Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:53

Shveysariyalik advokatga Zangiota qamog‘idagi Gulnora Karimova bilan uchrashishga ruxsat berilmadi


Grégoire Mangeat mijozi bilan uchrashishiga shaxsan 21-sonli ayollar koloniyasi rahbari Gulruh Karimova to‘sqinlik qilganini bildirdi.
Grégoire Mangeat mijozi bilan uchrashishiga shaxsan 21-sonli ayollar koloniyasi rahbari Gulruh Karimova to‘sqinlik qilganini bildirdi.

O‘zbekiston Birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Grégoire Mangeat (Greguar Manja) ga 18 iyul kuni qamoqda saqlanayotgan o‘z mijozi bilan uchrashishga ruxsat berilmadi.

Ozodlik bilan suhbatda Manja¸ payshanba kuni Toshkent viloyat, Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli ayollar koloniyasiga borgani¸ ammo undan Gulnora Karimovaning advokati ekanini isbotlash talab qilingani va mijozi bilan uchrashishga izn berilmaganini aytdi.

- Ular mendan Gulnora Karimovaning advokati ekanimni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishni talab qildi. Men ularga ishonchnomani ko‘rsatdim. Shundan so‘ng qamoqxona ma’murlari qaytib chiqib¸ Shveysariya prokuraturasidan berilgan ruxsatni ko‘rsating¸ deyishdi. Hozirgacha bunaqa hujjatlar so‘ralmagan. Tushunishimcha¸ ular meni mijozimdan uzoq tutishmoqchi. Qamoqxona darvozasi oldida 6 soat kutganimdan keyin¸ Toshkentga qaytishga majbur bo‘ldim¸ dedi Manja 18 iyul kuni Toshkent vaqti bilan kechki soat 6 dan so‘ng.

Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati¸ o‘z mijozining salomatligi og‘irlashgani va shu bois Karimovani o‘ziga ko‘rsatmayotganlarini taxmin qiladi.

Gulnorani "Tez yordam"da olib ketishdi?

Karimovaning advokati kun davomida Twitter sahifasida o‘zining Zangiotadagi ayollar qamoqxonasi darvozasi oldida kutayotgani aks etgan suratlarni soatma-soat e’lon qilib bordi.

Mijozi bilan uchrashishiga 21-koloniya rahbari Gulruh Karimovaning shaxsan o‘zi ruxsat bermaganini ta’kidlagan Manja¸ uning (Gulruh Karimovaning) suratini ham e’lon qildi.

Shveysariyalik advokat 18 iyul kuni tasvirga olgan videodan esa¸ Zangiota qamog‘idan chiqib ketayotgan shoshilinch "Tez yordam" mashinasi ham ko‘riladi.

Bu bugun hisobida ikkinchisi”¸ deyilgan izohda Manja¸ o‘z ishonchli manbasi "Tez yordam"da olib ketilganlardan biri Gulnora Karimova ekani¸ o‘z mijozi advokatining qamoqxona eshigi oldida kutayotganidan hatto xabari ham yo‘qligini yozdi.

Manjaning o‘z manbasiga tayanib, Twitterda yozishicha¸ "Zangiota qamoqxonasida keyingi haftalar ichi kamida ikki ayol o‘lgan”.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan ayni qamoqxonadagi vaziyatdan xabardor mahalliy mulozim iddaosicha¸ bu ayollar “qamoqxona ma’muriyatining nihoyatda noinsoniy shafqatsizligi va ahmoqligi oqibatida o‘lgan”.

Ulardan biri Marina Fink¸ u qon ketish oqibatida o‘lgan. Ikkinchisi¸ Tojiniso Mamatqulova – qon bosimining nihoyatda ko‘tarilib ketishi oqibatida o‘lgan. Bu ikki ayol aynan Gulnora Karimovaga qo‘yilgan diagnoz – gipertoniya va qon ketish oqibatida o‘lgan. Ayollar o‘limidan oldin ahvoli yomonligi¸ yo‘qlovga chiqmaslik uchun ruxsat berilishini so‘ragan. Ammo qamoqxona boshlig‘i Gulruh Karimova bu so‘rovni rad qilib¸ bu ikki kasal ayolni kamida bir soat tikka quyoshda turishga majburlagan. Keyingi bir necha oy ichida Zangiota qamog‘ida sakkizta ayol o‘lgan”¸ deydi shveysariyalik advokatning Zangiota qamog‘idagi o‘limlar haqidagi iddaosini quvvatlagan toshkentlik mulozim.

Ozodlik ob-havoning nihoyatda isib ketishi ortidan yuzaga kelgan og‘ir sharoit va qamoqxona ma’muriyatining shafqatsizligi oqibatida Zangiota qamog‘ida o‘lgan ayollar sonining oshib borayotgani haqidagi bu iddaolar bo‘yicha rasmiylardan, shu jumladan 21- koloniya rahbariyatidan izoh ola olmadi.

Adliya vazirligining tegishli boshqarmalari¸ Zangiota qamoqxonasidagi ahvol uchun unga mas’ul Ichki ishlar vazirligi javob berishini¸ shveysariyalik advokatning o‘z mijozi Gulnora Karimova bilan nega uchrashtirilmagani masalasida esa Bosh prokuratura izoh berishini bildirdi.

IIV va Bosh prokuraturadan 18 iyul, kun davomida savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi – matbuot xizmatiga ajratilgan telefon raqamlariga hech kim javob bermadi.

Adliya vazirligi xulosasi

Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Twitterda, Karimovaning Londonda yashayotgan qizi Imon esa Instagram orqali Gulnora Karimovaning qamoqxonadagi sharoiti¸ unga tibbiy yordam ko‘rsatishning yomonlashgani haqida tinimsiz yozib kelmoqda.

Bunday chiqishlarga avvaliga O‘zbekiston Ombudsmani¸ uning ortidan esa¸ Adliya vazirligi rasmiy javob e’lon qildi.

Xususan¸ 3-4 iyul kunlari bu yerdagi vaziyatni o‘rganib chiqqanini bildirgan O‘zbekiston Adliya vazirligi Karimovaning Jinoyat-ijroiya kodeksida ko‘zda tutilgan haq-huquqlari ta’minlangani¸ unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini bildirdi.

Vazirlik tekshiruvchilari iddaosicha¸ Karimova o‘zlari bilan yuzma-yuz suhbatda qamoqxonada haqlarining buzilishi mavzuida gapirishni istamagan¸ faqat o‘ziga yaqin mahbuslarning boshqa sektorga o‘tkazilgani va jinoyat ishi davomida¸ uning nazarida¸ yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarga e’tiroz bildirgan.

O‘tgan oy Greguar Manja va Imon Karimova Gulnora Karimovaning qamoqxonada “zo‘ravonlarcha ushlab turilgani”¸ kuniga bir necha marta hushidan ketayotganiga qaramay¸ unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani¸ eng muhimi – unga berilgan jazoning aniq muddati rasman aytilmayotgani bois¸ Toshkent hukumati bilan muzlatilgan millionlarni qaytarish borasidagi hamkorlik to‘xtatilganini e’lon qilgan edi.

Bungacha Karimova va uning qizi Shveysariya banklarida muzlatilgan 850 million dollar pul va boshqa boyliklarini O‘zbekistonga qaytarish borasida Bosh prokuratura bilan muzokaralar olib borilayotgani¸ hamkorlik natijasida Karimova bu boylikning 133 millionini O‘zbekistonga qaytarishga rozilik berganini bildirgan edi.

Ammo O‘zbekiston tomoni yashirin muzokara shartini buzib¸ va’dasida turmagani ortidan¸ Karimova tomon iddaosicha¸ bu hamkorlik to‘xtagan.

Buning ortidan Greguar Manja 1 iyul kuni Shveysariya sudining muzlatilgan pullarning qolgan 555 million dollarini O‘zbekistonga qaytarishni vaqtincha to‘xtatish haqida hukm chiqarishiga erishdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Karimova ishi bo‘yicha bergan so‘nggi rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganligi sababli 2019 yil 5 martda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Mart oyida uy qamog‘idan Zangiota koloniyasiga o‘tkazilgan Karimovaga berilgan “jazoning o‘talmay qolgan muddati” qancha ekani¸ unga nisbatan davom etayotgani aytilgan jinoyat ishlarining yopilmagan-yopilmagani haqida Toshkent hukumati hozirgacha sukut saqlab kelmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yil e’lon qilgan baënotda aytilishicha¸ Gulnora Karimovaga Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik), 178 (Chet el valyutasini yashirish), 182 (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish), 189 (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 228 (Davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) va 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan ayblov e’lon qilingan.

Ayni bayonotda¸"G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda"¸ deyilgan edi.

Gulnora Karimova O‘zbekistondan tashqari yana o‘nga yaqin davlatda korrupsiya va pul yuvish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari figurantidir.

AQSh Adliya vazirligi qoshidagi prokuratura idorasining Nyu York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019 yilning 7 mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qildi.

Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanmoqda.

AQSh Adliya vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha¸ Karimova AQShning Foreign Corrupt Practices Act (“FCPA”) – Xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurash haqidagi qonuniga ko‘ra¸ hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG