Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:47

Otabek Murodov Bosh prokurorlikdan olindi. O‘z o‘rnini Mirziyoevga bergan Senat raisi yangi Bosh prokuror bo‘ldi (VIDEO)


O‘zbekiston Bosh prokurorligiga kelgan - Nig‘matilla Yo‘ldoshev(chapda) va ketgan - Otabek Murodov.

20 iyun kuni prezident farmoni bilan Otabek Murodov O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimidan ozod etildi.

44 yashar Otabek Murodov o‘rniga 2015 yanvaridan hozirga qadar Oliy Majlis Senati raisi vazifasini bajarib kelayotgan 57 yashar Nig‘matilla Yo‘ldoshev tayinlandi.

20 iyun kungi prezident farmoni qariyb 6 oydan beri Bosh prokurorning ishdan olinishi haqidagi taxminlarga nuqta qo‘ydi.

Hozircha na prezident va na Bosh prokuratura Matbuot xizmati mamlakatdagi qudratli idora rahbarining nega ishdan olingani haqida rasmiy izoh berdi.

Ozodlik gaplashgan Toshkentdagi ayrim mulozimlar¸ Otabek Murodovning bo‘shatilishini hibsga olingan ikki sobiq Bosh prokuror – Rashitjon Qodirov¸ xususan¸ Ixtiër Abdullaev ishiga aloqadorligini iddao qildi.

Hozircha Senatga kim rais bo‘lishi aytilmadi.

Prezident farmoni

20 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida e’lon qilingan farmon ikki jumladan iborat xolos.

"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 12-bandiga muvofiq: Otabek Baxritdinovich Murodov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimidan ozod etilsin".

Prezident farmonida¸ Murodovning ishdan olinish sabablariga oid ma’lumot yo‘q.

Farmonga ayrim holatlarda keltiriladigan “boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan” degan izoh ham qo‘shilmagan.

O‘zbekiston respublikasining "Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunining 12-moddasiga muvofiq:

"O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 5 yil muddatga tayinlanib, keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tasdig‘idan o‘tadi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oldida hisobdordir".

Oliy Majlis tomonidan besh yilga tayinlangan Murodovning bir yarim yilga bormay ishdan olinish tafsilotlari¸ kuzatuvchilar ishonishicha¸ Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Senat majlisida yangi Bosh prokuror etib tasdiqlanish jaraënida ochiqlanishi mumkin.

Mahalliy matbuotga ko‘ra¸ bu majlis 21 iyunga belgilangan.

"Murodovning ishdan ketishi hibsdagi DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev ishiga bog‘liq"

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan huquq tizimidagi ayrim mulozimlar¸ Otabek Murodovning o‘zidan oldingi Bosh prokuror – Ixtiër Abdullaev ishi bilan bog‘liq ayblovlar ortidan ishdan olinganini bildirdi.

Otabek Murodov aslida 17 iyun kuni uch kun muqaddam ishdan bo‘shatildi. Uni uch kun o‘tib rasmiylashtirishdi. U o‘zi anchadan beri sirtdan kuzatuvda bo‘lgan. Otabek Murodov qamoqqa olingan oldingi Bosh prokuror¸ DXXning sobiq raisi Ixtiër Abdullaev bilan bog‘liq jinoyat ishi figuranti”¸ dedi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

Huquq-tartibot idoralariga yaqin mulozimlardan yana biri Murodov ishdan olinishi arafasida qator amaldorlar va Otabek Murodovni yaqindan tanigan shaxslardan unga qarshi ko‘rsatmalar olinganini iddao qildi.

Bu iddaolarga ko‘ra¸ olingan ko‘rsatmalar korrupsiya ayblovlari bilan bog‘liq.

Ammo Ozodlik hozircha bu iddaolarni tasdiqlash imkoniga ega emas.

13 fevral kuni Ozodlik 53 yashar Ixtiyor Abdullaevning 11 fevral kuni hibsga olingani haqida o‘z manbalariga tayanib xabar bergan edi.

Oradan to‘rt oy o‘tib - 14 iyun kuni bu xabarni rasman tasdiqlagan Bosh prokuratura Matbuot xizmati Ixtiyor Abdullaev¸ Jahongir Egamov va DXXning 10 ga yaqin boshqa yuqori lavozimli amaldorlari ustidan "xizmat mavqeini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik kabi mansab jinoyatlarini sodir etish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari ko‘zg‘atilgani va tergov harakatlari" olib borilayotganini ma’lum qildi.

"Jinoyat ishida o‘tayotgan shaxslarga nisbatan sodir etgan jinoiy qilmishlariga mos ravishda ehtiyot choralari tanlangan"¸ deyilgan edi ayni rasmiy xabarda.

Murodov hokimlarning prezidentga qilgan "donos"lari qurboni bo‘ldi

Ozodlik gaplashgan huquq tizimi mulozimlaridan yana biri¸ Murodovning Shavkat Mirziyoev “qonundan tashqari” vakolatlar bilan siylagan hokimlarning prezidentga qilgan shikoyatlari ortidan bo‘shatilganini iddao qildi.

Mirziyoev¸ prokurorlarni yomon ko‘raman” deb turib¸ Murodovni tayinlagandan keyin prokuraturaga keng vakolatlar berdi. Tadbirkorlarni himoya qilishni¸ agroispeksiyani Bosh prokurorga berdi. Murodov agroispeksiyaga rahbar bo‘lgan prokurorlarga paxta va g‘alla mavsumidagi qo‘shib yozishlarni to‘xtatishni buyurdi. Ayrim joylarga agroisnpeksiya rahbarlari rayon hokimlarini xlopzavodga kirgizmay qo‘ydi. Qo‘shib yozish kamaydi¸ natijada ko‘p viloyatlarda paxta plani bajarilmadi. Prezident buning uchun hokimlarning po‘stagini qoqti¸ masalan Toshviloyat hokimini ishdan oldi. Ishning bu ketishidan norozi hokimlar prezidentga orqavarotdan Murodovni yomonlay boshladi. Tadbirkorlar masalasida ham prokuratura va hokimlar o‘rtasida ziddiyat chiqti. Murodov qonunchilikka amal qilishga uringan bo‘lsa¸ hokimlar teskarisiga. Bu ziddiyatda bugun kim yutganini o‘zingiz tushunavering”¸ dedi prokuratura tizimi mulozimlaridan biri.

Ozodlik gaplashgan ba’zi mulozimlar¸ tabiatan og‘ir-bosiq va mo‘’tadil bo‘lgan Otabek Murodovning "qamchisidan qon tomadigan" prokuror bo‘lmagani¸ uni Mirziyoev ko‘zida "zaif"ga chiqarganini aytadi.

Otabek Murodov qaerda?

Bosh prokuratura Matbuot xizmati 20 iyun kuni Ozodlikning bu savoliga javob bermadi.

Huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, Otabek Murodov 19 iyun kuni Mustaqillik maydonidagi sobiq MXX binosi yerto‘lasiga so‘roq uchun olib borilgan.

Hozircha uning aynan qaysi maqomda – guvoh yoki jinoyat ishi figuranti sifatida so‘roq qilinayotganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Otabek Murodovning ishdan olinish sabablari rasman ochiqlanmayotgan bir vaziyatda uning keyingi taqdiri haqida ham turli taxminlar bildirilmoqda.

Bundan roppa-rosa olti oy muqaddam Ozodlikka yuborilgan audioyozuvdan Shavkat Mirziyoevning o‘sha paytdayoq Otabek Murodovni ishdan olish rejasida bo‘lgani va hatto uning Bosh prokurorlikdan keyingi taqdirini ham belgilab qo‘ygani anglashiladi.

2019 yilning 10 yanvar kuni Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan selektor yig‘ilishida jinoyatlar soni ko‘payganidan norozi bo‘lib¸ bevosita Murodov haqida ikki marta keskin gapirgan Shavkat Mirziyoev:

- Ey prokuror, eshit¸ agar jinoyat kamaymasa, Boysunga prokuror qilib yuboraman. Yurasan surgunda¸ deydi.

Ayni yig‘ilishda Mirziyoev yana Bosh prokuror haqida gapirib:

- Murodovga man aytdim: "tortolmayapsan. Agar tortsang¸ mana shu olti oy sanga sinov. Bo‘lmasa - ketasan. Ketgandayam¸uzoq bir rayonga¸ Boysungami¸ qaergadir prokuror qilib yuboraman¸ keyin taqdiring o‘zingning qo‘lida bo‘ladi"¸ deydi.

Ozodlik gaplashgan huquq tartibot idoralari xodimlariga ko‘ra, bu ogohlantirishdan keyin Otabek Murodov “chemodan kayfiyati”da ishlab kelgan.

Otabek Murodov boshiga o‘zidan oldingi ikki Bosh prokuror – qamoqdagi Rashitjon Qodirov va Ixtiyor Abdullaev kuni tushishi ehtimoliga to‘xtalgan Toshkent mulozimlari¸ bu savol javobi prezidentga yetkazilayotgan "kompromatlar" mazmuniga bog‘liq bo‘lishini aytadi.

Murodov Bosh prokuror bo‘lgandan beri¸ tonggi oltidan tungi 2 gacha ishlagan odam. Ish kunini daladan boshlardi. Mirziyoevga o‘ta sadoqatli edi. Agar Murodovniyam qamasa¸ bu - Mirziyoevning uch yil ichida uchinchi Bosh prokurorni qamashi bo‘ladi. Bu - yaxshi signal emas”¸ deydi Ozodlik gaplashgan mulozimlardan biri.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida eng qisqa muddat o‘tirgan Bosh prokuror

Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 31 kungi farmoni bilan O‘zbekiston Bosh prokurori etib tayinlangan 44 yashar Otabek Murodov bu lavozimda bir yarim yil ishladi.

Bu davr ichida Murodov sobiq Bosh prokuror va DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev¸ u bilan birga sobiq MXXga o‘tgan o‘nlab prokuratura xodimi hibsga olindi, O‘zbekistonda Karimov davrida 15 yil bosh prokuror bo‘lgan Rashitjon Qodirov va yana ko‘plab sobiq prokuratura va moliya xodimlari ishi sudga oshirildi.

45 yashar Otabek Murodov bu qisqa davrda Bosh prokuraturani matbuotga ochib berdi.

Prokuratura Matbuot xizmati ommaviy axborot vositalari¸ xususan¸ Ozodlik bilan erkin hamkorlik qila boshladi.​

Yangi Bosh prokuror kim?

57 yashar toshkentlik Nig‘matilla Yo‘ldoshev¸ asli prokuraturadan chiqqan kadrdir.

U Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i, Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Prokuraturadan keyin¸ 2011-2015 yillarda Adliya vaziri bo‘lib ishlagan.

Islom Karimov¸ Ozodlikning hukumatdagi manbalariga ko‘ra¸ qariyb bir yillik muhokama va suhbatlardan keyin¸ Yo‘ldoshevni Senatga rais qilib tayinlagan.

Bu esa¸ konstitutsiyaga ko‘ra¸Yo‘ldoshevni Karimov davrining 2-rahbariga aylantirdi.

Konstitutsiya¸ prezidentga biror kori-hol bo‘lganda¸ aynan Senat raisining vaqtincha prezident bo‘lishini ko‘zda tutadi.

Ammo Karimov o‘lgani rasman e’lon qilinganidan to‘rt kun o‘tib - 2016 yilning 8 sentabr kungi Oliy Majlis ikkala palatasining favqulodda yig‘inida Yo‘ldoshev o‘ziga berilgan konstitutsion vakolatdan voz kechib¸ uni Shavkat Mirziyoevga taqdim etgan edi.

Bu esa, tahlilchilar fikricha¸ Yo‘ldoshevning siyosiy ambitsiyalari katta bo‘lmagan¸ mustaqil siyosatchi emasligini ko‘rsatadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG