Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 08:30

OzodDayjest: Qoraqalpog‘istonda yosh qizning nomusiga tekkan kimsa tiriklay ko‘mildi


Illyustrativ surat.

Qoraqalpog‘istonlik ota qizining nomusini bulg‘agan kimsani “samosud” qilib o‘ldirdi. O‘zbek adibi maoshlar chivindek kichik, jarimalar fildek katta ekanidan yozg‘irdi. Marg‘ilonlik yigit haydovchilik guvohnomasini qalbakilashtirgani uchun mahkamaga tortildi.

_____________________________________________________________

Qoraqalpog‘istonlik ota qizining nomusiga tekkan kimsani tiriklay ko‘mdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi erkak oila sha’ni va nomusini himoya qilish maqsadida qotillikka qo‘l urdi (“Huquq”, 18 iyul). Qayd etilishicha, mazkur tumanda yashovchi 50 yoshli erkak yosh qizni aldab olib qochgan hamda uning nomusiga tekkan. Nomusga chiday olmagan qizning otasi zo‘ravon erkakni “samosud” qilishga qaror qilgan. Uni cho‘lga olib borib, kaltaklagan so‘ng, tabiiy chuqurga tushirib, tiriklay ko‘mib yuborgan. Qotillikka qo‘l urgan ota uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Taniqli yozuvchi jarimalar oshirilishini “qonuniy qaroqchilik” deb atadi

Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam joriy yil 1 avgustidan kuchga kirishi mo‘ljallanayotgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun taklif qilingan jarimalar miqdorini “qonuniy qaroqchilik” deb atadi (www.human.uz, 18 iyul). “Sizlar qaysi sayyorada yashayapsizlar? Yoki qaysi sayyoradan kelib qolgansizlar? Nimaga, qanday mantiqqa asoslanib bunday – otning kallasidek jarima miqdorlarini belgilayapsiz? Jarima miqdori nimadan kelib chiqishi kerak o‘zi?.. Aholi olayotgan oylik-maoshlar miqdoridanmi? Unday bo‘lsa, nega maoshlar chivindek kichig-u, jarimalar fildek katta? Sizlarning maqsadlaringiz nima o‘zi? Yurtimizda norozilik kayfiyatini keltirib chiqarishmi?” deya mas’ullarni savolga tutgan adib.

Yozuvchiga ko‘ra, o‘zbek xalqi “baxtli kelajak”ni 27 yil kutdi, qancha odam kuta-kuta o‘lib ketdi. Ta’kidlanishicha, mutasaddilar hadeb sira kelmayotgan “erta”ni va’da qilavermay, xalqqa to‘kin hayotni bugun bermog‘i darkor.

O‘zbekistonlik yigit Moskvada bir yil qalbaki guvohnoma bilan mashina haydaganini rus politsiyasi payqamadi

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida yashovchi 31 yoshli yigit haydovchilik guvohnomasini qalbakilashtirgani uchun mahkamaga tortildi. Bu haqda shahar prokuraturasi vakili Jasurbek To‘ychiev “Huquq” nashri orqali ma’lum qilgan. Farg‘ona viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi noziri “Hunday” avtomobilida harakatlanayotgan yigitni to‘xtatib hujjatini tekshirgan. Inspektorda haydovchi taqdim etgan guvohnoma shubha uyg‘otgan. Ekspertizadan keyin hujjat soxta ekani aniqlangan. Qayd etilishicha, ismi oshkor etilmagan yigit yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun ikki yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan. Ammo u soxta haydovchilik guvohnomasi yasab, mashinani boshqarib yuravergan. Moskvada “Yandeks” firmasiga qarashli taksi parkida bir yil davomida soxta hujjat bilan haydovchilik qilganini ham rus politsiyasi payqamagan. Hujjatni soxtalashtirgan yigitga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG