Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:02

IIV Akademiyasi o‘qituvchisi: "Akademiyaga kirish imtihonlarida poraxo‘rlik ozaygani yo‘q"


2019 yilda IIV Akademiyasiga o‘qishga kirishda nomzodlarning natijalarini soxtalashtirish, o‘z bilimiga ishongan nomzodlarning natijalarini ataylab past baholash holatlari kuzatildi.

Bu O‘zbekiston Ichki ishlar Akademiyasi o‘qituvchisi bildirgan xulosadir.

Quyida Akademiya o‘qituvchisining maktubi tahrirsiz nashr qilinmoqda:

Joriy yil imtihon nazoratiga Ichki Ishlar Vazirligi inspeksiya xodimlari jalb qilinganiga qaramasdan tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik asosida o‘qishga kiritish holatlari o‘tgan yilgidan kam bo‘lmadi.

Buning asosiy sabablaridan biri o‘tgan yilgi poraxo‘rlikdan xabardor bo‘lgan aqlli yoshlarning ko‘pi bu yil IIV Akademiyasiga o‘qishga hujjat toshirmagani bo‘ldi.

Bundan tashqari 2020-yildan Akademiyaga asosan IIV litseylarining bitiruvchilari va xodimlar o‘qishga qabul qilinishi belgilangani uchun ham “bu yil oxirgi imkoniyat” deb, barcha o‘qishga kirish uchun harakat qildi.

Albatta, bu yil o‘qishga kirish 100 foiz pora bilan bo‘ldi deyish noto‘g‘ri, chunki kimlardir “o‘qishga o‘z kuchim bilan kirdim” deyishi yoki ota-onalardan kimlardir “haqiqat bo‘ldi, farzandim o‘z kuchi bilan kirdi,” deyishi uchun ham, ayrim nomzodlarni bilimiga qarab, o‘qishga qabul qilishdi.

Ammo bu ko‘rsatkich 30 foizdan ortmadi desam, xato bo‘lmaydi.

Komissiyalar qo‘ygan baholar nega farqli?

Eng achinarlisi o‘sha o‘z bilimi bilan kirgan 30 foiz abiturientdan ko‘ra bilimliroq bo‘lgan ko‘plab nomzodning o‘qishga kira olmagani bo‘ldi.

Bunga sabab - suhbat vaqtida unga mas’ul bo‘lgan uchta komissiyadan 1 - va 2-komissiyadagi o‘qituvchilar asosan nomzodlarga past baho qo‘ydilar.

Faqat 3– komissiyadagilar abiturientlar bilimini balandroq baholadi.

Bunga sabab oddiy: 1 va 2- komissiyadagi o‘qituvchilar katta ball qo‘ygani qo‘rqishdi.

Bu komissiyalardagi o‘qiutvchilar ularni “pora olib yoki moddiy manfaat uchun baland baho qo‘yayapsizlar” deb ayblashlaridan qo‘rqdilar.

3-komissiyadagilar esa o‘z qilmishlarini birov bilib qolmasligi uchun ayni komissiyaga imtihon topshirgan nomzodlarga ham baland baho qo‘yishdi.

Chunki bu komissiyaga asosan pora berib o‘qishga kirayotgan nomzodlar kiritilgan edi.

Qarabsizki, pora asosida o‘qishga kirganlarning aksari aynan 3-komissiyada suhbat topshirganlar bo‘ldi.

Bayon qanday soxtalashtirildi?

Dastlabki tanlovda bayon va jismoniy tayyorgarlik natijalari soxtalashtirildi.

Ayniqsa, bayon qanday soxtalashtirilganiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Pora bergan nomzodlarning bayonlari ularning o‘zlari tomonidan yozilmagan.

Bu yil imtihonlarni nazorat qilishga IIV maxsus inspeksiyasi jalb qilingani uchun bayonlarni soxtalashtirishning boshqa usuli o‘ylab topildi.

Bayon tugagach, IIV Akademiyasi o‘quv bo‘limi xodimlari nomerlash bahonasi bilan bayon daftarlarini qo‘shni binoda joylashgan o‘quv bo‘limiga olib ketishdi.

U yerda esa pora bergan nomzodlarning daftarlari oldindan yozib qo'yilgan daftarga almashtirildi, ularga nomer qo'yildi va bayonni tekshirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga topshirildi.

Daftarlarning almashtirib qo‘yilganidan bexabar tekshiruvchilar esa pora bergan nomzodlarga katta ball qo‘yishdi.

Tekshiruvchilar boshqa kollej va maktablardan jalb qilingan o‘qituvchilar bo‘lib, ularda nomzodlarning bayondagi husnixati bilan shaxsiy delolardagi husnixatini solishtirib chiqish imkoni yo‘q edi.

Nomzodlarning bayonini oldindan yozib qo‘yish bilan o‘quv bo‘limining ikki xodimi shug‘ullandi.

Buni aniqlash juda oson: o‘qishga kirgan nomzodlarning bayonlari bilan ularning shaxsiy delosidagi anketalarini solishtirib chiqishning o‘zi kifoya.

Prezident Devoni ko‘rsatmasi nega bajarilmadi?

Bu yil kirish imtihonlari Ichki Ishlar Vazirligi tomonidan o‘tkazilishi kerak edi.

Prezident Devoni Ichki Ishlar Vazirligiga shunday ko‘rsatma bergan edi.

Ammo imtihon boshlanishidan o‘n kuncha oldin IIV Akademiyasi imtihon o‘tkazishni yana o‘ziga qaytarib oldi.

Akademiyadagilar Ichki Ishlar Vazirligiga imtihon o‘tkazish bilan bog‘liq reja va dasturlarni, imtihonga jalb qilinishi kerak bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini bermadi.

Suhbat natijalari nega e’lon qilinmadi?

Bu yil ham o‘tgan yilda bo‘lgani kabi nomzodlarning suhbatdagi ballari o‘sha yerning o‘zida nomzodga aytilmadi.

Bir necha kundan keyin saytdan bilib olishdi.

Ammo fursat o‘tgan edi. Apellyatsiya qilaman deb shikoyat qilgan nomzodlarga “mandatdan keyin apellyatsiya o‘tkaziladi, hozir mumkin emas, chunki suhbat ketmoqda,” deb, ularni aldab jo‘natib yuborishdi.

Mandatdan keyin esa barchaning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, qaytarib yuborishdi.

Apellyatsiyada kimnidir bali ko‘tarilib o‘qishga qabul qilgan holati kuzatilmadi. Natijalar o‘zgartirilmadi, o‘zgartirilmaydi ham.

Nima uchun yakuniy suhbat natijalari suhbat vaqtining o‘zida nomzodga darhol e’lon qilinmadi? Nima uchun yakuniy suhbatni ko‘rsatib turuvchi televizion ekranning ovozi yo‘q edi?

Bu savolga Akademiyadagi mas’ullar “imtihonga kirmagan nomzodlar biletdagi savollarni yozib olishadi” deb javob berishadi.

Aslida bunday emas.

Birinchidan, ekran IIV Akademiyasining ichida joylashgan mehmonxona binosining ichga qo‘yilgan edi.

Ikkinchidan, ekranni ko‘rishga faqat va faqat nomzodning ota-onasiga, ularning pasportlarini tekshirib ko‘rgach, ruxsat etildi, xolos.

Ota-ona uchun savol yozishning nima keragi bor?

Bundan tashqari biletdagi savollarni ko‘paytirib qo‘yishsa, kim uning barchasiga tayyorlana oladi?

Axir bir yil tayyorlana olmagan nomzod qanday qilib 3-4 kunning ichida tayyorlanishi mumkin?

Maqsad bitta – o‘zganing natijasini va qanday javob berganini bilib qolmasligi lozim.

Nega faqat nomzodlarning shaxsiy nomerlari berildi?

Nima uchun 2019 yildan boshlab Davlat Test Markazi javoblar varaqasida shaxsiy raqamlar bilan birga nomzodlarning ism va familiyasi ham e’lon qilmoqdayu, bizda teskarisi - saytda faqat nomzodlarning shaxsiy nomerlari berildi xolos?

Sabab bitta: birov-birovning olgan haqiqiy bahosini bilib qolmasligi shart.

O‘qishga kirgan nomzodlardan qayta bayon yoki jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihon olib ko‘rilsa yoxud tarix, ona-tili, huquq fanlaridan test olib ko‘rilsa, haqiqat yuzaga chiqadi.

IIV Akademiyasi o‘qituvchisi

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG