Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2019, Тошкент вақти: 01:10

Ichki ishlarning minglab xodimlari “favqulodda holat”da paxta termoqda (VIDEO)


Ichki ishlar tizimi xodimlari bu yilgi paxta terimiga nafaqat jamoat tartibini saqlash¸ balki asosan paxta terish uchun jalb etilmoqda.

Ozodlikka 30 sentabr kuni O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bir-biridan mustaqil holda kelgan xabar¸ surat va videolardan yuzlab IIV xodimining o‘z asosiy ishini qo‘yib¸ paxtakorlikka majburlanayotgani ko‘riladi.

Bunday videolardan birida paxtaga ketishi buyurilgan formali xodimlar o‘z zobitining “hozir favqulodda holat” degan gapiga “Boshliq¸ favqulodda holat bilan bu holatning farqi bor judayam”¸ deb e’tiroz bildiradi.

Shaxsi sir qolishini so‘rab gapirgan ichki ishlar tizimi xodimlaridan ayrimlari Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan IIV xodimlari malakasini oshirish markaziga bir oylik o‘qishga kelganlarning ayni kunlarda Jizzaxda paxta terayotganini bildirsa¸ boshqalari Qashqadaryodagi profilaktika inspektorlariga 24 sentabrdan paxtaga yotarlik safarbarlik e’lon qilinganini aytdi.

IIV matbuot xizmati telefon raqamlariga kun davomida hech kim javob bermagani bois¸ vazirlikdan tizimdagi majburiy mehnatga oid shikoyatlarga munosabat so‘rashning imkoni bo‘lmadi.

Bir oyga malaka oshirishga kelib¸ ikki oylik paxtaga haydalish tahdidi

Ozodlik bilan 30 sentabr kuni gaplashgan IIV xodimlari¸ o‘zlarining turli viloyatlardan Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan markazga malaka oshirishga kelganini bildirdi.

Uch kun oldin yosh xodimlardan 300 tasi Jizzaxga ketdi. Ketganlar yaqinda ishga kirganlar¸ ularni 3 oyga chaqirishgan. Malakani endi paxtazorda oshirishadi. Katta xodimlardan 200 tachamiz¸ biz 1 oyga malaka oshirgani kelganmiz, ketishimizga 10 kun qolganda paxtaga yubormoqchi. Viloyatlardan¸ Qoraqalpog‘istondan o‘qishga deb kelgan odamni¸ to‘g‘ri dalaga haydayapti. Bunga na kiyim-kechagimiz¸ na pulimiz bor. Oilalarimiz kutyapti bizni viloyatlarda”¸ deydi Ozodlikka gapirgan IIV xodimlaridan biri.

Ozodlikka yuborilgan videolardan birida¸ bir oyga o‘qishga kelganlar xodimlarga paxtaga ketish shartligi e’lon qilinganidan keyingi vaziyat aks etgan.

Милиция пахтага чиқишдан норози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:49 0:00

Unda ovozi yaxshi eshitilmagan boshliqning¸ aftidan¸ paxta termini favqulodda holatga qiyoslashiga e’tiroz bildirganlardan biri¸ bu qiyosning noto‘g‘ri ekanini aytishga botinadi.

Ayni paytda¸ xavfsizlini ta’minlash maqsadida Ozodlikka yuzlarini ko‘rsatmasdan videomurojaat yuborgan ichki ishlar tizimi xodimlari¸ o‘zlarining majburiy mehnat qurboniga aylangani va bundan prezidentning xabari yo‘qligiga ishonishlarini aytadi.

Ayni paytda¸ 29 sentabr kuni Olmaliqdagi Ichki ishlar organlari xodimlari malakasini oshirish o‘quv markaziga viloyatlardan kelgan zobitlardan ham ayni shunday murojaat bo‘ldi.

"Biz Toshkent viloyati Olmaliq tuman Ichki ishlar organlari xodimlari malakasini oshirish markazida bir oylik malaka oshirishdamiz. Bizni uyga qaytishimizga 10 kun qolganda majburiy paxta terimiga yubormoqchi. Bormaymiz desak¸ domlalar bo‘shash haqida raportingni yozda¸ keyin ketaver deyapti. Bizda haliyam majburiy mehnat davom etayapti".

(Mazkur o‘quv markazidagi 120 nafar malaka oshirishga kelgan xodim nomidan qilingan bu murojaatga ham surat va hujjatlar ilova qilingan. Ularni yuborganlar xavfsizligini himoya qilish maqsadida Ozodlik ularni e’lon qilmayotir - tahr.)

Respublika bo‘ylab ommaviy safarbarlik?

30 sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan ichki ishlar tizimi xodimlariga ko‘ra¸ o‘tgan haftadan respublika bo‘ylab bu tizim xodimlarini ommaviy ravishda paxtaga chiqarish boshlangan.

IIV tizimining yuqoridagi xodimlaridan mustaqil holda Ozodlikka bog‘langan Qashqadaryo viloyatidagi profilaktika inspektorlari o‘zlarining 24 sentabrdan beri Mirishkor tumanida yotib paxta terayotganini bildirdi.

Biz - Shahrisabz tuman IIB xodimlarini majburiy Mirishkor tumaniga paxta terimiga jo‘natishgan. Profilaktika inspektorlarining xizmat hududidan boshqa tadbirlarga mutlaqo jalb kilinmasligi to‘g‘risida prezidentimizning qaror va farmonlari borku! Hozir qanaqa tadbir bo‘lsa¸ birinchi navbatda¸ Shahrisabz tumani IIB profilaktika inspektorlari va boshqa xodimlari majburiy jalb qilinadi Biz 24 sentabrdan beri yotib paxta terayapmiz. Qachon qaytarishi noma’lum. Rahbarlarning barchasi ishni talab qiladi. Lekin birorta rahbar barcha tadbirlarga majburiy jalb etilganimizni hech qanday inobatga olishmaydi".

Ozodlik 30 sentabr kuni gaplashgan ichki ishlar tizimi xodimlari¸ asosiy funksiyasi jamoat tartibini saqlash bo‘lgan bu organning minglab xodimlarini professional faoliyatiga aloqasi yo‘q ishlarga majburlash davlat va jamoat xavfsizligi vaziyatida salbiy aks etishidan ogohlantiradi.

O‘zlarining ham hokimiyat¸ ham jamoatchilik ko‘z o‘ngida "yomonotliqqa" chiqarilganidan ruhi tushib borayotganini aytgan bu tizim xodimlari¸ ishdan ketishdan boshqa choralari qolmayotganini ta’kidladi.

Ozodlik 30 sentabr kungi telefon suhbatlarida bildirilgan e’tirozlar¸ qolaversa¸ videolardagi manzaraga izoh olish maqsadida IIV matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qilid. Ammo kun davomida qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan oy o‘zi raislik qilgan majlislardan birida bu yilgi paxta terimiga byudjet tashkilotlari xodimlarining umuman jalb qilinmasligi haqida topshiriq bergan edi.

Joriy oy O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi esa¸ mamlakatda hech kimning o‘z xohishiga qarshi paxtaga majburlanmasligini e’lon qilgan va bunday holatlarda murojaat qilish uchun o‘z telefon raqamlarini taqdim etgan edi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ nafaqat IIV¸ balki boshqa harbiy va harbiylashgan tizim xodimlari ayni kunlarda paxtaga ketish yoki o‘z ishidan ayrilish tanlovi oldida qolgan.

Paxtaga ketishga majburlanayotgan bu tizim xodimlari¸ qolaversa¸ harbiylashgan oliy o‘quv yurti talabalari paxta ko‘ngilli ravishda chiqish so‘ralgan tilxatlarga qo‘l qo‘tishga majbur qolayotganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG