraman¸ deydi G‘aniev.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi Shavkatbek Irgashev¸ sud hukmining adolatli bo‘lishiga shubhasi yo‘qligini aytadi:

- Hozir sudlar mustaqil ishlayapti. Hokimlik bergan ancha-muncha da’vo arizalarini qondirmasdan¸ odamlarga kompensatsiya to‘lash va boshqa-boshqa qarorlar chiqarishayapti. Xo‘jaev masalasida ham¸ adolatli hukm chiqadi¸ albatta¸ dedi Irgashev.

Muhammadbobur Xo‘jaev¸ bu ehtimolga ko‘p ham ishonmasligini ayta turib Jahongir Ortiqxo‘jaevni davlat bergan vakolatidan foydalanib¸ o‘z biznes raqibini yo‘q qilishga kirishganlikda ayblaydi.

- Hokimlik¸ sud va prokuraturadagi mulozimlar¸ Ortiqxo‘jaev hammasiga bosim qilib¸ bu ishlarni hokimlik¸ ya’ni o‘zi foydasiga hal qilishni buyurganini menga ochiq aytishdi. Sudning nima qaror chiqarishi oldindan aniq. Chunki hozir Ortiqxo‘jaevning gapini ikki qiladigan deyarli topilmaydi. Sababi¸ prezidentga yaqin hokim¸ deydi Xo‘jaev.

XS
SM
MD
LG