Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:48

O‘zbekistonda matbuot haqiqiy erkin bo‘lishi uchun nima yetishmayapti?


Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Islom Karimov davrida qamoqqa olingan jurnalistlarni ozodlikka chiqarish evaziga xalqaro doirada obro‘sini oshirgan.

Lekin matbuot erkinligi sohasida bundan boshqa ahamiyatli o‘zgarishlar yuz bermagan. Markaziy Osiyodagi qolgan davlatlarda ham so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgarishsiz qolib ketmoqda.

Ammo vaziyatni tubdan o‘zgartirishga joriy hukumatlarning imkoniyatlari bor, degan fikrda xalqaro va mahalliy mutaxassislar.

"O‘zgarishlar kam yuz beradigan dunyoning ushbu burchagida reytingning har qanday o‘zgarishi diqqatga sazovordir", deyiladi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi vaziyat borasida "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkilotining 2019 yil uchun e’lon qilgan "Matbuot erkinligi indeksi"da .

"O‘zbekiston bunga bir misol. Bu yerda Islom Karimov diktaturasi davrida qamoqqa tushgan so‘nggi jurnalistlar ham ozodlikka chiqqan. Shunday qilib mazkur davlat reytingning o‘ta abgor holatdagi mamlakatlar keltirilgan eng tub qismini tark etdi", deyiladi hisobotda.

O‘zbekiston ko‘rsatkichi 5 pog‘ona yuqorilab 160-o‘ringa chiqqan.

Nyu- Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi xalqaro tashkiloti vakili Gulnoza Said ham mamlakatda ahvol umidbaxsh, ammo risoladagidek emas, deydi.

Mutaxassisning ishonishicha, O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini bitta muhim qaror bilan tubdan o‘zgartirishi mumkin.

- Men qayta va qayta aytaman, men buni o‘zim o‘zbek bo‘lganim, O‘zbekiston manfaatini ko‘zlagan holda aytamanki, bitta va katta qaror qabul qilingki, bir kunda O‘zbekiston imijini xalqaro sahnada yaxshilab bersin. Misol uchun, davlat tasarrufidan aksariyat ommaviy axborot vositalarini chiqarib yuborish va ularga o‘zingning kuningni o‘zing ko‘r, mana senga erkinlik deb berish”, deydi Gulnoza Said.

Xalqaro tajribaga ega ekspert ushbu qadam natijasini ko‘rish uchun Gruziya tajribasi bilan tanishishni tavsiya etadi. Gruziya ham O‘zbekiston kabi sobiq sovet respublikasi.

- Hukumat gazetalarni, umuman ommaviy axborot vositalari sohasini xususiy qo‘llarga berib qo‘yishi kerak. O‘z vaqtida Mixail Saakashvili Gruziyada davlat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritib, hech qaysi OAV davlat tasarrufida bo‘lmasligi kerak degan bir tamoyilni o‘rnatgan. Shu kungacha ularda davlatga qarashli gazeta, jurnal, radio yoki televidenie yo‘q. Shunga qaramay kichkinagina Gruziyada rang-barang telekanallar, gazetalar bor hamda ijtimoiy tarmoqlarga, Internetga ulanish bemalol. Ya’ni bu qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishishning bir yo‘li,- deya xulosa qiladi Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi xodimi.

O‘zbekistonda matbuot erkinligini ta’minlash borasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi bot-bot takrorlanadi xalqaro kuzatuvchilar xulosalarida. Qo‘shni mamlakatlarda ham vaziyat yaxshi emas.

- Markaziy Osiyo va Kavkazdagi jamiyatlarda demokratiya va so‘z erkinligiga ehtiyoj yo‘q deydiganlar xuddi odamni hali hammasi oldinda deb yo‘ldan urgan kabi. Ular chindan odamni tinchlantiradilar va shu orqali jamiyatni o‘zlarining yoki biror guruhlarning yo‘rig‘iga solishmoqchi bo‘lishadi, deydi shu kunlarda AQShda malaka oshirayotgan tojikistonlik mediaekspert Firuz Barotov.

Fulbrayt dasturi bo‘yicha AQShda o‘z tadqiqotini o‘tkazayotgan Firuz Barotov Markaziy Osiyodagi jurnalistikaning ahvolini yaxshi biladi. Qator mintaqaviy mediadasturlarda ishlagan bu mutaxassisning aytishicha, hududdagi jurnalistlar huquqi himoyalanmagan va ularga resurslar etishmaydi.

- Fondlar tashkil qilinishi zarur. Xalqaro ko‘makdan foydalanish kerak. Va albatta davlatning o‘zi muxbirlarga grantlar berishi shart, tushuntiradi Barotov.

Markaziy Osiyoda so‘z erkinligining bo‘g‘ilishiga, shuningdek, tanqidga toqatsizlik ham sabab bo‘lmoqda.

- Hukumatdagilar ham toqatli bo‘lishlari kerak. Hamma narsa hammaga birdek yoqmasligi mumkin. Aksincha, ma’lum ishlar ayrim odamlarga yoqmasligi va ularning o‘z fikrlarini bayon qilishlari amaldagi hukumatlarga xuddi tavsiyadek, qo‘ygan qaysi qadamlari nojo‘ya va to‘g‘rilanishi lozimligi bo‘yicha yo‘riqnomadek. Agarda munosabat shunday bo‘lsa hech qanday qiyinchiliklar tug‘ilmaydi. Afsuski bizda vatanparvarlikni hukumatparastlikdan ajratmaydilar, deb fikrini yakunlaydi Firuz Barotov.

Hozircha vaziyat shundayki, O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo respublikalarida aholi nimalarni bilishi kerak, kimga OAVda so‘z berilgani ma’qul, qaysi mavzular yoritilishi "maqsadga muvofiq", bularni jurnalistlar emas va hatto tahririyatlar belgilamayotganini xalqaro reytinglar aks ettirmoqda.

XS
SM
MD
LG