Линклар

Шошилинч хабар
16 сентябр 2019, Тошкент вақти: 15:39

Rossiya prokuraturasi norozilikka chiqqan yana bir oilaga uch bolasini tortib olish bilan tahdid qilmoqda


Pyotr va Yelena Xomskiy, qo‘zg‘atilgan ish “biz bilan boshqalarni qo‘rqitishga qaratilgan”, demoqda.

Rossiyalik er-xotin prokurorlar, norozilik namoyishiga olib kelgan uch qizingdan ayrilib qolasan, deb tahdid qilganini bildirdi va ularning ta’qibini “barcha faollarni qo‘rqitishga noqonuniy urinish” deb atadi.

Pyotr va Yelena Xomskiyning “Nastoyashchee vremya” nashriga 26 avgustda aytishicha, Moskva shahridagi Nikulin tumani prokuraturasi sudga o‘zlarini ota-onalik huquqidan mahrum etishga oid so‘rov kiritgani, bunga ularning shu oy boshida norozilik namoyishida uch qizi bilan qatnashgani asos bo‘lganini aytdi.

Er-xotinga ko‘ra, sud bu iltimosnomani 2 sentabrda ko‘rib chiqadi. Aytishlaricha, ular 22 avgustda bo‘lib o‘tgan dastlabki sud majlisi haqida umuman xabardor qilinmagan.

Er-xotinning 3 avgustda bo‘lib o‘tgan namoyishda 3 oylik, 3 va 10 yashar qizlari bilan qatnashgani davlat televideniyesi orqali ko‘rsatilgan.

Bu ko‘rsatuvda Pyotr Xomskiy “professional fitnachi” va Kremlning ashaddiy tanqidchisi “Aleksey Navalniyning tansoqchisi” deb atalgan.

Xomskiy mitingga atay kelgani, ammo hech qanday plakat ushlamagani yoki biror shior aytib baqirmaganini aytadi.

Er-xotin prokuraturaning sudga kiritgan so‘rovidan maqsad “boshqa faollarni qo‘rqitish” ekanini ta’kidlab¸ farzandlarini olib qolish uchun kurashmoqchi ekanini aytadi.

‒ Biz ular bunaqa qilishiga yo‘l bermaymiz. G‘azabi va noqonuniy hatti-harakatlari o‘zlarining boshiga etadi. Biz farzandlarimizni ularga berib qo‘ymaymiz. Ular o‘zlari o‘ylayotganday har narsaga qodir emas, ‒ deydi Pyotr Xomskiy.

U shuningdek aksar rossiyaliklarning o‘z haq-huquqini himoya qilish uchun yetarli ish qilmayotganidan ham afsus bildiradi.

‒ Odatda odamlar hokimiyat idoralari bezovta qilmasligi uchun tinch o‘tirishga harakat qiladi. Lekin hokimiyat idoralari ularni bezovta qiladi. Avvalo, ular faolroq bo‘lganlarni “yeydi”, keyin ko‘proq “ovqat” talab qilingani uchun tinch o‘tirganlarga yopisha boshlaydi, oxirida esa bir-birini yeyishga o‘tadi, ‒ dedi Xomskiy.

Rossiyada siyosiy faollik uchun fuqarolarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishga urinish oldinroq ham kuzatilgan edi. 6 avgustda Moskva shahar prokuraturasi Dmitriy va Olga Prokazovlarni 1 yashar o‘g‘lini 27 iyulda Moskva shahar meriyasi oldidagi norozilik namoyishiga olib kelgani uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilish xususida sudga iltimosnoma kiritgan.

Bu voqea oddiy moskvaliklar va inson huquqi himoyachilarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.

Prokazovlar farzandi hayotini xatarga qo‘yish va ota-onalik majburiyatlarini buzganlikda ayblanmoqda. Politsiya iddosicha¸ ular o‘sha kuni politsiya tekshiruvidan o‘tish va hibsga olinmaslik uchun farzandini Olga Prokazovaning amakivachchasi va faol Sergay Fominga bergan. Fomin hozir “ommaviy tartibsizliklar”da qatnashganlik ayblovi bilan tergov izolyatorida ushlab turilibdi.

So‘nggi haftalarda Moskvada bir qancha ruxsat etilgan va etilmagan namoyishlar bo‘lib o‘tgan, ishtirokchilar bo‘lg‘usi munitsipal saylovda mustaqil va muxolifat nomzodlari ishtirok etishini talab qilib chiqqan edi.

27 iyuldagi namoyishda 1300, 3 avgustdagi namoyishda esa 1000 kishi hibsga olindi. O‘nlab namoyishchi ruxsat etilmagan namoyishlar yoki ularni tashkil qilishda qatnashganlik aybi bilan jarimaga tortildi¸ qamoqqa tashlandi.

Boshqa qator namoyishchilarga“ommaviy tartibsizliklar”da qatnashganlik va go‘yo politsiyaga hujum qilganlik jinoiy ayblovlari qo‘yildi. Endi ular 27 sentabrga qadar tergov izolyatorida ushlab turiladi.

XS
SM
MD
LG