Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2021, Тошкент вақти: 08:33

Prezident borgan kasalxonada ruhiy kasallarning tahqirlanayotgani iddao qilindi (VIDEO)


Руҳий касалхона санитар врачи беморни ётқизиб бўғди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:28 0:00

Kasalxona kuzatuv kamerasiga tushgan videotasvirda bemorning sanitar tomonidan yerga yotqizilgani ko‘riladi.

Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida davolanayotgan bemorlar muntazam tahqirlanishi haqida ularning qarindoshlari Ozodlikka shikoyat qildi.

21 yoshli Madina Nabijonovaga ko‘ra¸ ruhiy xasta turmush o‘rtog‘ini sanitar vrach yerga bosib bo‘g‘ayotgani kasalxona xavfsizlik kamerasiga 24 aprel kuni tushib qolgan va bemor yaqinlari bu videoyozuvni ruhiy shifoxona xodimlari bilan muhokama qilgan.

Nabijonova muhokama payti shifoxona kompyuteridagi videoyozuvni telefoniga yozib olib¸ uni Ozodlikka taqdim etdi.

Videoda tibbiy forma kiygan kasalxona yo‘lagida bemorni yerga yiqitadi va ustiga minib ikki qo‘li bilan bo‘ynidan ushlaydi.

Madina Nabijonovaga ko‘ra¸ erining palataga kirish so‘rovini qabul qilmay¸ ko‘chaga chiqaman¸ degani sanitarning unga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashiga bahona bo‘lgan.

- Har xil dorilar berishadi, bo‘shashtiradigan. O‘shani ta’sirida erim zo‘rg‘a yurayapti. Sanitar vrach bo‘ynidan ushlab siltayapti. Yerga bosayapti, bo‘g‘ayapti. Xo‘jayinimning aytishicha, o‘lib qolishiga sal qolgan. Hushidan ketib¸ ancha yotgan ham. Keyin turg‘izishadi, sanitar vrach uni xo‘rlab, bo‘ynidan ushlaydi, yana yerga yotqizadi. Men buni ko‘rib dahshatga tushdim. Sizlarga shu videoni yuborayapman, boshqa bemorlarning qarindoshlari ham ko‘rishsin, kasalxonada ruhiy xastalarni nima qilishlarini ko‘rishsin, - deydi Nabijonova.

Nabijonova videoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, turmush o‘rtog‘ini kasalxonadan chiqarib, uyida davolatishga majbur bo‘lganini aytadi.

- Doim urib, siltashar ekan. Xo‘jayinim urib, xo‘rlashlari haqida aytavergach, o‘zim borib, kuzatuv kamerasini tekshirib chiqdim. Videoda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimdan so‘ng, uni darhol shifoxonadan chiqarib oldik. Uyda davolatayapmiz, - dedi Nabijonova.

Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida davolanayotgan boshqa bir bemorning onasi ham "tahqirlash va kaltaklashlar"ning bu shifoxonada doimiy holat ekanini aytadi.

- O‘g‘lim to‘rt yildan beri shu kasalxonada. Siyib qo‘ysa¸ doim urar ekan. Qattiq jarohat etadigan qilib urmaydiku, lekin uradi. Mumkin emas-da bu. Bunga ko‘nikib ham qolganmiz. Kasalxonadan olib, uyda davolatishga imkoniyatimiz yo‘q, - deydi toshkentlik ruhiy bemorning onasi.

Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori Xayrulla Husanxo‘jaev bemor kaltaklangani haqidagi iddaolarni rad etdi.

- Videoda huddi urganday bo‘ldiyu, lekin hech kim hech kimni urgani yo‘q. O‘shanda bemorning qarindoshlari da’voyimiz yo‘q, deb yozib berishgan. Agar xodimimiz kasalni urdi, u yoki bu qildi degan narsa bo‘lsa, haqiqatan tasdiqlansa¸ o‘sha kunni o‘zida ishdan haydavoraman. Bir kun ham ushlab turmayman, - dedi Xayrulla Husanxo‘jaev.

Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori favqulodda holatlarda sanitar vrachlarning bemorga nisbatan kuch ishlatishga haqqi borligini qo‘shimcha qildi.

- Ruhiy kasal o‘zi tashlanishi mumkin. Tashlangan paytda sanitar uni urmaydiku, lekin qo‘lidan yoki boshqa joyidan ushlab, bir narsa qilib qo‘ymasin, derazani sindirib qo‘lini kesib yubormasin, deb ushlab, boylab tashlashga haqqi bor. Lekin, urishga, oyoq bilan, qo‘l bilan urishga, haqorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Shunday holatlar bo‘lmasligi uchun shifoxonada kuzatuv kameralari qo‘yilgan. Hech kim ruhiy kasallarni xafa qilmasin, degan ma’noda qo‘yilgan bu, - deydi Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori Xayrulla Husanxo‘jaev.

1896 yilda qurilgan Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi 2013 yilda qayta ta’mirlangan.

2015 yilda shifoxonaga tashrifi davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev klinikani respublikadagi tayanch muassasaga aylantirish, ruhiy kasalliklarning oldini olish va boshlang‘ich bosqichdayoq davolash amaliyotini rivojlantirish, bu borada chet eldagi ilmiy-tibbiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan edi.

XS
SM
MD
LG