Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 02:10

Toshkentda 25 yashar gey yigit bo‘g‘izlab o‘ldirildi


INSTAGRAM: shokirshavkatov

12 sentabr kechqurun Toshkentning Yunusobod tumanida noma’lum shaxslar 25 yashar Shokir Shavkatovni o‘ldirgani to‘g‘risidagi norasmiy xabarni Yunusobod tuman IIB mulozimi tasdiqladi.

IIB mulozimining Ozodlikka aytishicha, voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Tergovni Yunusobod tuman prokuraturasi tergovchilari olib bormoqda.

Samarqand viloyat, Chelak shahrilik Shokir Shavkatovning onasi, 13 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda, o‘g‘lining jasadi shahar sud-tibbiy ekspertizasi morgida ekanligini bildirdi.

Yunusobod tuman IIB vakiliga ko‘ra, Shokir Shavkatovni o‘ldirishda gumon qilinayotgan 40 yoshlardagi ikki yigit qo‘lga olingan.

IIB vakili "jinoyatning jinsiy ozchiliklar mavzusiga bog‘liqligi bois" boshqa tafsilotlarni aytishga huquqi yo‘qligini bildirdi.

Matbuotga gapirish vakolati bo‘lmagani bois ismi tilga olinishini istamagan Yunusobod tuman prokuraturasi vakiliga ko‘ra¸ voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97- moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) "P" bandi (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda) bo‘yicha ish ochilgan.

Qotillik xronikasi

Ma’lum bo‘lishicha, o‘ldirilgan Shokir Shavkatov o‘zining Instagram sahifasida gey ekanligini ochiq e’tirof qilgan.

Ozodlik Shavkatovning do‘stlari bilan ham bog‘landi. Uning geyligini tasdiqlagan Aziz ismli samarqandlik yigitga ko‘ra, voqea Toshkentning Yunusobod tumanida 12 sentabr, kequrun soat 11.30 da sodir bo‘lgan.

Azizning voqeani o‘rganayotgan advokatning aytganlariga tayanib aytishicha, Shokir Shavkatov Yunusobodagi LGBT (lesbiyanlar, gomoseksuallar, biseksuallar va transgenderlar) jamoasi a’zolari gavjum bo‘ladigan tungi klubga borgan. 40 yoshlardagi ikki yigit uni tungi klubdan olib chiqib, o‘zlariga tegishli kvartiraga olib ketgan.

Kvartirada Shokir Shavkatov kaltaklanib, ikki joyiga pichoq urilgan. Shavkatov qochib chiqqan. Ikki yigit Shokir Shavkatovning orqasidan yetib kelib, bino kiraverishida ushlab, yiqitib, keyin tomog‘idan bo‘g‘izlagan va yigit o‘lgan.

Azizning bu iddaosini o‘ldirilgan yigitning onasi ham takrorladi. O‘g‘lining o‘limidan so‘ng o‘tgan bir necha soat davomida to‘plagan ma’lumotlariga tayanib, ona o‘g‘lining uni o‘ldirgan yigitlar bilan tanish bo‘lmaganini, ularda qasd olish yoki geyligi uchun jazolash maqsadi bo‘lmaganligini bilganini aytdi.

LGBT jamoasi tashvishda

O‘zbekistondagi LGBT jamoasi faolining Toshkentda turib, yuristlarga tayanib, Ozodlikka aytishicha, jinoyat atayin geylarga nafrat asosida gomofoblar tomonidan sodir qilingan:

- Ikki kun oldin ayni tungi klubdan 10 ga yaqin jinsiy ozchilik vakillari IIB o‘tkazgan reyd davomida tahqirlanib, hammaning ko‘z oldida ushlab ketilgan edi. 12 sentabrdagi vahshiy qotillik zaminida gomofobiya alomatlari ko‘rinib turibdi. Shokir Shavkatovni olib ketganlar o‘zlarini “axloq politsiyachisi” kabi tutishgan.

LGBT jamoasi vakili yana bunday dedi:

"Shavkatovning o‘limi yuzasidan chuqur tashvishga tushganimizni bildiramiz va hukumatdan jinsiy ozchiliklarni o‘z himoyasiga olishni talab qilamiz!"

Jinsiy orientatsiyasi bois, mamlakatni tark qilgan o‘zbekistonlik geylardan biri Ozodlik bilan suhbatda bu qotillik O‘zbekistondagi barcha geylarga qo‘rquv signalini yuborganidan xavotirini izhor qildi.

O‘zbekistondagi jinsiy ozchiliklarning kaltaklangani va pichoqlab o‘ldirilgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.

Joriy yil aprelida Samarqandda uch farzandning otasi gey bo‘lgani uchun vahshiylarcha kaltaklangani haqida Ozodlik yozgan edi.

XS
SM
MD
LG