Линклар

Шошилинч хабар
20 декабр 2025, Тошкент вақти: 08:14

Xususiy Akfa universiteti O‘zMU binolaridan birini olishi mumkin


Beruniy metrosidan chiqqan joyda joylashgan Akfa Medline binosi (suratda) qarshisida O‘zbekiston Milliy universiteti binolari joylashgan.
Beruniy metrosidan chiqqan joyda joylashgan Akfa Medline binosi (suratda) qarshisida O‘zbekiston Milliy universiteti binolari joylashgan.

1 iyundan ilk abiturietlardan hujjat qabul qilishni boshlaydigan xususiy Akfa universitetining aynan qaerda joylashishi hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

Jarayonga aloqador hukumat mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ xususiy universitet O‘zbekiston Milliy universiteti balansidagi binolardan birini olish harakatini boshlagan.

Akfa universiteti Toshkent shahar hokimiga qarashli Akfa Groupga qarashli. Tibbiyot yo‘nalishida o‘qitishni boshlaydigan Akfa universiteti uchun aynan Milliy universitet binolarining ko‘rib chiqilayotgani sababi esa¸ uning Akfa biznes imperiyasining yana bir butog‘i - Akfa Medline korpusi qarshisida joylashganidir.

Vazirlar Mahkamasi qarorida Akfa universitetiga ajratilgan binoning “ma’qul kelmaganini” tasdiqlagan yangi universitet mutasaddisi¸ hozircha xususiy tibbiyot oliygohining aynan qaysi binoda ish boshlashi uzil-kesil hal bo‘lmaganini bildirdi.

Milliy universitetning Talabalar shaharchasida joylashgan binolari nafaqat O‘zbekiston¸ balki butun Markaziy Osiyodagi oliy ta’limi timsoliga aylangan inshootlar sanaladi.

“Akfakent – hokim ikki biznesini bir joyda qilish uchun O‘zMUga og‘iz solgan”

Bu xabarni matbuotga chiqarishga vakolati yo‘qligi bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan O‘zbekiston hukumatidagi mulozim Ozodlikka ma’lum qildi.

Milliy universitet o‘rniga Akfa universiteti ko‘chib keladi. Prezident ma’muriyati darajasida hal bo‘ldi¸ pochti. Asosiy bahona – Akfada tibbiyot fakulteti borligi... AKFA Medline kasalxonasi o‘sha tomonda joylashgan”¸ degan qisqa xabar yuborgan Ozodlikning ishonchli manbasi¸ boshqa tafsilotlarni tegishli idoralardan aniqlab olishni tavsiya qildi.

Ozodlik bu xabar tafsilotlarini o‘rganish jarayonida O‘zbekiston Milliy universiteti¸ Sog‘liqni saqlash va Oliy ta’lim vazirligining o‘nga yaqin mulozimi bilan bog‘landi.

Bu rasmiylarning deyarli hammasi Akfa universiteti bilan bog‘liq qarorlar Vazirlar Mahkamasi darajasida qabul qilinishi va hozircha yangi universitetning aynan qaysi binoda ish boshlashiga oid yakuniy farmoyishni ko‘rmaganlarini aytdi.

"Shayxontohur Tibbiyot kolleji koreyslarga yoqmadi"

Vazirlar Mahkamasining 15 fevral kungi qarori bilan Akfa universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif qabul qilingan edi.

Bu taklif mualliflari esa¸ qarorga ko‘ra¸ Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda «Akfa Medline» mas’uliyati cheklangan jamiyatidir.

Qarorda¸ “universitet Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Ko‘kcha darvoza, 1-boshi berk ko‘cha, 10-uyda joylashgan Shayxontohur tibbiyot kollejining bino va inshootlarida tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin”¸ degan maxsus band mavjud.

Akfa universitetining ish boshlashi uchun mas’ul mutasaddilardan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ qarorda ko‘rsatilgan Shayxontohur tibbiyot kolleji binosining tibbiyot universiteti uchun “ma’qul kelmagani”ni bildirdi.

Bino masalasida koreyalik hamkorlarimizga tanlagan joyimiz yoqmagani uchun hozir boshqa joy tayyorlanayapti. Qarorda ko‘rsatilgan joy bizga to‘g‘ri kelmadi. Sababi¸ tibbiyot yo‘nalishida ochilgan universitetning yonida medsentri bo‘lishi kerak¸ deyishdi. Chunki¸ teoriya bilan praktika uzviy bog‘liq bo‘lishi kerak. Uzoq masofada bo‘ladigan bo‘lsa¸ studentlarni sarson qilasizlar¸ shunga kattaroq joyda bo‘lishi kerak¸ deyishdi”.

Vazirlar Mahkamasi qarorida¸ ​universitetda ta’lim jarayonini ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini qo‘llagan holda tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha «Akfa Medline» MChJ bilan Gachon universiteti (Koreya Respublikasi) o‘rtasida bitim tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin¸ deyilgan.

Ijarami¸ yoki tekin ixtiyoriga olish?

Ozodlik bilan suhbatda Akfa universiteti ma’muriyati vakili¸ O‘zbekistonda yangi ochilayotgan xorij va xususiy universitetlarning hammasi ochilayotganda boshqa universitetlar binosini ijaraga olib ish boshlaganini ta’kidladi.

Lekin hozircha universitetimiz aynan qaysi universitet binosida ish boshlashi haqida aniq ma’lumotim yo‘q¸ har xil variantlar ko‘rib chiqilayapti”¸ dedi yangi universitetning Ozodlik bog‘langan mutasaddilaridan biri.

O‘zbekiston hukumatidagi jarayonga bilvosita aloqador mulozim¸ O‘zMU binolaridan birini avvaliga Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazish¸ hokimlikning esa so‘ngra uni Akfa universitetiga tekinga berish rejasi muhokamada ekanini bildirdi.

Ozodlik ixtiyorida hozircha bu rejalardan qay birining Vazirlar Mahkamasi darajasida qabul qilinganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Fizika fakulteti binosi?

Ozodlik 27 may kuni bog‘langan O‘zMU qabulxonasi va bir qator boshqarmalari xodimlari¸ Akfa universitetining o‘z binolaridan biriga “og‘iz solganidan" bexabarliklarini aytdi.

Ayni paytda¸ universitetning moliya-xo‘jalik ishlariga aloqador xodimi¸ Akfa universitetining Fizika fakulteti binosida ish boshlash ehtimoli borligini tilga oldi.

O‘zbekiston Milliy universiteti binolari xaritasi. 4-Raqamli bino Fizika fakuletetiga qarashli va u yaqinda kapital remontdan chiqqan.
O‘zbekiston Milliy universiteti binolari xaritasi. 4-Raqamli bino Fizika fakuletetiga qarashli va u yaqinda kapital remontdan chiqqan.

Aytilishicha¸ ikki yil oldin kapital remontdan chiqqan Fizika fakultetining to‘rt qavatli binosida 1000 nafargacha talab o‘qishi uchun imkoniyat bor.

Birinchi qavatda O‘zMUning tayyorlov fakulteti bor. Shularni chiqarsa¸ 200 tacha talabaga yetadigan 7-8 ta auditoriya bo‘shaydi. Shu haqda gap bo‘lganidan xabarim bor”¸ dedi universitet ma’muriyatiga aloqador suhbatdosh.

Ozodlik gaplashgan ta’lim sohasi mulozimlaridan biri¸ Milliy universitetga qarashli binoni xususiy universitetga berish uchun hukumat qarori chiqishi lozimligini bildirdi.

Bu binolar O‘zMU balansida¸ demakki davlatga qarashli. Agar ulardan birortasini xususiy Akfa universitetiga¸ qarorda aytilgani kabi¸ tekin foydalanishga beriladigan bo‘lsa¸ buning uchun Vazirlar Mahkamasi kamiga ("hech yo‘q" demoqchi -tahr.) farmoyish chiqarishi kerak bo‘ladi. Hozircha bunday farmoyishni ko‘rmadim”¸ dedi Oliy ta’lim vazirligining bu jarayonga aloqasi bor boshqarmasi rasmiysi.

Akfa universiteti ham¸ AKFA Medline xususiy klinikasi ham Akfa Group holdinggi tarkibiga kiradi. 2019 yil yanvar oyida Ozodlik ko‘rgan hujjatlarga ko‘ra¸ Akfa Group aksiyalarining 70 foizi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli.

Akfa Medline rasmiy saytida qo‘yilgan maqolada uning Akfa Group tarkibida ekani aytib o‘tilgan.
Akfa Medline rasmiy saytida qo‘yilgan maqolada uning Akfa Group tarkibida ekani aytib o‘tilgan.

Korrupsiya bo‘yicha xalqaro mutaxassislar fikricha¸ keng tarmoqli biznes egasi Ortiqxo‘jaevning Toshkent hokimi sifatida qilayotgan ishlari davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvining yorqin namunasidir.

Ortiqxo‘jaev Ozodlik yanvar oyida Akfa Groupning hamon o‘ziga qarashli ekanini e’lon qilishi ortidan 30 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida:

«Akfa — mening 20 yillik kompaniyam. Tan olaman, men hatto tushimda ham hokim bo‘lishimni tasavvur qilmagan edim. Yarim soat oldin eshitganman hokim bo‘lishimni. Prezidentimiz shu yerda orttirgan tajribalarim uchun meni rahbar, hokim etib tayinladi. Bu yerdagi boshqaruvni boshqa insonlarga, shogirdlarga ber degan talab bo‘lgan, lekin hissangni ber, degan talab bo‘lmagan», degan edi.

Akfa universiteti uchun Toshkent viloyatida yangi kampus va tibbiy markaz qurish rejasi ham bor

Ozodlik suhbatlashgan xususiy Akfa universiteti ma’muriyati vakili 2019-20- o‘quv yili aynan qaysi manzilda boshlanishi mavhum qolayotgan bir paytda¸ universitet uchun Toshkent tashqarisida yangi o‘quv korpusi va tibbiy markaz qurilish rejasi muhokamada ekanini bildirdi.

Ikki yil teoriyani o‘rganishadi¸ qolgan 4 yili praktika bo‘ladi. Praktika 3-kursdan boshlanadi¸ ungacha 2 yilimiz bor¸ joyni tanlab¸ qurib olishga. Akfa Medlinening yonida bo‘sh joy yo‘qligi uchun chetroqdan qiladigan bo‘layapti. Toshkent viloyatidan bo‘m-bo‘sh joy olinib¸ ham universitet¸ ham medsentr quriladi”¸ dedi bu suhbatdosh.

Akfa universiteti veb saytida qo‘yilgan ma’lumotga ko‘ra¸ 2019-2020 yilgi o‘quv yiliga qabul qilinadigan talabalar hujjatlarini 1 iyundan onlayn tartibida qabul qilish boshlanadi.

Birinchi yili o‘zbekistonlik 200 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi.¸ chet elliklar uchun kvota yo‘q.

15 iyuldan so‘ng universitetning hozircha faqat bitta - tibbiyot yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lganlar¸ universitet mutasaddisining aytishicha¸ ximiya¸ biologiya va matematikadan 20 tadan yozma ish topshiradi. Imtihonlar ham¸ o‘qish ham ingliz tilida bo‘lgani uchun¸ IELTS ëki TOEFL sertifikatlari talab qilinadi.

O‘zbekistonliklar uchun bir yillik o‘qish narxi 58 million so‘m (27may kungi Markaziy bank kursi bilan 6835 AQSh dollari – tahr.).

XS
SM
MD
LG