Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 07:48

LGBT jamoasi Mirziyoevga murojaat qilib¸ "besoqolbozlik"ni Jinoyat kodeksidan olib tashlashni so‘radi


Nyu-York gey paradida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targanlar ham ishtirok etdi.

O‘zbekistondagi LGBT jamoasining bir guruh faollari prezident Shavkat Mirziyoevga o‘z huquqlarini himoya qilish va mamlakat Jinoyat Kodeksidan “besoqolbozlik” moddasini olib tashlashni so‘rab murojaat qildi.

Ozodlikka o‘zlarini O‘zbekiston geylar, lesbiyanlar, biseksual va transgenderlar jamiyati a’zosi deb tanishtirgan bu faollar o‘zbek jamiyatida kuchayib borayotgan gomofobiyaning korrupsiya va inson haqlari toptalishi uchun qulay zaminga aylanganini ta’kidladi.

Ozodlikka O‘zbekiston LGBT jamiyati faollarining prezident Mirziyoevga yuborilgan yozilgan murojaati nusxasi yuborildi.

Hozirgi kunda konservativ va gomofoblashayotgan jamiyat LGBT jamiyatining vakillarini tutib, ularning tahqirlangan, do‘pposlangan videolarini ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yib borishmoqda. Shuningdek, internet nashrlarida gey bo‘lgani uchun qamalgani haqidagi xabarlar ham chiqayapti. Biz mana shunday voqea-hodisalar haqidagi manbalarni to‘plab, Human Rights Watch tashkilotiga yubormoqchimiz. Maqsadimiz - JKdagi 120-moddaning olib tashlanishiga erishish. Albatta¸ bu modda qamoq, samosud hamda korrupsiyaga yo‘l ochmoqda. Bizning murojaatlarimiz BMT minbaridan Mirziyoevga yetib borar degan umidimiz bor”, deyiladi murojaatnomada.

Ozodlik bilan xavfsizlik xavotirlari bois shaxsini ochiqlamay gaplashgan murojaat mualliflaridan biri LGBT vakillari murojaatnoma orqali O‘zbekiston prezidenti diqqatini o‘z muammolariga qaratish ekanini aytdi.

- Kam sonli bo‘lganimiz uchun gomofoblashayotgan ko‘plab insonlarga ijtimoiy tarmoqlarda, LGBT vakillari nega mavjud ekanligi haqida, ilmiy asosga ega manbalar bilan tushuntirishga harakat qilmoqdamiz. Hozirgi kunda LGBT vakillarini ovlash avjiga chiqqan, ularning nomidagi "uyat"ni olib tashlash uchun pul so‘ralishi ko‘p kuzatilmoqda. Biz esa tahqirlangan, samosud qilingan insonlarni topishga, ularga ruhan dalda berishga imkon boricha harakat qilmoqdamiz, dedi jamoa a’zolaridan biri.

Ozodlikka gapirgan faolga ko‘ra¸ ijtimoiy tarmoq va messenjerda o‘zbekistonliklarni “gey va lesbiyanlarni ovlash va jazolash” missiyasiga da’vat qilayotgan guruhlar paydo bo‘lgan.

"O‘zlarini jinsiy ozchilikka qarshi "axloq politsiyasi" sifatida taqdim etayotgan bu guruh a’zolari LGBT vakillarini “ovlab”, ular “iqrorlari” aks etgan videotasvirlarni Internetda tarqatish¸ ularni shantaj qilib¸ pul undirish bilan shug‘ullanmoqda"¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.

LGBT vakili o‘zlari tuzgan jamiyat “o‘qimishli, falsafiy bilimga ega, tillarni biluvchi, dunyoqarashi keng yoshlar”dan iborat ekanini aytadi.

- Asosiy maqsadimiz - Jinoyat Kodeksidagi 120-modda¸ya’ni “besoqolbozlik” moddasining olib tashlanishiga erishish. Biz ham O‘zbekistonda barcha kabi haq huquqlarga egamiz. LGBT huquqlari ham himoya qilinsin. O‘zbekiston matbuoti ham bizni tahqirlanish holatlarini yoritsin. Hozirgi kunda juda ko‘plab davlatlar va ko‘plab xalqaro tashkilotlar LGBT huquqlarini oldingi o‘ringa qo‘ygan bir paytda¸ Mirziyoevning 120-moddani olib tashlashi ularning haqiqiy olqishiga sazovor bo‘ladi. Bu narsa O‘zbekistonda barcha sohada erkinlik va huquqlar tiklanayotganiga yana bitta misol bo‘lardi. Biz esa¸ O‘zbekiston kelajagi uchun ko‘plab ishlarga hissa qo‘shgan holda, Mirziyoevning barcha islohotlarini qo‘llab-quvvatlar edik. O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni hurmat qilgan holda, mas’uliyat bilan yondashar edik, dedi O‘zbekiston LGBT jamiyati vakili.

18 iyul kuni mahalliy matbuotda¸ Toshkentda ikki erkakning jinsiy aloqada bo‘lganlikda ayblanib¸ hibsga olingani xabar qilindi.

Aytilishicha¸ Toshkentning Chilonzor tumani 3-kvartalidagi kvartiralardan birida ushlangan bu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 120 moddasi (“Besoqolbozlik”) asosida jinoyat ishi ochilgan.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida "besoqolbozlik" sifatida tasniflangan gomoseksualizm o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sanaladi va gomoseksualizm bilan shug‘ullangan fuqarolar 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasining jinsiy ozchilik huquqlari bo‘yicha 2017 yilda e’lon qilgan hisobotida O‘zbekiston gomoseksualizm jinoyat darajasiga ko‘tarilgan davlatlar qatoridan joy olgan.

Qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasiga ko‘ra, postsovet hududida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov o‘z chiqishlaridan birida “gomoseksualizm o‘zbeklar uchun jirkanch” degan edi.

2018 yilning may oyida O‘zbekiston BMTning LGBT huquqlari bo‘yicha 11 ta tavsiyasini qabul qilmagan edi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov¸ bu haqda bergan izohida¸ rad etilgan tavsiyalarning O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 120-moddasiga (Besoqolbozlik) zid ekanini sabab qilib keltirgan edi.

Shavkat Mirziyoevning hozircha bu masalada fikr bildirgani jamoatchilikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG