Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 03:33

OzodDayjest: Iqtidorli bolalarni imtihonda atayin yiqitgan poraxo‘r direktor qamaldi


Illyustrativ surat.

Korrupsionerlar haqida xabar berganlar mukofotlanadi. Konservatoriya huzuridagi litsey direktori talantli bolalarni imtihonda qasddan yiqitgani ma’lum bo‘ldi. Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st jamiyatda did pasayib ketganidan bahs etdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan adliya mansabdorlari haqida xabar berganlar mukofotlanadi

Adliya tizimi mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tartibi joriy etiladi (“Hurriyat”,17 aprel). Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, fuqarolarga adliya ma’muriy binolarida (notarial idoralar, davlat xizmatlari markazlari, Intellektual mulk agentligida) ish jarayonlarini video va audioga yozib olish huquqi berildi. Vazir korrupsiya haqida xabar berganlarni mukofotlash tartibi qachon va qay tariqa joriy etilishini ochiqlamagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil davomida o‘tkazilgan reydlarda 7 nafar notarius, 6 nafar notarius yordamchisi, 7 nafar notarius kotibi hamda 20 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Ayni paytda matbuot notariuslarning noqonuniy xatti-harakati, xususan, bitimlarni rasmiylashtirganlik uchun yig‘imlarni undirishda hamon adolatsizliklar bo‘layotgani haqida xabar bermoqda. Masalan, Human.uz nashri o‘tkazgan eksperiment chog‘i Shayxontohur tuman 8-sonli davlat notarial idorasi notariusi N. Aliaxunov va Uchtepa tumani 7-sonli davlat notarial idorasi notarius O. Musaevlar mashina oldi-sotdisi payti mijozlardan davlat tomonidan belgilangan summadan 122 579 so‘m ko‘p pul olgani aniqlangan.

Konservatoriya huzuridagi litsey direktori iqtidorli bolalarni imtihonda atayin yiqitgani fosh etildi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi iqtidorli bolalar akademik litseyi rahbariyati poraxo‘rlik va mansab soxtakorligida ayblandi (“Darakchi”, 18 aprel). Litsey direktori A. Yu. hamda uning o‘rinbosari A. M. 2018-2019 o‘quv yili uchun imtihon payti 15 nafar iqtidorli bolani ataylab yiqitgan. Kerakli ball to‘play olmaganlardan esa pora talab qilishgan. Masalan, 56 ball yig‘ib, o‘qishga kira olmagan qashqadaryolik abiturientning onasidan 2000 dollar, shuningdek, tandir go‘sht, konyak va vino talab qilishgan. Litsey rahbariyati talab qilgan pul va narsalarni pora tariqasida olayotganda ushlangan. Litsey rahbarlari firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar ham sodir etgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudьyasi Muhammad Qayumovga ko‘ra, litsey direktori 6 yil, uning o‘rinbosari 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “mustaqillik” so‘zini xor qilmaslikka chaqirdi

Uzoq yillar mas’ul rahbar lavozimlarda ishlagan yozuvchi Murod Muhammad Do‘st yoshlarning didi o‘tmaslashib ketayotganidan xavotir bildirdi (“XXI asr”, 18 aprel). “Men bekorga dodlayotganim yo‘q, o‘rtamiyona narsalarni mezon qilib olayotganimiz didimiz tushib ketayotganini ko‘rsatib turibdi. Bo‘lajak aktyorlar, yosh teatrshunoslar bilan gaplashganim sayin qayg‘uga cho‘mib boryapman. Ko‘p narsa bilmaydi, ko‘p narsa o‘qimagan... Didsizlik rasmiy darajaga ko‘tarilgan, shiorlarga aylantirilgan. Nahotki, farosatli odamlar yo‘q? Bor, lekin aytgani qo‘rqadi”, degan yozuvchi. Adib, shu bilan birga, “mustaqillik” so‘zini xor qilib tashlamaslikka chaqirgan. “Mustaqilligimiz” deb gap boshlashi bilan, demak, sen hali to‘liq mustaqil emassan, deb o‘ylayman. Nima keragi bor? So‘zning qadri yo‘qolib ketdi. Qanchalik kam ishlatsak, bu tushunchaning qadri o‘shancha baland bo‘ladi”, degan Murod Muhammad Do‘st.

XS
SM
MD
LG