Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2021, Тошкент вақти: 13:32

BakanTex ishchilari prezident portali ham o‘zlarini "qullarcha" mehnatdan qutqara olmaganini aytmoqda


2019 yilning 28 fevraь kuni prezident Mirziyoev Bakan Tex MChJsiga qarashli Namangandagi ip yigirish fabrikasini borib ko‘rgan.

2017 yili O‘zbekistonda asos solingan Bakan Tex to‘qimachilik fabrikasi¸ unda ishlovchi bir guruh ishchi-xizmatchilarning Ozodlikka aytishicha¸ 8 soatlik ish kunini qo‘shimcha haq to‘lamasdan 12 soatga aylantirgan¸ mehnat ta’tilini 21 kundan 15 kunga tushirgan va bayram kunlari ishlashni ham majburiy qilgan; haftasiga 60 soatdan oshadigan bunday ish uchun ishchilar oyiga 1.2-1.5 million so‘m haq olmoqda.

Fabrika mutasaddisi¸ bu ma’lumotni qisman tasdiqlagan holda¸ bunday ish talabining O‘zbekiston mehnat qonunchiligi doirasida ekani va odamlar shunga rozi bo‘lib ishga kiraëtganini bildirdi.

Mehnat vazirligining huquqiy boshqarmasi mutaxassisi esa¸ turk-o‘zbek qo‘shma korxonasidagi vaziyat misolida O‘zbekiston mehnat qonunchiligining ishchi-xizmatchi emas¸ ko‘proq ish beruvchi tomonida ekani va bu qonunchilikning real voqealikka mos kelmay qolganini ta’kidladi.

“Haftada 6 kun 12 soat tik turib ishlaymiz”

Ozodlikka bog‘langan ishchilar o‘zlarining Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan Bakan Tex fabrikasining ip yigiradigan sexi ishchilari¸ elektr va qozonxona faoliyatini ta’minlashga mas’ul xizmatchilari nomidan murojaat qilayotganini bildirdi.

Ish sharoitlarini matbuotga ochiqlagani uchun ishsiz qolishidan qo‘rqqan bu suhbatdoshlar¸ shaxsi sir tutilishini so‘radi.

“Ko‘pchiligimiz smenadagi ishchilarmiz – haftada 6 kun 12 soatdan ishlaymiz. Shartnomada 8 soat deyilgan¸ undan oshig‘iga alohida haq to‘lash kerak. Lekin to‘lashmaydi. 8 soatlik ish so‘rab prezident virtual kabulxonasiga murojaat qildik¸ ammo hech qanday natija bermadi. Mehnat inspeksiyasidan kelgan tekshiruvchi barchasini bosti-bosti qilib ketdi”¸ - dedi bir guruh hamkasblari nomidan Ozodlikka bog‘langan Bakan Tex ishchilaridan biri.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ 12 soatdan tik oyoq ustida ishlayotganlar orasida homilador ayollar ham bor.

“Ulardan bittasi shikoyat bilan portalga chiqqanidan keyin¸ hamma homilador ayollarni yangi ishga qabul qilingan xodimlar bo‘limi va texnika xavfsizligi injeneri “o‘z roziligiga ko‘ra” deb yozilgan arizaga majburan qo‘l qo‘ydirib¸noqonuniy bo‘shatib yuborishdi”¸ - deydi Bakan Tex ishchilaridan yana biri.

Ozodlik gaplashgan Bakan Tex ishchi-xizmatchilari¸ fabrika boshqaruvi bir necha oy avval turkiyalik menejerga o‘tganidan so‘ng¸ ishchilarning mehnat shartnomalari qayta ko‘rib chiqilganini aytadi.

“21 kunlik mehnat ta’tili 15 kunga tushirildi¸ bir soatlik tushlik 15 minut bo‘ldi¸ portalga chiqqanimizdan keyin¸ 30 minut qilib berishdi. Hatto tualetga ham talon bilan kirib chiqadigan bo‘ldik – necha marta kirganimizni kuzatishadi. Soat 4 da choy va bulochka berilardi - sal nafas rostlash uchun uniyam “ish hajmini oshiramiz”¸ deb yo‘q qilishdi. Chang-to‘zonli yopiq joyda¸ 12 soat oyoq ustida ishlashdan sillamiz quridi. 8 mart kuni ham ishladik¸ hech qanday ichki buyruq chiqmadi – qonun bo‘yicha ishchining roziligi kerak. Chiqmaganlar ishdan bo‘shaydi¸ deb qo‘rqitishdi. Bayramda ishlaganimizga ham haq to‘lanmaydi”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan turk-o‘zbek qo‘shma to‘qimachilik fabrikasi ishchisi.

Ishchilarga ko‘ra¸ ularga 6 kun¸ 12 soatlab ish uchun to‘lanayotgan o‘rtacha oylik 1 million 200 mingdan 1 million 500 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Ishchilar iddao qilayotgan kabi¸ ular 6 kun 12 soatdan 1¸5 million so‘mlik oylikka ishlayotgan bo‘lsa¸ bu ularga soatiga to‘lanayotgan ish haqining yarim dollarga ham yetmasligini anglatadi.

(Qiyos uchun – 2019 yili bir soat ish haqi uchun belgilangan minimum Avstraliyada 14 dollarni¸ ish kuchi eng arzon sanaladigan davlatlardan biri Xitoyda esa¸ eng kami 1.2 dollarni tashkil etadi)

«Rasmda ko‘rib turibsiz - ishchilar talonsiz kirsa¸ oyligidan ushlab koladi va tushuntirish xati olishadi»¸ deyiladi bu suratga ishchilar tomonidan berilgan yozma izohda.
«Rasmda ko‘rib turibsiz - ishchilar talonsiz kirsa¸ oyligidan ushlab koladi va tushuntirish xati olishadi»¸ deyiladi bu suratga ishchilar tomonidan berilgan yozma izohda.

«Xohlasa shu¸ xohlamasa¸ katta ko‘cha…»

Bakan Tex ip yigirish fabrikasi rus¸ turk va ingliz tillaridagi saytida o‘zini «to‘qimachilik sanoatidagi eng ilg‘or nemis texnologiyalari asosida ishlayotgan» fabrika sifatida taqdim etgan.

Mazkur saytdagi ma’lumotga ko‘ra¸ 2018 yilning sentabrida ishga tushgan Toshkent fabrikasida bir kunda 41 tonna paxta ipi ishlab chiqariladi.

(Ayni kompaniya Namangan vilotining To‘raqo‘rg‘on tumanida ham yangi ip yigirish fabrikasini ishga tushirgan va joriy yil 28 fevral kuni prezident Mirziyoev u yerdagi ish faoliyatini borib ko‘rgan.)

Toshkent fabrikasi kadrlar bo‘limi mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda ishchilar nomidan tushgan arizadagi faktlarni inkor qilmadi¸ ammo ularning qonunchilik doirasida ekanini bildirdi.

- O‘zbekiston Mehnat kodeksiga ko‘ra¸ ishchiga bir yilda eng kamida 15 kunlik ta’til berilishi ko‘zda tutilgan. Biz ham 15 kun ta’til beramiz. Ish kuni 8 soat bilan cheklangan¸ ammo ishchilar istasa¸ 12 soat ishlashi mumkin va buning uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi. Shartnomada hammasi shunga rozi bo‘lgan. Bayram kunlari ishlashsa¸ buning uchun ikki kunlik ish haqi yoziladi. Ish sharoitlari O‘zbekistonda eng yaxshilardan biri¸ istasangiz¸ kelib ko‘rishingiz mumkin. Bular kadrlar bo‘limi yoki rahbariyatga chiqmasdan¸ nega jurnalistlarga shikoyat qiladi? - dedi Yashnobod tumanida joylashgan Bakan Tex fabrikasi kadrlar bo‘limi mutasaddilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida Bakan Tex MChJsi va uning ishchilari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi nusxasi yo‘q. Ishchilarga ko‘ra¸ bunday shartnoma nusxasi hatto ularning o‘ziga ham berilmagan.

Toshkent fabrikasi kadrlar bo‘limi mulozimiga ko‘ra¸ Toshkent fabrikasida kamida 500 odam ishlaydi¸ ish to‘xtovsiz rejimda tashkil etilgan va ish kuchi tanqisligi bois¸ ishchilarga¸ o‘z xohishi bilan 12 soatdan ishlash taklif etilgan.

Fabrikadagi mehnat shartnomasining huquqshunoslar tomonidan to‘lig‘icha O‘zbekiston Mehnat kodeksiga mos tuzilganini Ozodlik bilan suhbatda bir necha bor takrorlagan fabrika boshqaruvi vakili¸ bu shartlar yoqmaganlar uchun “boshqa joydan ish qidirish imkoni” borligini ta’kidladi.

Mehnat qonunchiligi ish beruvchi tarafida...

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 20 avgustdagi qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Davlat mehnat inspeksiyasi tashkil etilgan va “majburiy mehnatga qarshi kurashish” uning asosiy vazifalaridan qilib belgilangan edi.

Mazkur inspeksiyaning Toshkent bo‘yicha inspektorlaridan biri Bakan Tex fabrikasi ishchilari vaziyatiga huquqiy baho berar ekan¸ mamlakatda davlat va xususiy sektorda ishlovchi minglab ishchi-xizmatchining “majburiy mehnat iskanjasida qolayotganini” e’tirof qildi.

“Muammoning ildizi¸ O‘zbekiston Mehnat qonunchiligiga borib taqaladi. Mavjud qonunlar¸ ish beruvchining manfaatini himoyalash ustiga qurilgan. Qonunchilik reallikdan orqada qolib ketgani bois¸ hozir O‘zbekistonda ishchilarning quldek ishlatilishiga huquqiy asos bor. Nega 12 soat ishlatayapsan¸ desangiz¸ qonunchilik buni taqiqlamagan¸ o‘zi istab ishlayapti¸ haq olayapti shunga¸ deydi. Lekin haq to‘lamaydi¸ ishchi chiqib buni ochiq aytolmaydi¸ aytsa¸ ishini yo‘qotadi. Ko‘chada esa qarab turgan ish yo‘q”¸ - deydi tanqidiy fikr bildirgani uchun muammoga duch kelishidan cho‘chib¸ ismi ochiqlanmasligini so‘ragan huquqshunos.

O‘zbekistondagi ishchi-xizmatchilar mehnati uchun to‘lanayotgan haq¸ ularning ish sharoitlarining Xitoydan ham arzonlab ketganini tan olgan bu mutaxassis¸ mehnat inspeksiyasining Bakan Tex kabi prezident himoyasiga olingan korxonalarga “tishi o‘tmasligini” ham ochiq aytdi.

“Bizga bunday shikoyat kelib tushgan taqdirda ham¸ uni tekshirish uchun bir kun ajratilgan. Tekshirganimiz bilan¸ biz faqat tavsiya bera olamiz. Ish beruvchi bunga amal qilayaptimi-yo‘qmi¸ buni nazorat qila olmaymiz. Bu fabrikalarning egalari bunday tekshiruvlardan yaxshigina himoyalangan”¸ - dedi Mehnat inspektsiyasi mutaxassisi.

Fabrika ishchilari ham Ozodlik bilan suhbatda¸ bu fabrikaning haqiqiy egasi “kattakonlardan ekani” haqida eshitganlari¸ ammo uning aynan kimligini bilmasliklarini aytdilar.

Ozodlik 2017 yili Yunusobod tumani¸ Amir Temur ko‘chasi 95-A manzilda ro‘yxatga olingan BAKAN TEX MChJsining haqiqiy egasi kim ekaniga oid ma’lumotni ochiq manbalardan topa olmadi.

XS
SM
MD
LG