Линклар

Шошилинч хабар
17 октябр 2019, Тошкент вақти: 10:40

Prezident maslahatchisi chaqirig‘i ortidan Jizzaxda masjidlarga tushgan ehson pullari "Obod qishloq" dasturiga o‘tkazildi


Paxtakor tumani

Jizzax viloyatidagi yuridik va jismoniy shaxslar “Obod kishloq” dasturi doirasida viloyatning Paxtakor tumanida olib borilayotgan qurilish ishlariga Ramazon oyida 1,5 milliard so‘m ehson qildi.

Jizzax viloyat hokimiyati mulozimiga ko‘ra, xayr-ehson to‘plash kampaniyasi O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov tashabbusi bilan 14 may kuni boshlangan.

"Obod qishloq" dasturi doirasida Paxtakor tumanidagi aholi punktlari me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

7-8 iyun kunlari Jizzax viloyatining barcha hududlaridagi byudjet tashkilotlari xodimlari Paxtakor tumaniga “Obod kishloq” loyihasi doirasidagi ishlarga safarbar qilingan edi.

5 iyunda Ozodlik O‘zbekistondagi masjidlarda imomlar Ramazon hayiti kuni tushgan hayr-ehson pullarini “Vaqf” fondiga o‘tkazish haqida topshiriq olgani haqida xabar bergandi.

"Muruvvat qiling"

Jizzax viloyat hokimligining Ozodlik savollariga 10 iyun kuni javob bergan mulozimiga ko‘ra, Paxtakor tumanida borayotgan qurilish ishlariga aholidan pul to‘plash kampaniyasini prezident maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganovning o‘zi boshlab bergan:

- Tursunxon Xudoyberganov 2,5 ming dollar berdi va odamlarni Ramazon oyida muruvvatli bo‘lishga chaqirdi. Ana undan keyin turli shirkatlardan, tadbirkorlardan pullar kela boshladi. Ehson yig‘ish va uni nazorat qilish Paxtakor imom-xatibi Otabek domla zimmasiga yuklatildi.

Ayni ma’lumotni Ozodlikka Otabek domla ham tasdiqladi:

- Bizga "endi shu bir yordam beringlar" dedi, biz xalqqa murojaat qildik. "Ramazon – xayr-saxovat oyi. Bularning ichida imkoniyati borlari bor, imkoniyati yo‘qlari bor. Muruvvat qilinglar," degan edik, odamlar berishdi.

"Obod qishloq" dasturi doirasida Paxtakor tumanida namunali kottejlar qurilishi, aholi uylari va shu uylarga yondosh hududlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

1,5 milliard so‘mlik ehson

Paxtakor tuman hokimligi qabulxonasi xodimining Ozodlikka 10 iyun kuni bildirishicha, hozirga qadar kam ta’minlangan oilalar uchun to‘plangan pullar 1,5 milliard so‘mga yetgan:

- Naqd pul tushumi kvitansiya bo‘yicha 170 million so‘m bo‘lgan. Perechislenie, plastikdagilar bilan, umumiy hisobda, 1,5 milliard so‘mga boradi.

Tuman hokimligi mulozimi viloyatning turli nuqtalaridan yuridik va jismoniy shaxslar yordam aksiyasiga qo‘shilganini aytdi:

- Yuridikmi, jismoniymi - farqi yo‘q, hammasidan kelgan. Misol uchun, viloyat Xalq qabulxonasi bor, Do‘stlik tumani kadastr bo‘limi bor, tibbiyot birlashmasi bor...

Paxtakor tuman imom-xatibining qo‘shimcha qilishicha, to‘plangan mablag‘ qurilish qilayotgan kam ta’minlangan oilalarga berilmoqda:

- Biz bu mablag‘ni "Agrobank"ka qo‘yganmiz. U yerda bitta maxsus hisob raqami ochilgan. O‘sha hisob raqamga qo‘yilgan. Buni endi mana shu «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha kam ta’minlangan oilalarga sement va boshqa qurilish materialiga sarflanadi deyishyapti.

"Obod qishloq" dasturi

Jizzax viloyatidagi bank xodimlaridan tortib to huquq-tartibot organlari xizmatchilarigacha "Obod kishloq" dasturi doirasida Paxtakor tumanida borayotgan qurilishlarga safarbar etilgani haqida Ozodlik 7 iyunda xabar qilgandi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil iyunidagi farmonida ushbu dastur respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari, mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari, tarmoq korxonalarining mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalanishi ta’kidlangan.

52 yil muqaddam tashkil etilgan Paxtakor tumanida uy-joylarni saqlash, yo‘llar infratuzilmasi, kommunal va ijtimoiy sohalarda o‘tkir muammolar borligini O‘zbekiston rahbariyati ham tan olgan

XS
SM
MD
LG