Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2019, Тошкент вақти: 12:13

GM Uzbekistanga ishga kirmoqchilardan... jismoniy tarbiya va arifmetikadan imtihon olindi


Damas avtomobillari

GM Uzbekistan avtokonserni Xorazm viloyat, Pitnak shaharchasida joylashgan zavodga ishga kirmoqchi bo‘lganlardan jismoniy imtihon oldi: talabgorlar turnikda tortildi va bilak quvvatini yotib-turish bilan ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Mehnat Kodeksida mehnatga oid munosabatlarda kamsitish taqiqlangan.​

Pitnak shahridagi zavodda o‘tkazilgan imtihon haqida Ozodlikka ushbu zavodga besh yildan buyon ishga kirish uchun harakat qilayotgan pitnakliklardan biri xabar qildi.

Bu xabarni 8 iyun kuni o‘tkazilgan imtihonning yana bir ishtirokchisi ham tasdiqladi.

Turnik va "otjimanie"

Ozodlikka Telegram messenjeri orqali bog‘langan pitnaklik yigitga ko‘ra, shaharchadagi zavodga ishga kirmoqchi bo‘lganlardan ularning shaxsiga oid ma’lumotnoma va arifmetikaga oid umumiy imtihondan tashqari yana 40 marta "otjimanie" qilish va 20 marta turnikda tortilish talab qilingan.

Jismoniy sinovdan o‘ta olmaganlar ishga olinmagan.

"20 marta turnikda tortilish va 40 marta "otjimanie" bo‘ldi. Bu mashqlarni kimdir bajardi, kimdir yo‘q. O‘zi shunday bo‘lishi mumkinmi?" deya e’tiroz bildirdi GM Uzbekistan zavodiga besh yildan buyon ishga kira olmayotganini aytgan yigit.

Ayni imtihonda qatnashgan yana bir pitnaklik yigitning aytishicha, zavodga oddiy ishchi bo‘lib kirish niyatida bo‘lganlardan uch xonali sonlarni ko‘paytirish, qo‘shish va ayirish talab qilingan va bunday imtihon uning fikricha, "mantiqsiz"dir:

"Men ko‘p yillar turli joylarda oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman. Ko‘paytirish, qo‘shish va ayirish kabi narsalarni qilmaganimga ko‘p yillar bo‘lib ketdi".

Ozodlik suhbatdoshlari 70 ga yaqin ish o‘rnini egallash uchun 600 dan ziyod odam imtihon topshirganini bildirdi.

Javobsiz qolgan savollar

Ishga kirmoqchi bo‘lganlarni jismoniy sinovdan o‘tkazish GM Uzbekistan AJning yangi xodimlarni yollash usullaridan birimi?

Bu usul O‘zbekistonda mavjud mehnat qonunlariga qanchalik to‘g‘ri keladi?

Ayni savollar berish uchun Ozodlik 13 iyun kuni GM Uzbekistan AJning bosh idorasiga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildi.

GM Uzbekistan mutasaddilari dastlab Pitnakdagi imtihon yuzasidan ilgari surilgan iddaolar o‘rganilib, rasmiy javob berilishini bildirdilar.

Ammo, mutassadilar Ozodlik muxbirining keyingi qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘zbekiston Mehnat Kodeksi 6 moddasiga muvofiq, mehnatga oid munosabatlarda kamsitish taqiqlangan.

Unda, jumladan, shunday ​deyiladi: "Xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi va ​bular kamsitish hisoblanadi".

Pitnakdagi zavodga ishga olish bo‘yicha imtihonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev GM Uzbekistan Aksiyadorlik jamiyatini yetarli ish o‘rinlari yaratmayotgani uchun tanqid qilganidan roppa-rosa uch hafta o‘tib o‘tkazildi.

O‘tgan yil oktabrida GM Uzbekistan AJ Pitnak shahridagi filialida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida "tizimli ravishda jiddiy kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘ygan filialning bir qator xodimlari o‘z lavozimidan ozod etilgan"ligini ma’lum qilgan edi.

GM Uzbekistan AJning Pitnakdagi filiali yiliga 10 ming avtomobil ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Pitnak shaharchasida joylashgan GM Uzbekistan AJning filialida Damas rusumidagi avtomobillar 2014 yil boshidan buyon ishlab chiqariladi.

XS
SM
MD
LG