Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2021, Тошкент вақти: 05:31

OzodDayjest: Sirdaryoda “Sexy girls” virusi orqali firibgarlik qilgan yigit qo‘lga olindi


Illyustrativ surat.

Tanish-bilish va yuqoridan qo‘ng‘iroq orqali deputat bo‘lganlar ham borligi tan olindi. Boyovutlik yigit Telegram tarmog‘i orqali kiberjinoyat sodir etdi. Prezidentning kitobxonlikka oid qarori ijro etilmayotgani tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

“Milliy tiklanish” partiyasi vakili tanish-bilishchilik bilan deputat bo‘lganlar borligini tan oldi

Turli darajadagi deputatlar orasida tanish-bilishchilik yoki qo‘ng‘iroq orqali bu maqomga erishganlar ham bor (“Ishonch” gazetasi sayti, 28 mart). “Zamon zayli bilan, “tepa”dan kimlarningdir qo‘ng‘irog‘i sabab yoki tanish-bilishini ishga solib deputatlik maqomiga ega bo‘lgan va shu paytgacha saylovchilari bilan bir bor borib uchrashmaganlar ham yo‘q emas. Afsuski, bunday deputatlar O‘zMTDP Toshkent shahar va tuman kengashi safida ham bor. Endi bo‘lajak saylovda bilib-bilmay ovoz berib qo‘ygan qo‘shtirnoq ichidagi deputatlarning nomzodi o‘tmasligi aniq”, deydi “Milliy tiklanish” partiyasi Toshkent shahri kengashi matbuot kotibi Ravshan Mahmudov. Partiya vakili yillar davomida deputatlar xalq uchun emas, aksincha, xalq ular uchun xizmatda bo‘lib kelganini qayd etgan. Shuning uchun mansabdorlar deputat bo‘lishga intilgan, bu yo‘lda har qanday qing‘irlikdan qaytmagan. “Tan olish kerak, xalqimiz ongida yillar davomida deputat ohori to‘kilmagan kostyum-shim kiyib, chiroyli bo‘yinbog‘ taqqan, davralarning eng to‘rida ko‘rk to‘kib o‘tirgan shaxs sifatida gavdalandi. Yon oynalari qoraytirilgan mashinada to‘y-hashamlarga borib qolsa, oyog‘i tagiga qo‘y so‘yish holatlariga ham guvoh bo‘lganmiz”, deydi “Milliy tiklanish” partiyasi vakili.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga saylovlar yaqinlashgan sayin partiyalar va deputatlar faoliyati haqida munozaralar kuchaymoqda.

Telegram tarmog‘i vositasida 67 kishiga firib bergan shaxs ushlandi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi yigit Telegram tarmog‘i orqali kiberjinoyat sodir etdi (“Darakchi”, 28 mart). Ismi oshkor etilmagan shaxs Telegramdagi shaxsiy profili orqali turli raqamlarga “Sexy girls” nomli virus dasturini yuborgan va oqibatda o‘sha telefon bloklanib qolgan. Shundan keyin kiberjinoyatchi telefon egasiga qo‘ng‘iroq qilib, blokdan chiqarish evaziga Click yoki Paynet xizmati orqali o‘z raqamiga pul tushirishni talab qilgan. Telefon egasi talab qilgan summani yuborgan vaqtda jinoyatchi plastik karta himoya raqamini bilib olgan va kartadan katta miqdorda pul ye olgan. Shu tariqa u 67 nafar vatandoshning 5,5 million so‘mdan oshiq mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudi raisi Otabek Nabievga ko‘ra, kiberjinoyat sodir etgan yigitga jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklangan. Unga tayinlangan jazo ochiqlanmagan.

Prezidentning kitobxonlikka oid qarori ijrosi paysalga solinmoqda

Buxoro viloyati tumanlarida O‘zbekiston prezidentining kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir qarori ijrosi paysalga solinmoqda (“Oila davrasida”, 28 mart). Maktab va kollej axborot-resurs markazlarida hanuzgacha ma’nan va shaklan eskirgan adabiyotlardan foydalanib kelinmoqda. Kitoblarning elektron bazasi yaratilmagan. Masalan, Peshku tumanidagi Sanoat kasb-hunar kolleji kutubxonasida adabiyotlarning aksar qismi 1970-80 yillarda nashr etilgan. Lotin alifbosidagi adabiyotlar barmoq bilan sanarli. Kompyuter va internet muammo. Keyingi yillarda birorta badiiy adabiyot xarid qilinmagan. 2018 yilda bor-yo‘g‘i 11 ta kitob, u ham bo‘lsa, darslik sotib olingan. Qayd etilishicha, tumanlardagi aksar kutubxonalardagi shart-sharoit ham talabga javob bermaydi. Qiroatxonalar sovuq va zaxligidan kitobxonlar kelmay qo‘ygan. Gazetaga ko‘ra, hududlar obodligi uchun milliardlab mablag‘ sarflanayotgan bir paytda kutubxonalarni ham yoddan chiqarmaslik kerak.

XS
SM
MD
LG