Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:26

Imon Karimova hukumatni korrupsiyaga oid maxfiy faktlarni dunyoga oshkor qilishdan ogohlantirdi


Gregoire Mangeat Londondan Toshkentga borgan Imon Karimovaga ham onasi ustidan borayotgan sudga kirishiga ruxsat berilmaganini yozdi.
Gregoire Mangeat Londondan Toshkentga borgan Imon Karimovaga ham onasi ustidan borayotgan sudga kirishiga ruxsat berilmaganini yozdi.

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ustidan Toshkentda yana bir maxfiy sud jarayoni boshlandi.

Bu xabarni 16 sentabr kuni Karimovaning shveysariyalik advokati Grégoire Mangeat o‘z Twitter sahifasida yoyinladi.

Ayni shu kuni Karimovaning qizi Imon Instagram orqali Shavkat Mirziyoyev hokimiyatini yaqin kunlarda mamlakatdagi korrupsiyaga oid faktlarning jahon va O‘zbekiston jamoatchiligiga oshkor qilinishidan ogohlantirdi.​

Karimova tomoni ogohlantiradi…

O‘zbekiston marhum prezidentining qamoqda saqlanayotgan qizi Gulnora Karimova tomoni rasmiy Toshkentga ogohlantiruv e’lon qildi.

Karimovaning Londonda yashaydigan qizi Imon Karimova o‘z Instagram sahifasi orqali onasi bilan bog‘liq jarayonlarni yana “sirk” deb atadi va uni “balandparvoz bayonot va kosmetik o‘zgarishlarga qaramay¸ O‘zbekistonda hech qanday ilgari siljish bo‘lmayotgani tasdig‘i sifatida ko‘rsatdi.

Kelayotgan bir necha kun ichida har bir xalqaro sud va korrupsiyani tadqiq etish bilan shug‘ullanuvchi mashhur xalqaro kompaniyalarga yuboriladigan hujjatlar joriy hokimiyatning onam va bizning qo‘limizdagi faktlardan nega qo‘rqishini qisman (hozircha boshlanishi) ko‘rsatadi. Xalq e’tiborini bu ma’lumotlar chiqishidan chalg‘itib bo‘lmaydi¸ garchi o‘rtamiyona bloggerlardan bir nechtasini olib kelish orqali¸ bunga urinib ko‘rishlari mumkin bo‘lsa-da”¸ deb yozdi Imon Karimova o‘z sahifasida.

Joriy hukumatidagilarning korrupsiyaga aloqadorligini ko‘rsatishi iddao qilingan faktlar¸ der ekan Imon Karimova¸ bu hujjatlarning aynan kimlarni fosh qilishini tilga olmagan.

Karimovaning shveysariyalik advokati Toshkentda. Mijoz bilan ko‘rishishga yana ruxsat berilmadi

16 sentabr - Imon Karimovaning bu tahdidi bilan ayni kunda Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Grégoire Mangeat o‘z Twitter sahifasida:

Gulnora Karimova Yashnobod tuman sudidan bugun kechasi noma’lum joyga olib ketildi. O‘zbekistonlik advokatga bu jarayon haqida faqat bugun xabar berilgan. Qizining sud zaliga kirishiga ruxsat berilmadi. Ikki hafta oldin rasman so‘rovnoma yuborganimga qaramay¸ menga ham hech qanday ruxsat berilmadi”¸ deb yozdi.

GregoireMangeat bu suratni Gulnora Karimovaning noma’lum joyga olib ketilayotgani haqidagi tvitiga ilova qilib qo‘ydi.
GregoireMangeat bu suratni Gulnora Karimovaning noma’lum joyga olib ketilayotgani haqidagi tvitiga ilova qilib qo‘ydi.

O‘tgan oy O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida rasmiy bayonot bergan edi.

Bu xabarga munosabat bildirgan Karimova tomoni¸ xususan¸ uning qizi Imon yangi jinoyat ishlarini “siyosiy sirk” deb atagan edi.

Imon Karimova 1 avgust kuni ham Zangiota ayollar qamoqxonasida qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimova ustidan “yana bir nolegal sud rejalashtirilmoqda”, deb yozgan edi.

Bungacha esa Imon Karimova O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bilan olib borilgan maxfiy muzokaralarda hukumat nomidan berilgan va’dalarning amalga oshmaganini iddao qilgan edi.

Bu iddao ortidan Imon Karimova va shveysariyalik advokat Grégoire Mangeat Shveysariya banklaridagi muzlatilgan pullarning qolgan 555 million dollarini qaytarish jarayoni to‘xtatilganini e’lon qilgan edi.

O‘zbekiston tomoni hozircha Karimova tomonining bu bayonotlariga munosabat bildirmadi.

Karimova ustidan mahkama jarayoni boshlangani haqida ham hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Karimova ishi bo‘yicha bergan so‘nggi rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganligi sababli 2019 yil 5 martda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Mart oyida uy qamog‘idan Zangiota koloniyasiga o‘tkazilgan Karimovaga berilgan “jazoning o‘talmay qolgan muddati” qancha ekani¸ unga nisbatan davom etayotgani aytilgan jinoyat ishlarining yopilmagan-yopilmagani haqida Toshkent hukumati hozirgacha sukut saqlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG