Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

Turkiyaning o‘nlab yuk mashinalari o‘zbek-turkman chegarasida tiqilib qoldi


Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarida katta sig‘imli yuk mashinalari tiqini tez-tez sodir bo‘lib turadi.
Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarida katta sig‘imli yuk mashinalari tiqini tez-tez sodir bo‘lib turadi.

O‘zbekistonning Turkmaniston bilan chegarasidagi Olot-Farob bojxona postida turk shirkatlariga oid 50 dan ziyod yuk mashinasi va ularning 100 ga yaqin haydovchisi 29 kundan beri Turkmanistonga o‘tkazilmay O‘zbekistonda turibdi.

Bu haqda Ozodlikka turk haydovchisi ma’lum qildi. Uning aytishicha¸ O‘zbekiston hududida tiqilib qolgan katta sig‘imli yuk mashinalari haydovchilari cho‘l sharoitida kasalga chalingan.

Haydovchiga ko‘ra¸ furalarga Tojikistondan yigirilgan ip¸ paxta va mis ortilgan.

O‘zbekistonga qarashli Olot bojxona postining (Olot-Farob bojxona posti) Ozodlikka gapirgan xodimiga ko‘ra¸ mashinalarning tirband bo‘lib qolishiga O‘zbekistonning aloqasi yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan fura haydovchisi 29 kundan beri antisanitariya ahvolda qiynalib ketganligini aytarkan, bunday dedi:

- 29 kundan beri kabinada yotib-turamiz. Atrof - cho‘l. Bir necha marta kabinaga ilon kirib ketdi. Qo‘rqib uyquni ham mazasi bo‘lmadi. Pullariimiz ham tugagan. Yukni tashlab keta olmaymiz. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ham yordam bermadi.

Voqeani o‘rgangan turkman jurnalisti Sahro G‘ulom Nabiga ko‘ra¸ “Turkmaniston va Tojikiston orasida yuzaga kelgan diplomatik muammo bois" yuk mashinalarining Turkmaniston hududiga kirishiga izn berilmagan.

Jurnalist bu “diplomatik muammo” tafsilotlari sir tutilayotganligini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan tojikistonlik jurnalistning aytishicha, “Afg‘oniston orqali Turkmanistonni Tojikiston bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishida Tojikiston o‘z majburiyatini bajarmagani Turkmaniston prezidenti g‘azabiga sabab bo‘lgan”.

Turkman jurnalisti Sahro G‘ulom Nabiga ko‘ra¸ tranzit tashuvlar bilan bog‘liq muammo o‘tgan yilning avgustida boshlangan:

- Sentabr o‘rtalariga kelib rasmiy Ashxobod Tojikistondan kelayotgan yuk mashinalarining tranzit tarzda Turkmanistondan o‘tishi cheklanganini, xavfsizlik chorasi deya, rasman bildirish qildi. Joriy yil fevralida ham shunday tiqilinnch bo‘luvdi.

Joriy yil martida Tojikiston iqtisodiy taraqqiyot va savdo vazirligi o‘z yuklarini Turkmanistonni aylanib o‘tib Ozarbayjon orqali Turkiyaga yetkazishni bildirgan edi.

Ozodlik bilan 20 may kuni gaplashgan yuk mashinasi haydovchisiga ko‘ra, “bu ortiqcha 1000 kilometr yo‘lni bosib o‘tish”, deganidir.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistonga qarashli Olot bojxona postining mulozimiga ko‘ra¸ Markaziy Osiyodagi davlatlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar bois furalar o‘rtada joylashgan O‘zbekistonda tiqilib qolishi tez-tez uchrab turadi. Mulozimga ko‘ra¸ bojxona oldidagi tirbandlikdan O‘zbekiston manfaatdor emas.

Joriy yil boshidan beri o‘zbek-turkman chegarasidan tashqari o‘zbek-qozoq chegarasining Qozog‘iston tomonida yuk ortilgan yuzlab fura O‘zbekiston hududiga o‘ta olmay tirbandlik yuzaga kelgan edi.

Bu tirbandlikni izoxlagan Qozog‘iston tomoni esa¸ kompyuter tizimida yuz bergan muammo sabab uzun navbat hosil bo‘lganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG