Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:42

AQSh o‘zbek paxtasiga taqiqni bekor qildi


Qo‘shma Shtatlar hukumati o‘zbek paxtasini majburiy bolalar mehnati bilan ishlab chiqariladigan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 27 martda tarqatgan bayonotida bunday o‘zgarishni olqishladi.

25 mart kuni Federal registrga qo‘yilgan bildiruvda AQSh Mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarayotganini qayd etdi.

AQSh hukumati bunday mahsulotlarni “majburiy yoki shartnoma tuzish yo‘li bilan majburlangan bolalar mehnatidan foydalangan holda qazib olingan, ishlab chiqarilgan yoki tayyorlangan bo‘lishi mumkinligi haqida yetarli asosga ega bo‘lgan taqdirda” shubhali tovarlar ro‘yxatiga kiritadi.

Bildiruvda aytilishicha, vaziyatni o‘rganib chiqqandan so‘ng Mehnat vazirligi, Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik departamenti “O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan majburiy foydalanish, alohida hollarni hisobga olmaganda, ancha-muncha qisqarganini aniqladi”.

Ro‘yxatdagi tovarlar Qo‘shma Shtatlarda taqiqlanmaydi, biroq AQSh hukumati shartnoma tuzuvchilardan tovarlarni mamlakatga import qilayotganda ularni “qazib olish, ishlab chiqarish yoki tayyorlashda majburiy bolalar mehnatidan foydalanilmaganini aniqlash uchun vijdonan harakat qilgani”ni tasdiqlashni talab etadi.

Ayni damda o‘zbek paxtasi Mehnat vazirligining majburiy mehnat yoki bolalar mehnati bilan ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatida baribir qolmoqda.

O‘zbekiston hokimiyat idoralari ko‘p yillar mobaynida bolalarni paxta terishga majburlab keldi. Paxta O‘zbekiston eksportining ancha-muncha qismini tashkil etadi. Keyingi yillarda paxta dalalaridagi majburiy bolalar mehnati inson huquqini himoya qiluvchi tashkilotlarning doimiy bosimi sabab qisqardi.

2018 yil may oyida Shavkat Mirziyoev hukumati majburiy mehnatga barham berishga oid farmon chiqardi. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar vaziyat yaxshilanganiga qaramay, paxta sanoati va boshqa sohalarda bolalar mehnati uchrab turishini aytadi.

Mirziyoev 2016 yil 2 sentabrda vafot etgan Islom Karimovning 20 yildan oshiq davom etgan repressiv rahbarligidan so‘ng hokimiyatga kelgach, islohotga qo‘l urdi.

Mirziyoev 2017 sentabrida BMT Bosh Assambleyasida qilgan ma’ruzasida O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan majburiy mehnat muammosi hal etilishini aytgan edi.

O‘tgan oy Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboeva xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykotni to‘xtatish masalasida muzokaralar olib borish uchun AQShga borgan hamda Cotton Campaign vakillari bilan uchrashgan.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng majburiy mehnatga batamom barham berilmaguniga qadar o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykotni saqlab qolishga qaror qilgan edi.

Cotton Campaign bayonotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida huquq himoyachilari O‘zbekistonda majburiy mehnatni tugatish yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilganini yuqori baholagan. Ayni paytda majburiy mehnatga to‘la barham berilmagani, bu sohada qilinadigan ishlar anchagina ekani ham e’tirof etilgan.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi 2010 yili O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtaga boykot e’lon qilish tadbirini boshlagan edi. Bunga O‘zbekistonda bolalar va kattalar paxta terimida majburiy mehnatga jalb etilayotgani asosiy sabab bo‘lgan. Boykotga Nike, Zara, GAP, Levi"s, H&M, UNIQLO va boshqa jahonga mashhur brendlar qo‘shilgan edi.

O‘zbekiston paxta yetishtirtish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. Mamlakat paxta xom ashyosining 60 foizini Xitoy, Bangladesh, Turkiya va Eronga eksport qiladi.

O‘zbekiston paxta sanoati yiliga 1 milliard dollar daromad keltiradi, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismini tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG