Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:25

OzodTarmoq: Mustaqillik faqat siyosiy va geografik tushuncha emas


OzodTarmoq - Ozodlikning yangi rukni. Unda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin matn, audio va videolarni berib boramiz.

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida Bloger Shahnoza o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan postni e’tiboringizga havola qilayapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda. Stilistika va imlo muallifniki.

***

Mustaqillikning ilk kunlari men maktabda o‘qib yurgan o‘smir qizaloq edim. Ko‘p yodlaydigan va kam mushohada qiladigan davrim... Qullikning so‘nggi yillari g‘ira-shira yodimda: Lenin portreti, oktabryat nishoni va hk. Boltiqbo‘yi va Kavkaz ittifoqdan chiqarmish deya ularni qoralab gapirgan kattalar, Armanistondagi zilzilani aynan shu "shakkok" va shum niyat uchun ilohiy jazo deb baholashlar...(shunaqa hammasi aralashib ketgan zamon edi).

Keyin o‘zgarishlar davri keldi: davlat tili, mustaqillik deklaratsiyasi, GKChP degan so‘zlar yangradi... Keyin bir kunda mustaqil bo‘lib qoldik.

Mustaqillik nima ekanini gazetalardan o‘qirdigu, hali tuymadik.

Tuyish keyinroq keldi: maktabimiz tomidagi bayroq o‘zgarganida, televidenieda o‘zbekcha multfilmlar va Gollivud filmlari paydo bo‘lganda, yangi madhiyani yodlaganimda, lagerga borganimda tarbiyachilar endi o‘zbek tilida ham gapira boshlashganida...

Shu yillarda men bir so‘m pulsiz o‘qishga kirib, besh yil sifatli ta’lim oldim. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotini maxsus o‘rganib, Istiqlolning asl me’morlarini tanidim.

Ba’zan umidlandim, ba’zan umidsizlikka tushdim. So‘zimni imkon topsam aytdim, topmasam, jim turdim. Ba’zan cho‘kdim, lekin ko‘proq o‘sdim, undim...

Xuddi shunday, kimdir nimagadir erishgan bo‘lsa, unda shu yillarning, Mustaqillikning hissasi bor: birov tilini, birov e’tiqodini, kimdir mulkini, yana kimdir qadrini topdi.

Mustaqillik faqat siyosiy va geografik tushuncha emas. U avvalo, tarix va taqdirlarni o‘zgartirgani bilan ahamiyatli.

Bu 28 yilni kimdir xotiradan o‘qiydi, kimdir tarix kitoblaridan. Lekin hammamiz uchun Vatan bir, yutuq bir - O‘zbekiston!

Bayram muborak, azizlar!


XS
SM
MD
LG