Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:52

OzodDayjest: Qozog‘iston O‘zbekistondan anor eksportini nima uchun taqiqlagan?


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

O‘zbekistonliklar Shengen vizasini olishda kamsitilayotgani aytildi. Qozog‘iston o‘zbek anori eksportini yapon qurti sabab taqiqlagan. G‘alla dalasining yoqilishi laylak polaponlari hayotiga xavf tug‘dirmoqda.

_____________________________________________________________

Toshkentlik jurnalist Yevropa ittifoqi rasmiysini ikkiyuzlamachilikda aybladi

Toshkentlik jurnalist Nikita Makarenko Yevrokomissiyaning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha oliy komissari Federika Mogerinining Markaziy Osiyo bilan do‘stlik munosabatlari xususidagi maqolasini keskin tanqid qildi. Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv arafasida maqola yozgan F. Mogerini YI mintaqa bilan hamma davrdan ham yaqinroq ekanini ta’kidlagan. N. Makarenko esa Telegramdagi sahifasida yuqori martabali arbobning ushbu bayonotini “yevropacha ikkiyuzlamachilik”, deb atagan.

“YI bizga hatto uchinchi dunyo mamlakati deb ham qaramaydi, to‘rtinchi dunyo mamlakati sifatida munosabatda. Oddiy misol – Shengen vizasi berish jarayonida bizning fuqarolarga qanday munosabatda bo‘lasizlar?!

Har gal sharmandalik va xo‘rlik. O‘sha Yevropasiga bormay qo‘yaqolay deysiz. Yostiqdek papkada 25 xil hujjat yig‘ib kelishingiz kerak. Har bir qog‘ozda “tuya emasligingiz”ni isbotlashingiz talab etiladi. Sizga xuddi ashaddiy jinoyatchi kabi qarashadi”, deb yozadi jurnalist.

Qayd etilishicha, shuncha qog‘ozbozlikdan keyin elchixonalar yo bir martalik viza beradi, yo so‘rovni rad etadi. Holbuki, YI mamlakatlari munosabatlar hamisha tarang bo‘lgan Rossiya fuqarolariga ham ko‘p martalik vizani pirojka kabi tarqatadi.

Qozog‘iston nega O‘zbekiston anori eksportini taqiqlagani sababi ochiqlandi

Qozog‘iston O‘zbekistonda yetishtirilgan anor eksportini nima sababdan taqiqlanganiga oydinlik kiritildi (“Hurriyat”, 3 iyul). Qayd etilishicha, O‘zbekistonda yetishtirilgan anordan “pseudococcus comstocki” yoki komstok qurti topilgan. Shundan keyin qo‘shni davlat O‘zbekistondan anor olib kirishni vaqtincha taqiqlagan. Tomonlar o‘rtasida muzokaralardan keyin 14 martdan fitosanitar cheklov bekor qilingan. 1939 yilda Yaponiyadan keltirilgan tut ko‘chati orqali O‘zbekistonda ham tarqalgan ushbu qurt o‘ta xavfli zararkunandalardan sanaladi. Hasharot 300 ga yaqin o‘simlikka qiron keltiradi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2019 yilning bir yarim oyi davomida O‘zbekiston Qozog‘istonga 700 tonnadan ziyod anor eksport qilib, bir million dollarga yaqin daromad qilgan. Ta’kidlanishicha, komstok qurti tarqalmaganida bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lar edi.

G‘alla dalasining yoqilishi laylak polaponlari hayotiga xavf solmoqda

​Toshkent viloyati Bekobod shahrida g‘alla dalalariga o‘t qo‘yish holatlari kuzatilmoqda (“XXI asr”, 4 iyul). Ko‘kka o‘rlagan achchiq qora tutun esa hali qanoti qotmagan, uchirma bo‘lmagan polaponlari bor laylaklarning uyalariga qadar yetib borgan. Guvohlarga ko‘ra, nochor qolgan ona laylaklar o‘z uyalari atrofida aylanib, nola chekkan. Qayd etilishicha, dala va aholi punktlarida o‘simlik qoldiqlarini yoqish uchun jarima u qadar katta emas. Shu bois fermerlar oldindan jarimani to‘lab, daladagi qoldiqlarni yoqib yubormoqda. Muallif tabiatga zararni kamaytirish uchun o‘t-o‘lanlarni atayin yoqqan shaxslarga jarimani bir necha o‘n barobarga oshirishni taklif etgan.

XS
SM
MD
LG