Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:01

Investitsiya yotqizmoqchi bo‘lib kelgan tadbirkor soqoli borligi uchun hokimlikka kiritilmadi


Tadbirkor Tohir Abdusamatov
Tadbirkor Tohir Abdusamatov

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashaydigan tadbirkor Tohir Abdusamatov 15 avgust kuni soqoli borligi uchun Farg‘ona shahar hokimi qabuliga kiritilmadi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan tadbirkorning aytishicha, u Farg‘ona shahar hokimining qabuliga avvaldan yozilib, investitsion loyihalar yuzasidan gaplashgani kelgan edi.

Ammo, hokimlik binosi eshigiga qo‘yilgan qo‘riqlash xizmatining xodimlari, soqollilarni hokimlik binosiga kiritmaslik haqida “hokimning ichki buyrug‘i” borligini aytib, uni ichkariga kiritmagan.

Shahar hokimligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Zohidjon Mansurov Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiladigan tadbirkor, 36 yashar Tohir Abdusamatovning aytishicha, u 15 avgust kuni Farg‘ona shahar hokimining qabuliga avvaldan yozilgan bo‘lsa-da, lekin soqoli borligi uchun hokimlik binosiga kiritilmagan:

- Farg‘ona shahriga investitsiya proyekti bilan hokimning qabuliga kelgan edim. Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi yaxshi do‘stlarimiz O‘zbekistonga investitsiya olib kirishmoqchi, ya’ni teplitsa qurish bo‘yicha katta bir proyektimiz bor edi. Shuning uchun, Farg‘ona shahrida nol qiymatda berilayotgan binolarni hokim bilan gaplashmoqchi edim. Telefon orqali hokim qabuliga yozilib kelgan edik. Lekin Farrux degan qo‘riqlash xizmati xodimi betimga shunday qarab, “soqollilar hokimlik binosiga kirishi mumkin emas, bu hokimning ichki buyrug‘i”, dedi.

Tadbirkorning aytishicha, u konstitutsiyaviy huquqi poymol bo‘layotganini ta’kidlasa ham, qorovullar uni ichkariga kiritishmagan:

- Men haqqimni talab qila boshlaganimdan keyin, qorovullarning boshlig‘i chiqib keldi, oqsoch kishi. U ham, hokimning ichki buyrug‘ini pesh qildi. U qanday buyruq ekanki, Konstitutsiyaga zid bo‘lsa, ko‘rsating desam ham, baribir kiritishmadi. Shu zahoti prokuratura va prezident virtual qabulxonasiga telefon orqali shikoyat qildim”.

Bu voqeadagi so‘zlashuvlarni telefoniga yozib olgan tadbirkor audioyozuvni Ozodlikka taqdim etdi.

Audioda hokimlik qorovullari boshlig‘i deb aytilayotgan shaxs, soqollilarni ichkariga kiritmaslik haqida hokimning ichki buyrug‘i borligini ta’kidlaydi:

“Hokim binoga sport kiyimidagilarni, soqollilarni qo‘ymaysan deb buyruq chiqargan. Hokim o‘zining ichki buyrug‘ini chiqarishga haqli”.

15 avgust kuni o‘zining ishi bilan Farg‘ona shahar hokimining qabuliga borgan farg‘onalik Zulfiya Yursinova ham bu voqeaga guvoh bo‘lganini aytdi:

- Biz ham o‘sha yerda edik. Oxrana bu odamni kirgizmadi. U nega kirgizmaysizlar, deb so‘ragan edi, oxrana, hokim soqollilarni kirgizmagin deb aytgan, dedi. Soqolli odam konstitutsion huquqlarini talab qilgan edi, ular, chiqib keting bu yerdan, deb haydab chiqarishdi.

Ozodlik Farg‘ona shahar hokimining qabulxonasi bilan bog‘lanib, bu masalaga munosabat olmoqchi bo‘ldi. O‘zini tanishtirmagan mulozim, soqolli odamlarni hokimlik binosiga qo‘ymaslik haqida hokimning ichki buyrug‘i bor-yo‘qligidan xabari yo‘qligini aytar ekan, kadrlar bo‘limiga bog‘lanishimizni maslahat berdi.

Hokimlik kadrlar bo‘limi boshlig‘i Zohidjon Mansurov Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng “alo, alo, ovozingiz uzilib qolyapti”, dedi-da aloqani uzdi.

Mulozim Ozodlik qilgan boshqa qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirdi.

Farg‘ona viloyatida rahbarlarning soqolli odamlarni yoqtirmasligi haqida Ozodlik ilgari ham maqola yozgan edi.

2017 yilning 1 aprel kuni ish so‘rab borgan, Farg‘ona viloyat, Rishton tumanida yashaydigan 37 yashar xalqaro toifadagi oshpaz Sherzod Madaminovni viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev soqol qo‘ygani uchun uni ko‘pchilikning oldida kamsitgan va haqorat qilgan edi:

- Sizga kredit bersak, o‘zingiz restoran ochsangiz, deyishdi. Xursand bo‘ldim, mayli jonim bilan, dedim. Lekin shu payt viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev o‘rnidan turib keldi-da, bu nima deb qo‘li bilan iyagimni ko‘rsatdi. Men soqolimni aytayotganini tushundimda, bu “espanyolka” dedim. Hokim yana g‘azab bilan yana so‘radi, men yana buni nomi “espanyolka” dedim. Shunda hokim, soqolni olsangiz va qachonki bizga o‘xshab odam shaklida bo‘lib kelsangiz o‘shanda kredit olasiz, dedi. Jahlim chiqib, shartta u yerdan chiqib ketdim, degan edi Sherzod Madaminov.

XS
SM
MD
LG