Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:21

OzodDayjest: Go‘sht narxining ko‘tarilishiga o‘zbeklarning "go‘shtxo‘r"ligi sabab emas


Hokimliklar go‘sht narxi borasida qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmoqda. Navoiyda qadimiy minora qoldig‘i topildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Farg‘onada “Obod qishloq” dasturi ijrosi o‘lda-jo‘lda ekani aniqlandi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani “Mehnatobod”, “Qumariq” va “Yulg‘unzor” mahallalarida “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha qilingan ishlar qoniqarsiz, deb xabar beradi “Ishonch” nashri.

Masalan, 6300 kishi yashaydigan “Qumariq” mahallasida dastur doirasida 2 kilometr piyodalar yo‘lagini ta’mirlash, 2 ta chiqindi yig‘ish punkti qurish, 1,7 kilometr hududda daraxtzor va gulzorlar tashkil etish, 1 ta sug‘orish qudug‘i qazish, 86 dona tungi ko‘cha yoritish ustunlarini o‘rnatish va 6 kilometrlik elektr kabellari tortish, 1 ta suv minorasini o‘rnatish, ­qishloq oilaviy poliklinikasining mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Ammo bu ishlarning birortasi bajarilmagan.

“Yulg‘unzor” mahallasida rejadagi bog‘cha hali ham qurilmagani sabab ota-onalar farzandini 8 kilometr yo‘l bosib tuman markaziga olib bormoqda.

“Mehnatobod” mahallasidagi dastur doirasida ta’mirlangan maktab sinfxonalari oynasi yo‘qligi bois derazalarga faner qoqilganini ko‘rish mumkin. Ushbu holatlar yuzasidan mutasaddilar savolga tutilgan.

Navoiyda topilgan qadimgi minora g‘ishtlari o‘tgan asrda tashib ketilgani ma’lum bo‘ldi

Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti mutaxassislari Navoiy viloyatida qadimiy yodgorlik – qo‘riqlash minorasi qoldig‘ini topdi (“Oila davrasida”, 12 sentabr).

Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasini kesib o‘tadigan dovonning eng yuqori qismida, tik qoya ustida qurilgan qo‘riqlash minorasi orqali o‘tmishda o‘tish yo‘li nazorat qilingan. Mahalliy aholi minoraning g‘ishtlari o‘tgan asrning 50-60-yillarida tashib ketilganini ma’lum qilgan.

Arxeologik kuzatuvlar natijasida bu yerdan temuriylar davriga oid mis tanga, pishiq g‘isht qoldiqlari, sirlanmagan sopol idish parchalari va boshqa tarixiy buyumlar ham topilgan.

O‘zbekistonda go‘sht narxini arzonlashtirish yo‘li aytildi

O‘zbekistonda keyingi paytlarda go‘sht narxi keskin oshgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Chorvador fermer xo‘jaliklari rahbarlari go‘sht narxi yana oshishda davom etishini ma’lum qilgan (www.kun.uz, 8 sentabr).

Bunga esa energiya resurslari, yem-xashak, ozuqa va yoqilg‘i narxi ko‘tarilayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Chorvador fermerlar yem-xashak uchun yer maydonlari yetishmasligi, yem-xashak yetishtirish uchun eng past bonitetli yerlar berilishidan yozg‘irgan.

Mamlakat bo‘ylab hokimliklar go‘sht narxini pasaytirish uchun go‘sht sotuvchilardan narxni tushirishni talab qiladi. Qayd etilishicha, ular bu bilan narx yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda, xolos.

“Davlat narxni tushirish uchun bozorda go‘sht qimmatlashgan payt chorvachilik fermer xo‘jaliklaridagi bo‘rdoqilarni so‘yib bozorga olib chiqib yoki tovuq va baliq mahsulotlari hajmini ko‘paytirib natijaga erishishi mumkin. Bugungi kunlarda esa chorvachilik mahsulotlari narxini ushlab turish uchun esa yem-ozuqa bazasini ko‘paytirib uning narxini tushirishni o‘ylash kerak” deb yozadi axborot-tahliliy sayt.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov go‘sht narxi qimmatlashuvi sabablaridan bir sifatida aholi juda ko‘p go‘sht iste’mol qilayotganini aytdi. Ushbu iddao ijtimoiy tarmoqda keskin tanqid uyg‘otdi.

XS
SM
MD
LG