Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:59

Davlat muhofazasi ostidagi O‘ring‘och ko‘lini aysh-ishratchilar egalladi (VIDEO)


O‘ring‘och ko‘li
O‘ring‘och ko‘li

O‘zbekistonning eng noyob tabiiy maskanlaridan hisoblangan O‘ring‘och ko‘li bo‘yida ayvonlar qurilib, choyxona va qayiqda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani atrof-muhit himoyachilari va ekosayyohlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Ularga ko‘ra, yaqin – yaqinlargacha tabiatning bokira qismi sanalgan bu ko‘l atroflari bugun aroqdan bo‘shagan shishalaru oziq-ovqat qoldiqlari, chiqindilarga to‘lib toshgan.

Ugom-Chotqol milliy parkining ekoturizm bo‘yicha mas’uli ko‘l bo‘yida qurilish qilishga tadbirkorlar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan ruxsat olganliklarini aytdi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakilining Ozodlikka aytishicha, O‘ring‘och ko‘li bo‘yicha shiypon qurishga hech kimga ruxsat berilmagan.​

Toshkent shahridan 160 chaqirim shimol-sharqda, Qozog‘iston cherasiga yaqin Ugom-Chotqol milliy parki hududida joylashgan O‘ring‘och ko‘li davlat muhofazasi ostidagi qo‘riqxona hisoblanadi.

Dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan noyob ko‘l havzasida suv nefrit (kristal) tusida jilolanadi va aynan shuning uchun bu ko‘l xalq orasida Nefrit ko‘li deb ham ataladi.

U yerga borgan ekosayyohlar o‘zini ilk bor odam qadami yetgan joyda bo‘lganday his etganliklarini aytib kelishardi.

Keyingi paytlarda ko‘l va uning atrofida yuz berayotgan o‘zgarishlardan xabardorlarning Ozodlikka chuqur tashvish bilan bildirishicha, so‘nggi oylarda bu maskanni hususiy tadbirkorlar egallagan, ular suv ustiga shiyponlar qurib, shashlik va palovxo‘rlarga ijaraga berishni boshlagan, ko‘lga qayiq va katamaran tashlab, sayr qilish xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

“Ўрунғоч” кўли
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:13 0:00

Toshkentlik ekojurnalist Sogdiana Shok Ozodlik bilan suhbatda O‘ring‘och ko‘liga o‘tgan oy oxirgi marta borganida u yerdagi manzarani ko‘rib dahshatga tushganini aytdi.

- Tadbirkorlar tabiatning bokira turgan bu qismini ham egallabdi. Qisqasi, ular O‘ring‘ochni ham "Toshmore"ga aylantirishibdi. Ko‘l bo‘yida shiyponlar qo‘yib tashlangan, hamma yoqda shashlik tutunining hidi, billurday suvda katamaranlar, odamlar ustki kiyimida suvda cho‘milishyapti. Ko‘l chetida aroq shishalari va tarvuz po‘choqlari. Aroq ichish uchun kelganlarga “Niva” mashinalari xizmatda. Ekosayyohlarga endi u yerga borishdan ma’no qolmadi.

Ko‘lga borgan o‘zbekistonlik ekosayyoh Oksana Naumovaning Ozodlikka aytishicha, shiyponlar yonida o‘rnatilgan hojatxonalardan, kanalizatsiya tizimining yo‘qligi bois, axlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘lga oqizilayapti.

- Bu xudud Ugom-Chotqol milliy parkiga qaraydi. Tadbikorlar go‘yoki ko‘l bo‘yidan yerni arendaga olib, o‘z bilganlaricha foydalanishyapti. Ularning go‘yo ruxsatnomalari ham bor. Lekin ular ko‘lni ifloslab, tabiat ne’matidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishmoqda. Xojatxonalardagi axlatlar tuproqqa singgib ko‘lga oqyapti. Agar buning oldi olinmasa, bir-ikki yildan keyin "Nefrit" ko‘limizdan ayrilamiz.

Facebook tarmog‘idagi Potrebitel.Uz kanali foydalanuvchilari ham O‘ring‘och ko‘li bo‘yida choyxona shiyponlari qurilishidan norozi.

"Bunaqa qilmaslik kerak edi. Bu faqat ekoturistlar va dam oluvchilar uchun bo‘lishi kerak", deb yozdi tarmoqning Sherxon ismli foydalanuvchisi.

O‘ring‘och ko‘li bo‘yicha mayovka qilgani borganlar har bir shiypon soatiga 30 ming so‘mdan ijaraga berilayotganini aytishadi.

- Ulfatlar hozir shu yerga choyxona palov qilishga borishadi. Aroqlarni ko‘lning muzday suviga tashlab, ichib o‘tirishadi. Shashlik-mashlik, osh-posh. Shiyponni bir soat arendasi 30 ming so‘m, - deydi toshkentlik Rixsitilla.

O‘ring‘och ko‘liga borish uchun G‘azalkent shahridagi avtobekatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy taksilar biznesi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Dam oluvchilarni tashish bilan shug‘ullanadigan xususiy kirakashlarni har qadamda uchratasiz.

Bu ham atrof-muhit himoyachilari noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

- U yerga sayyohlar piyoda borishardi atrof-muhitga ziyon keltirmaslik uchun. Hozir borsangiz "Niva" mashinalari xizmatda. Men endi u yerga bormayman, - deydi toshkentlik ekojurnalist Sogdiana Shok.

​Davlat himoyasida bo‘lgan O‘ring‘och ko‘li bo‘yida hususiy tadbirkorlarga shiypon qurish va qayiq xizmatini yo‘lga qo‘yishga kim ruxsat berdi?

Ozodlik shu savol bilan O‘ring‘och ko‘li joylashgan Ugom-Chotqol milliy parkining ekoturizm bo‘yicha mas’uli Abror Rixsiboevga murojaat qildi.

Rixsiboev tadbirkorlar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan ruxsat olganliklarini aytdi:

- Bu o‘rmon xo‘jaligi yerlari. Shartnoma asosida arendaga berish vakolati Lesxoz (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi)ga berilgan. Bilishimcha, xususiy firmalar o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan ruhsat olib shu ishni yo‘lga qo‘ygan.

O‘zini O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi rahbari muovini deb tanishtirgan mulozim esa Ozodlikka O‘ring‘och ko‘li davlat muxofazasi ostida ekani, ko‘lni bo‘yiga shiypon qurishga hech kimga ruxsat berilmaganini aytdi:

- Hech kimga ruhsat berilmagan, biz u yerdagi holatni o‘rganib chiqamiz

Ikki yil avval tabiat himoyachilari O‘ring‘och ko‘lidan 60 kilometr janubda joylashgan Chorvoq ko‘li bo‘yida noqonuniy qurilmalar qurib tashlangani haqida bong urishgan edi.

Chorvoq ko‘li va uning atrofida xavfsizlik qoidalariga zid holda¸ soliq to‘lamasdan ishlayotgan shaxs va guruhlar aniqlangani haqida Ozodlik ham xabar bergan edi.

Ikki yil o‘tib Chorvoq ko‘liga borganlar noqonuniy qurilmalar olinmaganini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG