Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:17

Uyushtirilgan kampaniya? Shou biznes vakillari Gulnoraga muhabbat izhor etishda yangi poyga boshladi (VIDEO)


Qiziqchi Halima va ko‘plab Instagram foydalanuvchilari milliardlab dollarni o‘g‘irlaganlikda ayblangan Gulnora Karimovaning ozod etilishini Ollohdan so‘rayotganlarini aytdi.
Qiziqchi Halima va ko‘plab Instagram foydalanuvchilari milliardlab dollarni o‘g‘irlaganlikda ayblangan Gulnora Karimovaning ozod etilishini Ollohdan so‘rayotganlarini aytdi.

24-25 iyun kunlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek shou biznesining ayrim taniqli namoyandalari marhum prezidentning qamoqdagi qizi Gulnora Karimovaning yaqin kunlarda ozodlikka chiqishini so‘rab duo qilish va madh etishga kirishdi.

Уюштирилган кампания? Шоу бизнес вакиллари Гулнорага муҳаббат изҳор этишда янги пойга бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:11 0:00

Ozodlik gaplashgan Toshkentdagi blogerlardan biri¸ bloger va shou biznes vakillariga prezident administratsiyasining ayrim mutasaddilaridan maxsus buyruq bo‘lganini iddao qildi.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan bloger mazkur kampaniya jamoatchilikni Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqishiga tayyorlash va bu ehtimolga ijobiy munosabatni shakllantirish uchun uyushtirilganini bildirdi.

Qo‘shiqchi Rayhon Gulnora Karimovaga – Xalq sizni kechiradi!

23 iyun kuni Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova Instagram sahifasida o‘z onasining O‘zbekiston xalqi va prezidentiga murojaatini e’lon qildi.

2014 yili hibsga olinganidan beri birinchi marta qilingan bu murojaatida Karimova “xalqdan kechirim” so‘ragan.

24 iyun kuni o‘zbek estradasi yulduzlaridan biri Rayhon G‘anieva o‘z Instagram sahifasida Gulnora Karimovaning olmoslarga burkangan suratini qo‘yib:

- Xalq sizni kechiradi. Hammamiz hamisha xudodan bularning hammasi o‘tib ketishini so‘raymiz¸ degan yozuv qoldirdi.

Bu yozuv ortidan Rayhon muxlislari “hamma ham xato qiladi¸ beayb parvardigor”¸ “bizning sevimli opajonimiz¸ sizni juda sog‘indik” degan mazmunda duoi fotiha qilishga kirishgani kuzatildi.

Gulnora Karimovaning qizi Imon Rayhon va muxlislarining bu yozuvlariga like tugmachasini bosgan.

Karimov o‘lganda “doda tirik” deb chiqqan Jahongir Poziljonov Gulnorani sog‘inganini yozdi

“Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov Rayhon postidan bir necha soat o‘tib o‘zi va oilasining Gulnora Karimova bilan birga tushgan suratini qo‘yib:

- Sizni sog‘indik. Tezroq eson-omon oilangiz bag‘riga qaytishingizni tilab qolamiz¸ sihat salomatlik tilaymiz¸ deb yozdi.

Bu yozuvi oxirida Poziljonov Imon Karimova va Gulnora Karimovaning Instagram akkauntini belgiladi (tag).

Halima qiziqchi Gulnora Karimovaga - "Vi moy kumir!"

Qiziqchi Halima Ibragimova ham 25 iyun kuni Instagramda Karimova haqqiga duo qilayotganlar safiga qo‘shildi.

Karimovaning shuhrat va qudrat shohsupasida bo‘lgan paytidagi suratini qo‘ygan Halima Ibragimova:

- Ollohim qo‘llasin. Farzandlaringizga bosh bo‘ling¸ tanu joniz sog‘ bo‘lsin. Sizi duogo‘ylaringiz ko‘p¸ Vi moy kumir¸ - deb yozdi va bu yozuvida u ham Imon Karimova va Gulnora Karimova akkauntlarini belgilab qo‘ydi.

Halimaning Instagramdagi 1¸6 million folloveridan 10 mingdan oshig‘i “yoqdi” deb yozgan bu post¸ bir necha soatdan so‘ng g‘oyib bo‘ldi.

25 iyun kuni ijtimoiy tarmoq¸ xususan¸ Instagramdagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilarni “g‘uvillatgan” Gulnora Karimova haqidagi duogo‘ylikka shou biznesning Shahzoda Matchonova¸ Ziyoda¸ Daler Subhonov¸ Dilfuza Qodirova kabi qator boshqa vakillari¸ shuningdek¸ tanilmagan yuzerlar ham qo‘shildi.

Ulardan ayrimlari “Alhamdulillah, inshallah, Ollohim o‘zingga shukur duolar qabuli uchun Robbim”¸ deb yozgan bo‘lsa¸ boshqalari “U yaqinda qaytadi¸URA! deb bayram boshladi.

“Gulnoraga ozodlik!”

O‘zbekistonlik jurnalist va bloger Karimberdi To‘ramurodning Facebook sahifasida 24 iyun kuni paydo bo‘lgan murojaati shunday nomlandi.

Gulnoraning kuchi, bilimi, tashkilotchilik qobiliyati, qolaversa, pulidan O‘zbek xalqi manfaati yo‘lida foydalanish shart. Unga ozodlik berish, hech bo‘lmasa, Fond forum doirasida faoliyat yuritishiga imkon berish kerak.

Bir oygina oldin kechirilishi aqlimizga sig‘magan odamlar kechirilib, ularga uy-joy ham berilganda, nahotki, Gulnorani kechirmaslik kerak?

Gulnoraga shans berilsa, xalqimiz uchun har birimizdan ko‘p nafi tegishiga men ishonaman.

U ham Ayol! U ham Ona!

Kechagina Prezidentimiz aytgan so‘zlar Gulnora haqida hamdir, unutmang!

Gulnoraga ozodlik berib, o‘zini el manfaati yo‘lida xizmat qilishini isbotlashi uchun shans berish shart!

Gulnoradagi bilim, salohiyat, qobiliyat, shijoat juda ko‘p erkakda ham yo‘q.

Gulnoraga ozodlik berilsin!”¸ deb yozdi samarqandlik jurnalist-bloger.

Bloger: kampaniyaga "tepadan" start berildi!

25 iyun kuni Ozodlikka bog‘langan blogerlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda foloverlari ko‘p bo‘lgan bloger va shou biznes namoyandalariga Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqishini so‘rab yozish haqida “tepadan” og‘zaki buyruq berilganini bildirdi.

Bu bloger “tepa” atamasiga aniqlik kiritib¸ prezident administratsiyasi tarkibidagi vakolatli idora va uning rahbari nomini tilga oldi.

(Bu iddaoni quvvatlovchi dalil ixtiyorida hozircha yo‘qligi bois¸ Ozodlik bu idora va uning rahbari nomini ochiqlamayotir.)

Blogerning aytishicha¸ topshiriq Gulnora Karimovaning yaqin orada ozodlikka chiqarilishiga ijtimoiy fikrni tayyorlash va uning xalqdan so‘ragan kechirimi ijobiy qabul qilingani “mujdasini yoyish” mazmunida bo‘lgan.

Ozodlik Karimberdi To‘ramuroddan o‘ziga boshqa bloger aytgan kabi “tepadan” maxsus ko‘rsatma berilgan-berilmaganini so‘rab murojaat qildi.

"Buni bir sotsiologik tadqiqot, so‘rovnoma desangiz ham bo‘ladi," deya javob qaytardi Karimberdi To‘ramurod.

“O‘zbekkonsert” rasmiysi javob berishga qiynaldi

25 iyun kuni Ozodlik O‘zbekistondagi madaniyat va san’at namoyandalari faoliyati uchun litsenziya beruvchi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining bir emas¸ bir necha mulozimi bilan shou biznes vakillarining ayni kunda aynan Gulnora Karimova mavzuida ko‘rsatgan favqulodda faolligi haqida gaplashdi.

Ulardan ayrimlari Ozodlik nomini eshitib¸ “eshitmay” qolganini aytib¸ go‘shakni ilgan bo‘lsa¸ bevosita litsenziya bo‘limi mulozimlari bu jarayondan bexabarligini bildirdi.

“O‘zbekkonsert” nafaqat san’atkorlarning ijodiy faoliyati¸ balki ularning ijtimoiy tarmoqlardagi hatti-harakatlarini ham nazorat qiladi va yaqinda Jahongir Otajonov¸ Abdulla Qurbonov kabi qo‘shiqchilarning tarmoqdagi tortishuvi uchun ularni lizentsiyadan mahrum qilgan edi.

Davlat muassasasi mulozimlari¸ Ozodlikning o‘nlab san’atkorning milliardlab dollarlik xalq mulkini o‘g‘irlashda ayblangan Gulnora Karimovani bir kunda olqishlab¸ unga ozodlik so‘rab chiqishi tasodifmi¸ yoki bu maxsus uyushtirilgan kampaniyami¸ degan savoliga javob berishga qiynaldi.

Bunday buyruqni biz bermadik. Bizning bu ishga aloqamiz yo‘q. Agar ular Gulnora Karimova haqida yozgan bo‘lsa¸ bu ularning shaxsiy fikri¸ bizga aloqasi yo‘q!”¸ dedi “O‘zbekkonsert” davlat idorasi litsenziya bo‘limi mutasaddisi.

Gulnora Karimova O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ qolaversa AQSh¸ Shvetsiya¸ Hollandiya va Shveysariya prokuraturasi tomonidan nihoyatda katta miqdordagi (bir necha milliard AQSh dollari haqida gap bormoqda – tahr.) korrupsiya va pul yuvishda ayblangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Gulnora Karimovaga oid so‘nggi ​ bayonotida aytilishicha, korrupsiya va og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan Gulnora Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga qamalgan, ammo 2018 yil 1 iyulda bu hukm o‘zgartirilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Ammo Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini takror buzganligi sababli 2019 yil 5 martda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Karimovaning Shveysariyadagi advokati Greguar Manja (Grégoire Mangeat) 15 iyun kuni o‘z mijozini Zangiota qamoqxonasida ko‘rgani va uning salomatligi yomon ahvolda ekani haqida Twitterda yozgan edi.

Advokati bilan so‘nggi uchrashuvdan so‘ng Karimovaning xalq va prezident Shavkat Mirziyoevga qilgan murojaati ochiqlandi.

Bu murojaatda Karimova o‘z boyliklari¸ xususan¸ Shveysariyada muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarishda hukumat bilan hamkorlikka tayyorligi¸ buning evaziga o‘zining amnistiya qilinishi so‘radi.

Shaxsiy tashabbus

25 iyun kuni prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida gapirgan O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov¸ mahalliy nashrlarga ko‘ra¸ Gulnora Karimovaning bu murojaatiga munosabat bildirgan.

"Gulnora Karimova ishi bo‘yicha Oliy Sudga yaqin vaqt ichida biror murojaat kelib tushmagan. Uning va oila a’zolarining turli manbalar orqali qilayotgan bayonotlari Gulnora Karimovaning shaxsiy tashabbuslaridir. Bu borada biror rasmiy hujjat ko‘rib chiqilayotgani yo‘q", degan Oliy sud mutasaddisi jumladan.

Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokati Ozodlikning o‘z mijozi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida borayotgan so‘zlashuvlariga oid savollariga hozircha javob bermadi.

Bunday yashirin so‘zlashuvlar haqida o‘tgan hafta Karimovaning qizi Imon batafsil ma’lumotni ochiqlagan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG