Линклар

Шошилинч хабар
17 август 2019, Тошкент вақти: 18:00

IIV akademiyasi o‘qituvchilari: "soxta sportchilar" imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilindi


Ichki ishlar akademiyasi hovlisi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ikki o‘qituvchisining iddao qilishicha, ushbu o‘quv yurti qabul komissiyasi "ayrim a’zolarinining noqonuniy urinishlari" bilan 2019-2020 o‘quv yili uchun imtiyozli asosda qabul qilingan 30 sportchining kamida 7 nafari "soxta sportchi"dir.

Bu haqda Ozodlikka Akademiyaning ikki o‘qituvchisi ta’qibga uchrashidan qo‘rqib, ismlarini sir saqlash va ovozlarini o‘zgartirish sharti bilan gapirdi.

Akademiya kotibiyati xodimi Ozodlikka mazkur masala bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga bog‘lanish zarurligini aytish bilan cheklandi.

Imtiyozli nomzodlar

Bu yil O‘zbekiston Ichki ishlar Akademiyasiga hujjat topshirgan 6000 dan ziyod abiturentdan jami 637 nafari o‘qishga kirdi.

Ulardan 600 nafari maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat asosida, 37 nafari esa, davlat komissiyasi qaroriga muvofiq, yakka tartibdagi yakuniy suhbatlarsiz, imtiyozli asosda qabul qilindi.

Imtiyozli asosda qabul qilingan 37 nomzodning (Ozodlikda ro‘yxati bor) 5 nafari bu yildan “Temurbeklar maktabi” nomini olgan harbiy litseylar bitiruvchilari, 2 nafari Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olgan iqtidorli qizlar hamda 30 nafari respublika va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlaridir.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 dekabrdagi IIV Akademiyasiga o‘qishga qabul qilish nizomini tasdiqlash haqidagi 958-sonli qaroriga muvofiq, Xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari va sovrindorlari “yakka tartibdagi yakuniy suhbatlarsiz o‘qishga qabul qilinadilar”.


"Soxta sportchilar"

Ozodlik suhbatlashgan Akademiya o‘qituvchilari o‘qishga qabul qilingan 30 nafar sportchining hammasi ham amalda sportchi emasligiga yo bo‘lmasa ular egallagan sport turlari Olimpiya sport turlariga kirmasligiga e’tibor qaratdilar.

- Ba’zi bir sport turlari Olimpiya sport turlariga kirmaydi. Mana bular: armrestling, penchak silat, jit kun do, jiu jitsu, kombat aykido kabilar Olimpiya sport turlariga umuman muvofiq kelmasligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin, eng achinarlisi shundaki, ba’zi bir nomzodlar umuman bu sport turlari bilan shug‘ullanmaganligini va bu sportga umuman aloqador emasligini ko‘rishimiz mumkin, dedi Akademiya o‘qituvchisi.

U o‘z hamkasbi bilan ikki hafta davomida imtiyozli nomzodlar ro‘yxatini sport qo‘mitalari o‘tkazgan turnirlar g‘oliblari ro‘yxati va rasmiy sport vebsaytlarda keltirilgan ma’lumotlar bilan solishtirib chiqqanliklarini bildirdi.

Ozodlikning ikkinchi suhbatdoshi da’vosiga ko‘ra, ro‘yxatga armrestling bo‘yicha xalqaro mukofot sovrindorlari sifatida kiritilgan 4 nafaridan faqat 1 bir nafari 2018 yilda bo‘lib o‘tgan Jahon va Osiyo chempionatlarida uchinchi o‘rinni olgan xolos.

Ozodlik, Akademiya o‘qituvchisining aytganlarini tekshirar ekan, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida armrestling bo‘yicha 2018 yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida Akademiyaga o‘qishga qabul qilingan faqat bir talaba bronza medaliga sazovor bo‘lganini aniqladi.

Akademiya o‘qituvchisiga ko‘ra, sambo bo‘yicha 2018 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida g‘olib sifatida imtiyozlilar ro‘yxatiga kiritilgan 5 nomzoddan biri chempionatda umuman ishtirok etmagan.

Korrupsiya iddaolari

Ozodlik suhbatlashgan Akademiya o‘qituvchilari Qabul komissiyasining ayrim a’zolarini poraxo‘rlikda aybladi.

O‘qituvchilar o‘zlari poraxo‘rlikda ayblayotgan komissiya a’zolari ismlarini ham keltirdi.

Ammo Ozodlik, aybsizlik prezumpsiyasidan kelib chiqib, ular ayblagan Akademiya mulozimlari ismlarini oshkor etmaydi.

Ozodlik Akademiya o‘qituvchilarining iddaolarini ​mustaqil manbalar orqali tasdiqlata olgani yo‘q.

Shuningdek, Ozodlik O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining qabul komissiyasidan munosabat ololmadi, xususan, tilga olingan komissiya a’zolari bilan bog‘lana olmadi.

Akademiya kotibiyati xodimi Ozodlikka mazkur masala bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga bog‘lanish zarurligini aytdi.

Ammo O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash boshqarmasi o‘zining Telegram kanalida 18 iyul kuni akkreditatsiyadan o‘tmagan xorij ommaviy axborot vositalari xabarlariga munosabat bildirmasligini ma’lum qilgan.

2018 yilda ham O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining boshqa bir o‘qituvchisi o‘quv yurti qabul komissiyasi a’zolarini 2018-2019 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari paytida turli hiylalardan foydalanganlikda va poraxo‘rlikda ayblab chiqqandi.

XS
SM
MD
LG