Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:31

OzodDayjest: Artel shirkatiga berilgan imtiyozlarni bekor qilish taklif etildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Kommunal to‘lovlar narxi aholi daromadiga mutanosib emasligi tanqid qilindi. Artel shirkatiga davlat tomonidan berilgan imtiyozlar o‘zini oqlamayotgani ta’kidlandi. Farg‘onada ikki nafar militsiya zobiti pora bilan ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Oshib borayotgan kommunal to‘lovlar aholi umumiy daromadiga mutanosib emas

O‘zbekistonda kommunal xizmatlar narxlari yilida kamida ikki marta, ba’zan esa uch marta oshirilmoqda (“Oila davrasida”, 2 may). Ammo mutasaddi idoralar narx nima sababdan oshayotgani, belgilangan tarif qanday kelib chiqqanini ochiq-oydin ko‘rsatib, asoslab bermaydi. Gazeta o‘tkazgan tajribaga ko‘ra, kichik ro‘zg‘or – uch yosh farzandi bilan uch xonali uyda yashovchi oila kommunal xizmatlar uchun bir oyda o‘rtacha 350 ming so‘m sarflaydi. Bu amaldagi eng kam ish haqiga nisbatan (202 ming so‘m) 172 foizga ko‘pdir! “Ha, raqamlar tahlilga muhtoj emas. Kommunal to‘lovlarning umumiy miqdorini daromadimizga mutanosib deb bo‘lmaydi. Axir, kommunal to‘lovlardan tashqari bu oila yashash ham kerak emasmi?!” deb yozadi gazeta.

Imtiyozlardan foydalanayotgan Artel mahsulotlari narxi qimmat ekani savol ostiga olindi

Artel brendi ostida maishiy texnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan berilgan imtiyozlar o‘zini oqlamayapti (www.ishonch.uz, 26 aprel). Huquqshunos Abdurahmon Hamidovga ko‘ra, ushbu korxonalar Xitoy va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan maishiy texnika vositalarining butlovchi qismlarini import qilib, O‘zbekistonda ularni yig‘ib, ichki bozorda tayyor mahsulot sifatida sotish bilan shug‘ullanadi. Ammo ichki bozorda Artel mahsulotlarining narxi Xitoydan keltirilgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxidan qimmatroq. Qolaversa, Artel mahsulotlari Qozog‘istonda O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlardan kamida 30-40 foiz arzon sotilayotir. Holbuki, mazkur monopolist shirkat 2022 yilga qadar mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan materiallar va butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlari, shuningdek, foyda va mulk soliqlari hamda yo‘l fondiga ajratmalar to‘lashdan ozod etilgan. Ta’kidlanishicha, davlat tomonidan berilgan imtiyozlar kutilgan natijani bermayapti. Imtiyozlarning bekor qilinishi esa O‘zbekiston ichki bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi.

Eslatib o‘tamiz, Artel brendiga Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev tomonidan asos solingan. Poytaxt rahbari shirkat boshqaruvidan ketgani, ammo unga hissador ekanini aytgan.

Pora bilan ushlangan ikki nafar militsiya zobitiga hukm o‘qildi

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi surishtiruvchisi hamda hudud profilaktika inspektori pora bilan ushlandi (“Darakchi”, 2 may). Ismi oshkor etilmagan surishtiruvchiga mashina o‘g‘riligi jinoyatini o‘rganish topshirilgan. U esa o‘g‘rilikda gumonlanayotgan shaxsdan jinoiy ish ochmaslik evaziga 500 dollar pora talab qilgan. Ushbu holat yuzasidan prokuratura huzuridagi departament reyd o‘tkazgan hamda dastlab uchastka noziri, so‘ng tergov bo‘limi surishtiruvchisi ko‘rsatilgan miqdordagi porani olayotganda ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudi raisi Niyozbek Payg‘amovga ko‘ra, tergov bo‘limi surishtiruvchisi 6 yilga, uchastka noziri esa 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG