Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:51

Kim Chen In Putin bilan uchrashish uchun Vladivostokka keldi


Kim Chen In Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan shahridan Vladivostokka taxminan 700 kilometrlik masofani zirhlangan xususiy poezdda bosib o‘tdi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiyaning Uzoq Sharqdagi Vladivostok shahriga poezdda yetib keldi. 25 aprelda u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.

Kim 24 aprelda ertalab Xasan stansiyasi yaqinida Rossiya chegarasini kesib o‘tdi, o‘sha yerda rus xalq kiyimlarini kiyib olgan qizlar uni guldasta hamda an’anaviy rus non va tuzi bilan kutib oldi.

Kimni rus rasmiylaridan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Morgulov, Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchisi Aleksandr Matsegora, Uzoq Sharq va Arktikani rivojlantirish vaziri Aleksandr Kozlov va Primorьe o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemyako kutib oldi.

OAVning Primorye o‘lkasi ma’muriyatiga iqtibosan xabar qilishicha, Kimning “uzoq vaqtdan beri” Rossiyaga kelish niyati bo‘lgan.

− Men mamlakatga rahbar bo‘lganimga 7 yil to‘ldi, lekin shu paytgacha Rossiyaga kelish imkonim bo‘lmadi, − degan Kim.

Kim Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan shahridan Vladivostokka taxminan 700 kilometrlik masofani zirhlangan xususiy poezdda bosib o‘tdi. Unga hukumat a’zolari va qurolli kuchlar zobitlari hamrohlik qilmoqda.

− 25 apreldagi muzokara chog‘ida asosiy e’tibor Koreya yarim orolidagi yadro quroli muammosiga siyosiy va diplomatik yechim topishga qaratiladi, − dedi Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov.

Ushakovga ko‘ra, ikki rahbar keng tarkibdagi muzokaradan oldin yakkama-yakka uchrashadi. Muzokarada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etadi.

Rossiyaning “RIA Novosti” davlat axborot agentligi 23 aprelda ikki rahbar tez kunlarda Vladivostokda uchrashishi, ammo biror kelishuv yoki qo‘shma bayonotni imzolash kutilmayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

Uchrashuv AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Pxenyandan Koreya yarim orolidagi yadroviy tanglikni bartaraf etish bo‘yicha bitimga erishishni talab qilayotgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Tramp bilan Kim 2018 yil iyuni va 2019 yil fevralida yarim orolni yadro qurolidan xoli hudud qilishga oid bitimga erisha olmagan edi.

Tramp ma’muriyati uchinchi sammit o‘tkazilishi mumkinligini inkor etmayapti, biroq Shimoliy Koreya hukumati 18 aprelda Vashingtondan davlat kotibi Mayk Pompeoni kelgusida muzokaralarga qatnashtirmaslikni talab qildi.

AQShning Shimoliy Koreya bo‘yicha maxsus vakili Stiven Bigun o‘tgan haftada Rossiya hukumati vakillari bilan uchrashib, “Shimoliy Koreyani yadro qurolidan to‘liq xoli hudud qilish” masalasini muhokama qilgan edi.

Mart oyida Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyaga yadro qurollari dasturi sabab yangi sanksiya joriy etdi.

XS
SM
MD
LG