Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:45

OzodDayjest: Prezident qizlaridan soxta qahramon yasashga urinish qoralandi


Prezident qizlariga nisbatan maddohlik avj olayotgani tanqid qilindi. Poytaxtdagi novvoyxonalarning uchdan bir qismi sanitar-gigienik talablarga javob bermaydi. Shoir Mirzo Kenjabek prezident devonida ishlagan yillarini o‘zi uchun sharaf deb hisoblamasligini aytdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Prezident qizlariga nisbatan maddohlik avj olayotganidan xavotir bildirildi

Ommaviy axborot vositalarida prezident Shavkat Mirziyoevning qizlariga maddohlik, ularni ko‘tar-ko‘tar qilish kuchaymoqda (www.bong.uz, 23 iyul). Davlat rahbarining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi raisi o‘rinbosari, kichik qizi Shahnoza Mirziyoev Maktabgacha ta’lim vazirligining maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda. Muallif Isomiddin Po‘latovga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari prezident qizlarining oddiy gaplarini ham yangi qit’a kashf etilgandek bayroq qilib ko‘tarmoqda, ularning kundalik hayotda qiladigan ishlari ideal sifatida talqin qilinmoqda. Jurnalistlarning prezident qizlaridan soxta qahramon yasashga urinishi esa xalqning g‘ashiga tegmoqda.

“Eski sahnaga yangi qahramonni chiqarishga urinyapmiz. Vaholanki, bu xayrixohligimizni, madhiyaga ishqibozligimizni prezidentning qizlariga mutlaqo qizig‘i yo‘q. Qizig‘i bo‘lgandayam, foydasi yo‘q. Foydasi yo‘qligini, aksincha, juda jiddiy zarar keltirishini Gulnora Karimova misolida ko‘rdik”, deya xulosa qiladi muallif.

Toshkentdagi novvoyxonalarning uchdan biri sanitariya talabiga javob bermaydi

Toshkentda non mahsulotlarining kattagina qismi hovli-xonadonlarda joylashgan novvoyxonalarda ishlab chiqarilmoqda, ularning uchdan bir qismi esa sanitar-gigienik talablarga javob bermaydi (“XXI asr”, 25 iyul). Respublika ishchi guruhi “Obod mahalla” davlat dasturi ijrosini o‘rganish maqsadida o‘tkazgan tekshiruvlarda ushbu holat aniqlangan. Masalan, novvoyxonalardan birida ishlab chiqarilganiga yarim asrdan oshgan, qorayib ketgan cho‘milish vannasida xamir qorilayotgani qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, novvoyxonalarda sanitar-gigienik nazoratni kuchaytirish lozim.

Shoir Mirzo Kenjabek prezident devonida ishlagan yillarini “xijolatli davr” deb atadi

Shoir, tarjimon va tasavvufshunos olim Mirzo Kenjabek 1990-yillarda prezident devonida ishlagan kezlarini “xijolatli davr”, deb atadi (www.kun.uz, 20 iyul). “Prezident devonida ishlagan yillarimni o‘zim uchun sharaf, deb hisoblamayman. Bu men uchun xijolatli bir davr edi. Nima uchun? Men partiya, siyosat maktabini ko‘rmagan yigit bo‘lganman. Bizda ko‘proq betgachoparlikka o‘xshash, hayotning kamchiliklarini yurtning kattasiga ochiq-ochiq aytishga o‘xshagan hollar ko‘p bo‘lardiki, bu siyosiy doirada ye shaxslarning odobiga unchalik muvofiq kelmas edi”, deb xotirlagan shoir M. Kenjabek prezident Islom Karimov ma’muriyatidagi faoliyat davrini. Ijodkor o‘sha kezlar ko‘p hayotiy narsalardan ko‘ngli qolganini ham qayd etgan. “Xo‘sh, biz nega qo‘limizdan keladigan narsalarni qilishga qodir bo‘lmadik? Bizni mahdud bo‘lib yashashga nima majbur qildi? O‘zimizni jamiyatdan olib qochishga nima majbur qildi? Biz boshimizga siyosiy to‘qmoq tushadi degan qo‘rquv bilan qachongacha yashashimiz mumkin? Jamiyatdagi nohaqlik bo‘lib tuyulgan ana shu narsalar, odamlar orasidan dushman qidirish kayfiyatlari meni, xalq tili bilan aytganda, “qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urish”ga majbur qildi”, degan shoir M. Kenjabek.

XS
SM
MD
LG