Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:06

OzodDayjest: Qashqadaryo hokimi mahalliy rahbarlar kalondimog‘ bo‘lib ketganini tan oldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafarjon Ro‘ziev mahalliy rahbarlarning xalqdan uzilib, manman bo‘lib ketganini e’tirof etdi. O‘zbekiston hukumatining uyg‘urlar taqdiri borasidagi pozitsiyasi “sharmandalik” deb baholandi. Samarqandda to‘rt bolaning onasi o‘zini kanalga tashlab o‘ldirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Qashqadaryo viloyati hokimi: “Hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz”

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafarjon Ro‘ziev Yakkabog‘ tumanida buzish ishlari va bunga aholining noroziligi masalasiga munosabat bildirdi (www.uza.uz, 30 iyul). “Bizdan ham xatolik o‘tdi. Avvalo, biz, rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz, xalqdan uzilib, manman bo‘lib ketgan ekanmiz. Bugun zamon o‘zgardi. Muhtaram prezidentimiz katta islohotlarni boshladilar, bugun xalqning ichiga kirib, har bir oilaning dardini tinglab, uning muammosini o‘zimning muammom deb ishlashimiz kerak. Afsuski, hamma rahbar ham buni hali to‘la anglab yetgani yo‘q. Yakkabog‘ tumani hokimining o‘rinbosari ham o‘zining vakolatiga kirmaydigan ishni qilgan. Bunaqa paytda xalqning oldiga kamida tuman hokimi kelib, bo‘ladigan ishlarni o‘zi tushuntirishi kerak edi. Ular anglata olmasa, viloyat hokimi - men kelishim kerak edi”, degan viloyat hokimi.

Yakkabog‘ tuman hokimi o‘rinbosarining o‘zi buldozerda tadbirkorning korxonasi binosini buzishga uringach, mulk egasi jon achchig‘ida mansabdorning ustiga benzin sepib yoqib yuborgan edi. Ozodlik bu haqda birinchi bo‘lib xabar berishi ortidan vaziyatga markaziy hukumat e’tibor qaratdi. Pirovardida, tadbirkor mulkini o‘zboshimchalik bilan buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi va unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, tuman hokimi va prokurori lavozimidan bo‘shatildi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan Xitoyning uyg‘urlarga qarshi siyosati dastaklanishi “tarixiy sharmandalik” deb ataldi

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston hukumatining Xitoy rahbariyati tomonidan uyg‘urlarga qarshi yuritilayotgan repressiv siyosatni qo‘llab-quvvatlashini “tarixiy sharmandalik” deb atadi. “Davlatda qadriyatlar va tamoyillar bo‘lmasa, juda qiyin bo‘lar ekan, juda sharmandali bo‘lar ekan. O‘zbekiston, og‘zi bilan “SSSR bizga ko‘p zulm qildi, bizni repressiya qildi. Mana, xayriyat mustaqil bo‘ldik” deya turib, qo‘llari bilan Xitoyning uyg‘urlarga insoniyat tarixida kam uchraydigan repressiyalarini qo‘llab-quvvatlayapti”, deb yozdi K. Rabbimov Feysbukdagi sahifasida. Siyosatshunos qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston Xitoy qatag‘onini oqlovchi bayonotni dastaklashdan tiyilgani, O‘zbekiston ham hech bo‘lmasa betaraf maqomda qolgani ma’qul ekanini ta’kidlagan.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, O‘zbekiston ham BMTga Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasini qo‘llab-quvvatlab murojaatnoma yozgan 50 mamlakat safiga qo‘shilgan.

BMT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tuzilmalar hamda o‘nlab G‘arb mamlakatlari Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayonida yashovchi bir millionga yaqin musulmon lagerlarda ushlab turilgani uchun Xitoy rahbariyatini keskin tanqid qilib keladi. Rasmiy Pekin esa musulmon uyg‘urlar “qayta tayyorlash lagerlari”da tarbiyalanayotganini iddao qiladi.

Samarqandda o‘z joniga qasd qilgan ayolning jasadi Qashqadaryodan topildi

Samarqandda 4 bolaning onasi bo‘lgan G. H. ismli ayol Darg‘om kanaliga o‘zini tashlab, joniga qasd qildi (“Darakchi”, 1 avgust). Ayolning yonida bo‘lgan 6 yashar qizchasini kanal yaqinidagi fuqaro qutqarib qolgan. Urgut tumani “Ukrach” mahallasi oqsoqoliga ko‘ra, marhumaning turmush o‘rtog‘i Rossiyada chilangarlik qilib kelayotgan edi. Hujjatlarini yo‘qotgani sabab O‘zbekistonga qaytishi muammo bo‘layotgan edi. Marhumaning qaynakasi u o‘sha kuni “onamnikiga boraman” deb chiqib ketgani, keyinroq joniga qasd qilgani xabari kelganini ma’lum qilgan. Ayol nima sababdan o‘zini kanalga otgani sababi hozircha aniq emas. Qayd etilishicha, Samarqandda joniga qasd qilgan ayolning jasadi 145 kilometr uzoqlikda, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan topilgan.

XS
SM
MD
LG