Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:50

So‘nggi chorak asrda ikkinchi o‘zbekistonlik "vor v zakone"ga aylandi


Axtam Samarkandskiy (chapda), Ravshan Zolotoy va Lotu Guli
Axtam Samarkandskiy (chapda), Ravshan Zolotoy va Lotu Guli

12 aprelda Istanbulning Fotih tumani, Oqsaroy mavzesida jinoyat olamining "yuqori martabali" o‘nlab vakillari - "vor"larning yopiq uchrashuvi – "sxodka"sida o‘zbekistonlik Axtam Samarkandskiy laqabli Axtam Yoqubovga "vor v zakone" "unvoni" berildi.

Axtam Samarkandskiy Baxti Tashkentskiy laqabli Baxtiyor Qudratillaevdan keyin 22 yil o‘tib, "vor v zakone" rutbasiga loyiq topilgan ikkinchi o‘zbekistonlikdir.

Sxodka tafsilotidan voqif bo‘lgan bir-biridan mustaqil ikki shaxs: sxodkaga bevosita aloqador kriminal avtoritet hamda jinoyat olamiga yaqin rossiyalik tadbirkorning Ozodlikka anonim tarzda ma’lum qilishlaricha, unda qatnashgan o‘g‘riboshilar yakdillik bilan jinoyat olamining samarqandlik vakilini "vor v zakone" deya e’tirof etganlar.

("vor v zakone" - jinoyatchilar orasida katta obro‘-e’tibor qozongan shaxsga jinoyat olami elitasi vakillari tomonidan beriladigan unvon. “Vor v zakone” faqat sobiq Sovet Ittifoqi hududiga taalluqli voqelikdir – Ozodlik izohi)

42 yashar Axtam Yoqubov umrining qariyb 17 yilini Birlashgan Arab Amirliklarida panjara ortida o‘tkazgan.

"Istisno tariqasida"

Istanbuldagi yig‘ilish tafsilotidan xabardor jinoyat olami vakilining Ozodlikka aytishicha, unda sobiq Sovet Ittifoqining turli respublikalaridan bo‘lgan "vor v zakone" rutbasidagi kriminal avtoritetlarning 15 nafari ishtirok etgan, yana o‘nlab o‘g‘riboshilar yig‘ilishda telefon orqali qatnashganlar.

Sxodka Gurjistonning Kutaisi shahridan bo‘lgan "vor v zakone", 64 yashar Temuri Nemsisveridzening (laqabi Sripa) tashabbusi bilan o‘tkazilgan, unga 58 yashar "vor v zakone" David Chxikvishvili (laqabi Dato Surgutskiy) boshlovchilik qilgan.

"Sxodkada Lasha Piterskiy, Roma Batumskiy, Jonni Kutaiskiy, Dato Surgutskiy, Aleko Shoshiya (Timur Churadze) va boshqa o‘g‘rilar qatnashdi. Sxodkaga Sripa initsiator bo‘ldi, unga Dato Surgutskiy vedushchiylik qildi," dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Axtam Samarkandskiyga "o‘g‘ri toji"ni kiydirish marosimi "vor v zakone" unvonini berishni jinoyat olami kattalari muzlatib qo‘ygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

MDHga a’zo davlatlardagi jinoyatchilar haqida tadqiqot olib boruvchi va xavfsizlik yuzasidan ismi oshkor bo‘lishini istamagan moskvalik tahlilchining 15 aprel kuni aytishicha, o‘g‘rilar oilasi qariyb to‘rt yarim yildan buyon yangilanmay kelayotgan edi.

"2014 yil oktabrida Rossiyaga Ispaniyadan qaytgan Shakro Molodoy (“vor v zakone” Zaxariy Kalashov – Ozodlik izohi) o‘g‘rilar olami vakillariga amalda toj kiydirishni muzlatib qo‘ydi. Bunday qadamga u jinoyat olamida ziddiyatlarni bartaraf etish va o‘g‘rilarga hokimiyat bosimini kamaytirish maqsadida borgandi. O‘g‘rilar dunyosida nihoyatda katta obro‘ga ega Shakro Molodoyning bu buyrug‘iga deyarli to‘rt yarim yil so‘zsiz bo‘ysunishdi. Ammo, vaziyat, aftidan, hozir o‘zgarayotganga o‘xshaydi",- dedi tahlilchi.

Sxodkaga bevosita aloqador kriminal avtoritet esa, Ozodlikka Shakro Molodoydan "dobro" olingandan keyingina Temuri Nemsisveridze Axtam Samarkandskiyga "istisno tariqasida" o‘g‘ri unvoni berilganini bildirdi:

“Sripa istisno tariqasida Axtamning yoshini va o‘tirgan 16,5 yil srogini inobatga olib, o‘g‘rilar rasm-rusmlari ramkasida koronovat qildi”.

O‘g‘riboshilar roziligi

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Istanbuldagi sxodkaga Internet orqali bog‘langan o‘nlab o‘g‘riboshilar, jumladan o‘rta osiyolik va kavkazlik avtoritetlar Axtam Samarkandskiy nomzodini qo‘llab fikr bildirganlar.

Sxodka paytida unga Tango messenjeri orqali Qirg‘izistonning Issiqko‘l mintaqasidan Kolya Qirg‘iz laqabli Qamchi Ko‘lboev va Birlashgan Arab Amirliklaridan Lotu Guli laqabli ozarbayjonlik "vor v zakone" Nadir Salifov skayp orqali aloqaga chiqib, Axtam Yoqubovga "o‘g‘ri toji"ni kiydirish tashabbusini qo‘llab- quvvatlaganlar.

O‘g‘riboshilar yig‘inida O‘zbekistonda hozirgacha yagona "vor v zakone" Baxti Tashkentskiy laqabli 47 yashar Baxtiyor Qudratillaev qatnashmagan.

Biroq, jinoyat olamidagi avtoritetning aytishicha, sxodkadan bir muncha avval Baxti Tashkentskiy O‘zbekistonda yana bir "vor v zakone" paydo bo‘lishiga e’tirozi yo‘qligini bildirgan.

Axtam Samarkandskiy

Axtam Samarkandskiy qariyb 17 yil umrini panjaralar ortida o‘tkazdi
Axtam Samarkandskiy qariyb 17 yil umrini panjaralar ortida o‘tkazdi

1976 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan Axtam Yoqubov o‘tmishi haqida ma’lumot ko‘p emas.

Ozodlik O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan birida uzoq yillar ishlagan va 2018 yilda iste’foga chiqqan polkovnik hamda Istanbuldagi sxodka haqida ma’lumot bergan ikki manbadan Axtam Yoqubov haqida quyidagilarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi:

  • Axtam Yoqubov 1998 yilda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘zbek ayollarini fohishalikka majburlagan ayol va uning tan qo‘riqchisini o‘ldirishda aybdor deb topilib, dastlab bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan, so‘ngra mazkur jazo 25 yilga o‘zgartirilgan;
  • Dubay qamoqxonasida ekanligida 12 yil davomida turli millat vakillaridan iborat mahkumlarga "smotryashchiy" bo‘lgan;
  • Qamoqdaligida - 2013 yili - toshkentlik Ravshan Zolotoy laqabli Ravshan Muhiddinov bilan uchrashgan;
  • Ravshan Muhiddinov vositasida o‘g‘rilar olamining yetakchi vakillari bilan tanishgan;
  • Axtam Yoqubov jazo muddatining uchdan ikki qismini ado etgach, 2015 yil oxirida ozodlikka chiqqan va Ravshan Muhiddinov ko‘magida Turkiyaning Istanbul shahriga kelgan.

Iste’fodagi polkovnik, shuningdek, Axtam Samarkandskiyning o‘g‘rilar olamida tanilishi va "vor v zakone" rutbasini olishida Dubaydagi qamoqxonada do‘stiga aylangan Ravshan Zolotoyning roli katta bo‘lganini bildirdi.

Ravshan Zolotoy

Axtam Samarkandskiyning "vor v zakone"ga aylanishida Ravshan Zolotoyning roli katta bo‘lgani aytiladi
Axtam Samarkandskiyning "vor v zakone"ga aylanishida Ravshan Zolotoyning roli katta bo‘lgani aytiladi

Ozodlik Ravshan Muhiddinov haqida uning tanishlaridan hamda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan birida uzoq yillar ishlagan iste’fodagi polkovnikdan quyidagilarni aniqladi:

  • 1989 yilda Toshkentda tug‘ilgan Ravshan Muhiddinov o‘zbekistonlik taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimovning jiyanidir;
  • Yoshligida sochi malla bo‘lgani uchun do‘stlari orasida Ravshan Zolotoy laqabini olgan;
  • 2007 yilda 18 yoshda bo‘lgan Ravshan Muhiddinov Jinoyat Kodeksining 242- moddasi bo‘yicha (Uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga bevosita rahbarlik qilish) ayblanib, qidiruvga berilgan;
  • 2009 yil sentabrda Interpol orqali qidiruvga berilgan Ravshan Muhiddinov Turkiyaning Istanbul shahrida Otaturk aeroportida hibsga olingan;
  • Hibsga olinganidan so‘ng 3 yil davomida Istanbuldagi Moltepa qamoqxonasida saqlangan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan;
  • 2013 yil oktabrda Birlashgan Arab Amirliklarida takroran hibsga olingan;
  • 2013 yil dekabriga qadar Dubaydagi Al-Avir qamoqxonasida ushlab turilgan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.

"Birodarlik xalqasi"

Iste’fodagi polkovnikning iddao qilishicha, Ravshan Muhiddinov 2013 yil yozida uyushgan jinoiy guruh sifatida tanilgan "Birodarlik xalqasi"ning ("Bratskiy krug") yetakchi a’zolaridan biriga aylandi.

Bunga, zobitning ta’kidlashicha, 2013 yil aprel oyida "o‘g‘rilar nazarida ko‘rsatgan jasorati" sabab bo‘lgandi.

2006 yilda Qirg‘izistonda parlament deputatini o‘ldirganlikda ayblanib 17 yilga qamalgan "vor v zakone" Aziz Batukaev 2013 yil 8 aprel kuni Norin qamoqxonasidan ozod qilindi va oradan bir kun o‘tib maxsus uchoqda Bishkekning Manas aeroportidan Chechenistonga uchib ketdi.

"Vor v zakone" Aziz Batukaevning qamoqdan muddatidan oldin bo‘shatilishi va sirli ravishda Qirg‘izistonni tark etishi Bishkek siyosiy doiralarida katta janjalni keltirib chiqardi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan birida uzoq yillar ishlagan polkovnikning aytishicha, Aziz Batukaevni Qirg‘izistondan olib chiqib ketish "amaliyotiga boshidan oxirigacha" o‘zbekistonlik Ravshan Muhiddinov boshchilik qilgandi.

Ozodlik qirg‘iz xizmati tomonidan tayyorlangan "Batukaevga kim yo‘l ochdi?" nomli maxsus ko‘rsatuvda jinoiy avtoritetning Qirg‘izistondan chiqib ketishi haqida hikoya qilingan.

Iste’fodagi polkovnikning ma’lum qilishicha, 2013 yil, 9 aprel oqshomida Manas aeroportining VIP-zalidan "Chellenjer-300" xususiy uchog‘iga Aziz Batukaev va yaqinlari bilan birga Bishkekka ayni uchoqda uchib kelgan Turkiya vatandoshi Muhidin o‘g‘li Ruzen minganini bildirdi.

"Bu turk fuqarosi asli toshkentlik Ravshan Muhiddinov edi. Bu ishi bilan Ravshanning o‘g‘rilar dunyosidagi obro‘si yanada oshdi", - dedi u.

Iste’fodagi polkovnik so‘zlari isboti sifatida VIP-zalidan chiqqanlar orasida Ravshan Muhiddinovning borligini isbotlovchi hujjat va uning Batukaev bilan birga chiqib ketayotgani aks etgan suratni yo‘lladi.

Manas aeroportidan Aziz Batukaev Ravshan Zolotoy (orqada) hamrohligida chiqib ketmoqda
Manas aeroportidan Aziz Batukaev Ravshan Zolotoy (orqada) hamrohligida chiqib ketmoqda

Ushbu suratdagi shaxsning polkovnik da’vo qilayotgan Ravshan Muhiddinov bo‘lganini Ravshan Muhiddinovning yaqin tanishlari ham tasdiqlashdi.

Oradan ikki oy o‘tib, iste’fodagi polkovnik iddaosiga ko‘ra, Dubayda o‘g‘rilar dunyosining xufya yig‘inida Ravshan Muhiddinov "Birodarlik xalqasi"ning yetakchi a’zolaridan biriga aylandi.

Ammo, Ozodlik ixtiyorida zobitning bu iddaolarini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi dalillar yo‘q.

Baxti Tashkentskiy va Axtam Samarkandskiy tandemi?

2019 yilning 12 aprelida Axtam Samarkandskiy oxirgi 22 yil ichida jinoyat olamining eng baland rutbasi - "vor v zakone"ga loyiq topilgan ikkinchi o‘zbekistonlikka aylandi.

"Vor v zakone" rutbasiga 1997 yilda Baxti Tashkentskiy ko‘tarilgan edi.

Jinoyat olamini yaqindan biluvchi shaxsning Ozodlikka aytishicha, Axtam Samarkandskiyning "vor v zakone"ga aylangani O‘zbekistondagi jinoyat olamida hukm surgan yakkahokimlikka amalda barham beradi.

"Axtam va Baxti o‘rtasidagi aloqalarning qanday bo‘lishi, ularning o‘g‘rilar dunyosi ierarxiyasidagi maqomi o‘g‘rilar olamida ulardan ham kattaroq obro‘ga ega bo‘lgan Ravshan Zolotoyning kimga yon bosishiga bog‘liq. Hozir Ravshan Zolotoy ikkala o‘g‘ri bilan ham yaxshi aloqaga ega. Ammo, bu balans har onda buzilib ketishi mumkin", - dedi jinoyat olamini yaxshi biluvchi Ozodlik suhbatdoshi.

XS
SM
MD
LG