Линклар

Шошилинч хабар
17 январ 2020, Тошкент вақти: 23:40

Toshkentdagi arab tili o‘qitish markazi terrorizmga qarshi reydlar ortidan yopildi (VIDEO)


Oldingi nomi “Umar Mirzo” bo‘lgan "Hikmatli bilim” til markazida uch oy ichida ikki marta reyd o‘tkazilgan.

Toshkentdagi "Hikmatli bilim” til o‘rganish markazi Olmazor tumani Ichki ishlar bo‘limi terrorizmga qarshi kurash bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari aprel oyi boshida o‘tkazgan reydlar ortidan, 15 aprelda yopilgan.

Тошкентдаги тил ўргатиш марказида терроризмга қарши рейдлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Markazda arab tilidan dars berib kelgan Dilfuza Karimovaning Ozodlikka aytishicha, reydlar payti o‘quv markazidan Qur’on kitobi topilgani markazni yopishga vaj qilib ko‘rsatilgan.

- Men dars beradigan xonadan Qur’on kitobini topib olishib, "diniy ta’lim bergansan", deb markazni yopishyapti. Men faqat arab tilidan dars beraman, bu markazda faqat til o‘qitiladi, - deydi Karimova.

Olmazor tumani Ichki ishlar bo‘limi terrorizmga qarshi kurash bo‘limining ismi ochiqlanmasligini istagan xodimi esa markazda o‘qituvchilar litsenziyada ko‘zda tutilmagan faoliyat bilan shug‘ullangani va til o‘rgatish barobarida diniy ta’lim berishgani u yerda tahsil olgan bir qancha odam bilan suhbatlar asosida aniqlanganini aytdi.

- Markaz til o‘qitish uchun litsenziya olgan, lekin diniy ta’lim o‘qitilyapti, - dedi Olmazor IIBsining Terrorchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimi.

Dilfuza Karimova esa faqat arab tilidan dars berib kelganini aytdi.

- Yakka tartibda individual diniy ta’lim berib kelyapsiz, deyishyapti menga. Men individual o‘qitmayman, gruppaga arab tilidan dars beraman. Kimlardir diniy ta’lim berishimni aytishgan ekan, ular bilan yuzlashtiringlar, desam ko‘nishmadi, - deydi Dilfuza Karimova.

Oldingi nomi “Umar Mirzo” bo‘lgan "Hikmatli bilim” til markazida uch oy ichida ikki marta reyd o‘tkazilgan.

Mart oyida o‘tkazilgan reydlar ortidan “Umar Mirzo” markazi faoliyati tugatilib, o‘rnida "Hikmatli bilim” til markazi ochilgan edi.

- Meni arabcha bilganimni va o‘z bilimimni boshqalar bilan baham ko‘rayotganimni bular xavf sifatida ko‘rishyapti, - deydi Dilfuza Karimova.

O‘zbekistonda prezident o‘zgarishi ortidan hukumatning Islom diniga bo‘lgan munosabati o‘zgargani aytiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yildagi chiqishida O‘zbekistonda Qur’on ilmi keng o‘rgatilishi va har bir tumandan yuzlab qorilar chiqishi kerakligini urg‘ulagandi.

Lekin, toshkentlik huquq faoli Surat Ikromovga ko‘ra, kuch ishlatar tizimlari terrorizmga qarshi kurashni diniy e’tiqodga qarshi yo‘naltirishda davom etmoqda.

- Yonidan Qur’on chiqdimi, demak terrorchi qamoqqa olish kerak, Qur’on chiqdimi, qo‘poruvchi tashkilotni yopish kerak, hozir ham kuch tizimlari shunday ishlashda davom etyapti, chunki ishsiz qolmaslik uchun, - deydi Surat Ikromov.

O‘zbekistonda din davlat ishlaridan ajratilgan. 2004 yilda qabul qilingan Diniy ta’lim muassasalarining faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq diniy ta’lim muassasalarida diniy fanlarning diniy ma’lumotga hamda diniy tashkilotlarni boshqarish tegishli markaziy organining ruxsatnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan o‘qitilishi shart.

Diniy fanlarni o‘qitayotgan shaxslarni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan muddatlarda davriy attestatsiyadan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yil dekabr oyida AQSh Davlat departamenti jahondagi diniy erkinliklar vaziyati to‘g‘risidagi navbatdagi yillik hisobotini e’lon qilar ekan, O‘zbekiston "alohida xavotirga molik davlatlar" ro‘yxatidan chiqarilganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston diniy erkinliklarni kafolatlash yo‘nalishida sobit ekanini namoyish etuvchi jarayonlarni bundan buyon ham davom ettirsa, yaqin kelajakda vaziyat yaxshilanayotgan yoki yaxshilangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi mumkinligi ta’kidlangan hisobotda.

O‘tgan yilning may oyida esa AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda diniy erkinliklar vaziyatini yaxshilashga qaratilgan qadamlar tashlanayotganini olqishlagan holda, bu jarayon sekinlik bilan olib borilayotganini ham e’tirof etgan edi.

XS
SM
MD
LG