Линклар

Шошилинч хабар
18 июн 2019, Тошкент вақти: 18:04

Andijonda ikki IIB xodimini "tepkilagan" farrosh ayol 10 sutkaga qamaldi


Odinaxon Ergasheva

Andijon shahridagi 2-tug‘ruqxona farroshi 33 yashar Odinaxon Ergasheva 12 iyun kuni IIB xodimlariga bo‘ysunmaslikda ayblanib, 10 sutkaga qamab qo‘yildi.

Bundan oldin Odinaxon Ergasheva ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat bilan chiqib, 9 iyun kuni ichki ishlar xodimlari uni telefon o‘g‘irlaganlikda gumon qilib, Andijon shahri 4-IIBga olib borib kaltaklashgani, majburlab aroq ichirishganini iddao qilgandi.

Andijon IIB rasmiylari esa Ozodlikka Odinaxon Ergashevaning ikki nafar IIB xodimini do‘pposlagani, ularning kiyimlarini yirtgani va pogonlarini yulib tashlaganini bildirdi.

IIB rasmiylariga ko‘ra¸ Ergasheva O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194 moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) da ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Farroshning yaqini esa Ozodlik bilan suhbatda, IIB ilgari surgan ayblovni "be’manilik" deb atadi.

Hayit kunidagi voqea

Ma’sudaxon Ergashevaning Ozodlikka aytishicha, hodisa qizi joriy yilning 5 iyun, ya’ni Hayit bayrami kuni ishga chiqqanidan keyin boshlangan:

- Qizim eridan ajragan¸ bitta bolasini o‘zi katta qiladi. Dam olish kuni ishga chiqsam ko‘proq oylik olaman, deb ishga chiquvdi. O‘sha erda bitta Nafisa Usmonova degan bemorning telefoni yo‘qolib qolgan. Usmonova qizimga "sen o‘g‘irlading", deb tuxmat qilgan. 6 iyun kuni IIB xodimlari kelib, voqeani o‘rganishgan. Keyin naryad chaqirtirib qizimni Andijon shahri IIB binosida kaltaklashgan, - deydi Ma’suda aya.

Ergashevaning yana bir qarindoshi Jamilaning Ozodlikka bildirishicha¸ 6 iyun kuni Odinaxon tushkun kayfiyatda uyga qaytgan:

- Butun a’zoi badani ko‘karib, momataloq bo‘lib ketgandi. Meni urib tashlashdi. Og‘zimga aroq quyishdi deb yig‘ladi¸ - deydi suhbatdosh.

Ana shundan keyin Odinaxon Ergasheva "haqiqat izlab" Toshkentga inson huquqlari faoli Yelena Urlaeva oldiga boradi.

Faollar yordamida videomurojaat chiqaradi.

Ergasheva o‘z videomurojaatida 6 iyun kuni IIB xodimlari uni Andijon shahri 4-IIB qidiruv bo‘limi xonasiga olib kirib, qidiruv bo‘limi boshliqlari nazorati ostida kaltaklashganini iddao qiladi.

Ko‘kartirmaydigan qilib ur. Ko‘kartirma buni. Ichini to‘k”, deb rosa o‘rgatib turdi ikkitasi. Qolgan uch kishi esa meni urdi”, deydi Odinaxon Ergasheva.

U, shuningdek, IIB xodimlarini uning og‘ziga "majburlab" aroq quyishganini iddao qiladi:

Bo‘ynimni bunday qilishib, achchiq narsa quyishdi. “Nima bu?” dedim, “aroq” deyishdi, burnimni bekitib turib, ichasan, deyishdi”.

Bir ayol "davangirday" ikki IIB xodimini qanday do‘pposladi?

Andijon shahri 2-tug‘ruqxonasining Ozodlik bilan suhbatlashgan ma’sul xodimi bemor Nasiba Usmonovaga tegishli telefon topilganini bildirdi.

- Telefonni hech kim o‘g‘irlamagan. Telefon mebelning orqasiga tushib ketgan ekan. Topildi. Bemor Usmonovaning hech kimga e’tirozi yo‘q. U nohaq gumonlangan Ergashevadan uzr so‘rashga tayyor¸ - dedi kasalxona rasmiysi.

Andijon viloyati IIBsining voqea yuzasidan Ozodlikka taqdim qilgan ma’lumotida ham yo‘qolgan telefonning bemor yotgan xonadan topilgani e’tirof etilgan.

Ayni hujjatda IIB Odina Ergashevani ichki ishlar xodimlarini do‘pposlab, urib bezorilik qilganlikda ayblangani ta’kidlanadi.

Voqeaga Toshkentdagi huquq faollari aralashganidan keyin ijtimoiy tarmoq orqali Andijon shahri 2-tug‘ruqxonasi bo‘lim mudirasining videosi tarqatildi.

Bo‘lim mudirasiga ko‘ra, Odinaxon Ergasheva “militsiya xodimlarini tepkilagan”

- Pogonlarini uzdi¸ ko‘ynagi va maykasini yirtdi. Timdaladi. Tishladi. Tugmalarini uzdi. Odinaxon bu milisalarni judayam qattiq tepib tashladi. Tepkilangan milisa hech narsa demadi. Faqat ta’zim qilib turdi. Men ayol bo‘lib turib uyalib ketdim. Aël kishi erkakni tepishi mumkin emas-ku. Bo‘lib ham milisa erkakni. Erkaklar bizning podshohimiz-ku¸ularni tepish gunoh-ku, deydi 2-tug‘ruqxona bo‘lim mudirasi.

Ergashevaning qarindoshi Jamilaning aytishicha¸ “Odinaxonning militsiyani uradigan holi yo‘q”

-O‘zi ozg‘in. 50 kilo vazni bor. Davangirdek ikki militsionerni urgani aqlga sig‘maydi. U haqini talab qilib, ovozini ko‘targanidan keyin naryad kelib, oyoq qo‘lini kishanlab obketib, urib qo‘yib yuborishgan. Keyin Toshkentga ketganidan keyin orqasidan borib, ushlab obkelib qamab qo‘yishdi. Andijonda o‘z haqini talab qilgan odamlar duch keladigan oddiy holat bu¸ - deydi Jamila.

Ozodlik Odinaxon Ergasheva kaltaklangani iddao qilinayotgan Andijon shahar 4-IIB rahbari Po‘latjon Mamajonov bilan bog‘landi.

Ozodlik savolini eshitgan Mamajonov hech narsa demay, aloqani uzdi.

XS
SM
MD
LG