Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:49

Kaltaklangan boysunlik ichki ishlar xodimlarini zo‘ravonlikda ayblamoqda


Erkin Abdurahmonov Boysun tuman shifoxonasida qolmoqda
Erkin Abdurahmonov Boysun tuman shifoxonasida qolmoqda

Boysun tumanilik 45 yashar Erkin Abdurahmonov ichki ishlar xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklanganini iddao qilarkan, olgan jarohatlari tufayli Boysun tuman shifoxonasida qolayotganini bildirdi.

Hodisa yuz bergan mahalla uchastka nozirining Ozodlikka bildirishicha, bu Abdurahmonov bilan bog‘liq voqea yuzasidan prokuratura tekshiruv ishlarini boshlab yuborgan.

Ayni paytda, Boysun tumani Ichki ishlar bo‘limida bu masalada ma’lumotga ega emasliklari va hech kimdan kaltaklangani to‘g‘risida arziza kelib tushmaganini bildirishdi.

Surxondaryo viloyat, Boysun tuman, To‘da mahalla fuqarolar yig‘inidan Ozodlikka murojaat qilgan shaxs 3 avgust kuni mahalladoshi Milliy Gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan qattiq kaltaklangani va shifoxonaga yotqizilganini iddao qildi:

- 3 avgust, soat 23-30 lar atrofida Boysun tuman IIB YPX xodimi Q.J.ning To'da MFY fuqarolari bilan kelishmovchiligi kelib chiqib, ushbu mahalla fuqarosi, 1974 yilda tug‘ilgan Abdurahmonov Erkin Rahmonovichga Milliy Gvardiya va tuman IIB xodimlari jiddiy jarohat yetkazgan. Xususan, Abdurahmonovning ko‘z to‘qimalari jarohatlangan, shuningdek, 10-chi qovurg‘asini sindirishgan" deya iddao qildi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan suhbatdosh.

To‘da mahallasi vakili Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Boysun tumani yangi tartibga ko‘ra 4 sektorga ajratilgani va To‘da mahallasi tuman prokurori nazoratiga tushgan sektorga kiritilganini bildirdi. U shu bois "prokuratura va militsiya kelishilgan holda Erkin Abdurahmonovning ichki ishlar xodimlari tomonidan beayov kaltaklanganini yashirishga urinmoqda" deya iddao qildi.

Jabrlangani, 3 kundan buyon Boysun tuman shifoxonasida davolanayotgani aytilayotgan Erkin Abdurahmonovning o‘zi Ozodlikka telefon orqali bunday dedi:

- Hozir Boysun tuman "Tez yordami"da yotibman. Meni ichki ishlar xodimlari kaltaklashdi. 3 avgust kuni kechqurun 9 larda To‘da mahallasidan bir mashina ko‘mir kulini olib kelyatuvdim. To‘xtatishdi. Ikkita GAI xodimi bor ekan, “Kulim bor”, dedim. “2 million berasan”, dedi. Gap shundaki, ko‘mir kulini tog‘dan noqonuniy olib kelish to‘xtatilgan, mumkin emas. Biz choy puli berib o‘tib ketardik, odatda. “Kelishaylik”, degan edim, onadan olib so‘kvordi. “So‘kinmang!”, desam ko‘zimga musht bilan urdida formadagi DAN xodimi! Keyin ko‘payishib urishdi. Kallalarimga tepdi, bittasi “Ikrom, qattiq tepma – o‘lib qoladi!”, dedi. U bo‘lsa “O‘zbeklarni onasini palon qilaman!”, deb baqirdi, deydi hodisa tafsilotlarini gapirib bergan Erkin.

Boysunlik yigitning aytishicha, uni kaltaklashda mast holatda bo‘lgan uchastka noziri va boshqa ichki ishlar xodimlari ishtirok etgan.

Erkin “Kaltaklash militsiya bo‘limida davom etdi”, deydi:

- Masti ham bor edi. Militsiya bo‘limida yana urishdi. Suv, narsa bermasdan qamab tashlashdi. Ikkita jiyanim keluvdi, ularni ham urishdi va qamab tashlashdi. Bu Boysun tuman ichki ishlar otdelida bo‘ldi. Ichkarida bitta baklashka berib “Shunga ch...ib, siyasan!”, dedi. “O‘lyapman, duxtir chaqir” desam chaqirmadi. Kechasi qo‘limdan qon olib, keyin “Tez yordam” chaqirdi, dedi Erkin Abdurahmonov.

Boysun tuman shifoxonasi vrachlaridan biri jabrlangan shaxsning miyasi chayqalgani va lat yegani, ko‘zi qontalashib, shishib ketgani, qovurg‘asi singani va tanasining ko‘p joyida jarohatlar borligini bildirdi.

Erkin hozirda hodisa yuzasidan shikoyat kimga qilishni bilmayotganini, uning kaltaklanganiga ukalari ham guvoh bo‘lganini aytdi.

Boysun tuman To‘da mahallasi uchastka noziri Rustam Nabiyevdan Ozodlik olgan ma’lumotga qaraganda, Erkin Adburahmonov kaltaklanishi yuzasidan prokuratura tekshiruvi olib borilmoqda:

- Surishtiruv materiali menda emas – Boysun tuman prokuraturasi hozir bu ish yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Janjal masalasiga kelsak, aniq bilmayman kim-kimni urganini, tan jarohati qaerdan kelganini. 3 avgust kuni kechki payt mahallada to‘y bo‘lgandi va jamoat tartibini saqlash uchun to'yda edim. Darhaqiqat, To‘da mahallasi 2- sektor bo‘lgani sababli Boysun tumani prokurori sektor boshlig‘i hisoblanadi, dedi ichki ishlar xodimi.

Ayni paytda, Boysun tumani Ichki ishlar bo‘limida bu masalada ma’lumotga ega emasliklari va hech kimdan kaltaklangani yuzasidan arz-shikoyat kelib tushmaganini bildirishdi.

Boysun tumani Ichki ishlar xodimlarini kaltaklashda ayblayotgan to‘daliklar Erkin Adburahmonovga jarohat yetkazgan ayrim xodimlar ismi-familiyalarini Ozodlikka ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG